«Imlo lug‘ati» bilan ishlash. «Imlo lug‘ati» o‘quvchi ko‘p murojaat qiladigan lug‘atlardan biridir. Deyarli barcha til bo‘limlarini o‘rganishda «Imlo lug‘ati»dan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Masalan, «Fonetika» bo‘limini o‘rganishda ma’lum bir tovush ishtirok etgan so‘zlar topish: u–o‘,i –u, a –i kabi tovush juftlari bilan farqlanuvchi so‘zlar tanlash, ma’lum bir tovushlar tushib qolgan yoki shu tovushlar bilan tutagan so‘zlar ro‘yxatini tuzishda o‘quvchi «Imlo lug‘ati»ga murojaat etadi.
O‘quvchilar «Imlo lug‘ati» bilan ishlash malakalariga ham ega bo‘lishlari lozim. O‘quvchilar «Imlo lug‘ati» bilan ta’minlangan bo‘lsa, undan foydalanish imkoniyatlari kengayadi.
Qomusiy va izohli lug‘atlar bilan ishlash. Qomus fanning hamma sohalarini o‘z ichiga olgan yoki biror soha bo‘yicha keng, to‘liq ma’lumot beradigan lug‘at tarzidagi ilmiy to‘plamdir. O‘quvchi juda ko‘p savollarga undan javob topadi. Qomus o‘quvchilarning so‘z xazinasini yangi tushunchalar bilan boyitishda, bu tushunchalarni ularning nutqiy faoliyatiga ko‘chirishda katta vazifa bajaradi.
Ona tili mashg‘ulotlarida maktab o‘quvchilari uchun ixtisoslashtirilgan «U kim –bu nima?» (ikki tomli) qomusidan unumli foydalansa bo‘ladi. O‘quvchilar ushbu qomusdan foydalanib, ma’lum bir sohaga oid tushunchalar ro‘yxatini tuzishlari, bu tushunchalarning ma’nosini aniqlashlari, tushuncha va so‘z orasidagi farqni bilib olishlari mumkin.
So‘zlarning ma’nolari faqat izohli lug‘atlarda sharhlanadi. O‘quvchilar izohli lug‘atdan ko‘p ma’noli so‘zlarning ma’nosini bilib oladilar, berilgan so‘zga ma’nodosh, uyadosh, qarama-qarshi ma’noli va zid ma’noli so‘zlar topadilar. O‘quvchilar bu lug‘atlarda ham so‘zlar alifbo tartibida joylashganini, otlar birlik sonning bosh kelishigi shaklida, sifatlar oddiy daraja shaklida, fe’llar - moq qo‘shimchasi bilan berilishini bilishlari zarur.
«Sinonim (ma’nodosh) so‘zlarning izohli lug‘ati» ustida ishlash. Ma’nodosh so‘zlar ma’nolari bir-biriga yaqin so‘zlar sirasidir. Chunonchi, yuz, bet, aft, bashara, chehra, jamol, diydor, oraz, uzor, ruxsor kabi so‘zlar qatori shunday siralardandir.
Ma’nodosh so‘zlar qatorida bitta so‘z, albatta, umumiy ma’noli, keng iste’molli so‘z bo‘ladi. Yuqoridagi siralarda yuz shunday so‘z sanaladi. Bunday so‘z ma’nodosh so‘zlar qatorining bosh, yetakchi yoki asosiy so‘zi sanaladi. Ma’nodosh so‘zlar qatoridagi boshqa so‘zlarning ma’nosi bosh so‘z ma’nosiga nisbatan sharhlanadi.
Ma’nodosh so‘zlar qatori lug‘atda bosh so‘z atrofida berilishi kerak va har bir ma’nodoshning ma’nosi qisqacha izohlanishi lozim. Chunonchi, yuz so‘zining ma’nodoshlari uyasi taxminan quyidagicha ko‘rinishga ega bo‘ladi:
bu so‘zlar sirasi lotin grafikasidagi yu harfi bobida berilishi lozim. Chunki qatorning bosh so‘zi yuz yu harfi bilan boshlanadi;
qatordan keyin ma’nodosh so‘zlarning umumiy ma’nosi tavsiflanadi. Chunonchi, yuz-bosh old qismining umumiy ko‘rinishi. Bet, aft, bashara, angor, turq so‘zlarida salbiy munosabat bo‘yog‘i oshib boradi. Masalan, Mastning betiga qaragim kelmaydi. Mastning aftiga qarab bo‘lmas edi.
Chehra–jamol–diydor so‘zlarida ijobiy munosabat darajalanadi. Masalan, Uning quvnoq chehrasidan xursandligi bilinib turardi. Do‘st jamoli tunni ham yoritadi kabi .
Shunday qilib, lug‘at bilan ishlash ona tili mashg‘ulotlarining tarkibiy qismiga aylanmog‘i shart. Agar o‘quvchilar qo‘lida lug‘at bo‘lmasa, biz ularni shunday lug‘atlar tuzishga o‘rgatishimiz, qiziqtirishimiz zarur.
Jamiyatimizning hozirgi taraqqiyot bosqichida ta’lim vositalari tobora ko‘paymoqda. Fan va texnikaning tez sur’atlar bilan rivojlanishi natijasida EHM, lingafon texnikasi, o‘quv filmlaridan foydalanishga ko‘proq zaruriyat sezilmoqda.
O‘qituvchi shuni unutmasligi lozimki, u ta’limning turli vositalariga murojaat etsa, mashg‘ulotlarning samaradorligi shuncha ortadi; ona tili materiallarining puxta va ongli o‘zlashtirilishini ta’minlash, nutqiy malakalarni takomillashtirish imkoniyatlari kengayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |