Lug‘atlar–ona tili ta’limining muhim vositasi. Maktab ona tili ta’limining konseptual asoslarida uning zaruriy vositasi ikkita ekanligi ta’kidlanadi: darslik va lug‘atlar. O‘quvchilarning ijodiy tafakkurini va nutqini o‘stirishning zaruriy omillaridan biri lug‘atlar ustida ishlashdir. Lug‘atlar o‘quvchilarning ijodiy tafakkuri, mustaqil fikrlash darajasi, ijodiy fikr mahsulini og‘zaki va yozma shakllarda ravon bayon etishga olib keladigan behad qimmatli va boy so‘z zaxirasini vujudga keltiradi.
Ona tili mashg‘ulotlarini lug‘atlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ona tili mashg‘ulotlarida lug‘atlardan keng foydalaniladi.
Lug‘at bilim manbai va o‘qitish vositasidir. So‘z ma’nosini sharhlash, ma’lum bir so‘zning imlosini bilib olish, yo‘l qo‘yilgan imloviy xatoni bartaraf etish, so‘z guruhlarini mustaqil davom ettirish, berilgan so‘zga ma’nodosh, uyadosh, qo‘shimchadosh so‘zlar tanlash singari ijodiy-amaliy topshiriqlarni bajarishda lug‘atlardan keng foydalaniladi. Ehtiyoj tutilganda o‘quvchining birinchi maslahatchisi lug‘atdir.
Кeyingi yillarda o‘zbek lug‘atchiligi katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Ayniqsa, 12 tomli «O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi» (Toshkent, «O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, 2004.), 5 tomli «O‘zbek tilining izohli lug‘ati» (Toshkent, «O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti, 2007), «Imlo lug‘ati» (Toshkent, «O‘qituvchi»,1995), «O‘zbek tilining kirill va lotin alifbolaridagi imlo lug‘ati»(Tuzuvchilar:T.Tog‘ayev, G. Tavaldiyeva, M. Akromova. Toshkent, «Sharq», 2004.), «O‘zbek tili morfem lug‘ati» (A. G‘ulomov va boshqalar.Toshkent, «O‘qituvchi»,1977), «O‘zbek tilining frazeologik lug‘ati» (Sh.Rahmatullayev. Toshkent, «Qomuslar» Bosh tahririyati,1992.), «O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati» (A.Hojiyev. Toshkent, «O‘qituvchi»,1974), «O‘zbek tili omonimlarining izohli lug‘ati» (Sh.Rahmatullayev. Toshkent, «O‘qituvchi» 1984), «O‘zbek tilining paremiologik lug‘ati» (H. Berdiyorov, R. Rasulov. Toshkent, «O‘qituvchi», 1984), «O‘zbek tili antonimlarining izohli lug‘ati» (Sh.Rahmatullayev. Toshkent, «O‘qituvchi»,1980), «Paronim so‘zlar lug‘ati» (Z.Ma’rupov. Toshkent, «O‘qituvchi»,1971), «Geografik nomlar lug‘ati» (S.Qorayev. Toshkent, «O‘zbekiston»,1978), «O‘zbek tili etnografizmlarining izohli lug‘ati» (N.Mirzayev. Toshkent, «Fan», 1991), «O‘zbek tilining etimologik lug‘ati»(III) (Sh.Rahmatullayev. Toshkent, «Universitet» 2009), «O‘zbek tilining imlo lug‘ati» (Sh.Rahmatullayev, A.Hojiyev. Toshkent, «O‘qituvchi», 2011), shuningdek, joy nomlari lug‘ati, turli sohaga oid atamalarning izohli lug‘atlari (masalan, paxtachilik atamalarining izohli lug‘ati, matematik atamalarning izohli lug‘ati, savdo-sotiqqa oid atamalarning izohli lug‘ati kabi)ning chop etilganligi o‘zbek lug‘atchiligining taraqqiyotidan dalolat beradi. Ammo bu lug‘atlarning ko‘pchiligi akademik lug‘atlar bo‘lib, maktabda ulardan foydalanish ancha qiyinchilik tug‘diradi. Shuning uchun bugungi kunda maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan va ular uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv lug‘atlari yaratildi va yaratilmoqda. Bunday lug‘atlar qatoriga «O‘zbek tilining so‘z tarkibi o‘quv lug‘ati» (B.Mengliyev, B.Bahriddinova. Toshkent, 2006), «O‘zbek tilining ma’nodosh so‘zlar o‘quv lug‘ati»(O.Shukurov, B.Boymatova. Toshkent, 2006), «O‘zbek tili iboralari o‘quv lug‘ati» (B.Mengliyev, M.Xudoyberdiyeva. Toshkent, 2009), «O‘zbek tilining so‘zlar darajalanishi o‘quv lug‘ati»(I. Islomov, Sh.Bobojonov. Toshkent, 2006), «O‘zbek tilining zid ma’noli so‘zlar o‘quv lug‘ati» (U.To‘rayeva, D.Shodmonova. Toshkent, 2006), «Qo‘shib yoziladimi, ajratib» (T.Jumayev, T.Valiyev. Toshkent, 2006), «O‘zbek tilining shakldosh so‘zlar o‘quv lug‘ati» (X.Suvonova. Toshkent, 2006), «O‘zbek tilining o‘zlashma so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati» (Yo.Hamrayeva. Toshkent, 2006), «O‘zbek tilining eskirgan so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati» (X. Norxo‘jayeva. Toshkent, 2006), «O‘zbek tilining so‘z yasalishi o‘quv lug‘ati» (B.Mengliyev, B. Bahriddinova, O‘. Xoliyorov. Toshkent, 2008), «O‘zbek tilining o‘quv toponimik lug‘ati» (T.Nafasov, V.Nafasova. Toshkent, 2007), «O‘zbek tilining talaffuzdosh so‘zlar o‘quv izohli lug‘ati» (T.Nafasov, V.Nafasova. Toshkent, 2007), «Ona tili. Qomus» (B.Mengliyev, O‘.Xoliyorov. Toshkent, 2010).
Lug‘atlardan tez va o‘rinli foydalanish uchun o‘quvchi zarur malakalarga ega bo‘lishi lozim. Ana shu malakalardan eng muhimi alifbo tartibini puxta bilishdir. Alifboni yoddan bilmagan o‘quvchi lug‘atdan zarur so‘zni tez topa olmaydi. Shuning uchun o‘quvchilarning alifbo tartibini yaxshi bilishlariga erishish lozim. O‘quvchi qanday sharoitda qaysi lug‘atdan foydalanish kerakligini ham bilishi lozim.
O‘quvchi yoshlarning mustaqil fikrlash faoliyatlari nutqiy (yozma, og‘zaki) jarayonda so‘zlar orqali namoyon bo‘ladi. O‘quvchi so‘z boyligining holati so‘zlarni o‘rnida qo‘llash masalasi kabi muhim omillar fikr va nutq birligini ta’minlaydi. Ona tili darslarida o‘quvchining mustaqil fikrlash malakalarini hosil qilish maqsadida, eng avvalo, ularning lug‘at boyligiga e’tiborni qaratish lozim. O‘quvchining so‘z boyligi uning o‘qigan badiiy asarlari, turli ilmiy-ommabop adabiyotlar, darsliklar, ommaviy axborot vositalari, to‘plangan ma’lumotlari orqali belgilanadi. So‘z boyligi yillar davomida ongli va ongsiz tarzda to‘planadi. Ona tili darslarida o‘quvchi xotirasida to‘plangan so‘zlardan to‘g‘ri foydalanish, ularni talaffuz qilish, xatosiz yozish bo‘yicha metodik tavsiyalar beriladi. Nutqni rivojlantirish bilan birga bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biri savodxonlik–imloviy xatolarni kamaytirishga ham erishish mumkin.
Agar «Imlo lug‘ati» va boshqa lug‘atlar bilan ishlash shu tarzda yo‘lga qo‘yilsa, biz ona tili ta’limidagi uzluksizlikning bir jihatini ta’minlashga erishamiz. «Ona tili ta’limidan asosiy maqsad «o‘quvchilarda tilning ichki imkoniyatlaridan, uning tasviriy vositalaridan nutq jarayonida samarali va o‘rinli foydalanish ko‘nikmalarini, fikrni turli yo‘sin va shakllarda ifodalay olish malakalarini hosil qilishdan iborat ekan, bunga erishishni boy va barkamol so‘z xazinasisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shuning uchun so‘z boyligi omili davlat standartida muhim o‘rin egallashi lozim»,–deya mutaxassis olimlar o‘quvchilarining so‘z boyligini oshirishda lug‘atlar bilan ishlash omilining muhimligini bayon qiladilar.3
O‘quvchilarni lug‘atlar bilan ishlashga o‘rgatishni ko‘p hollarda 5-sinfdan boshlash lozimligi ta’kidlanadi. Bizningcha esa, lug‘at bilan ishlashga o‘rgatishni tizimiy bir shaklda boshlang‘ich ta’limdayoq boshlash maqsadga muvofiqdir. Bu davrda lug‘atlardagi umumiste’molda eng ko‘p qo‘llanuvchi, talaffuzi qiyin so‘zlarga e’tibor qaratgan ma’qul. Umuman olganda, o‘quvchilarning lug‘at ustida ishlashi, lug‘atlar darsliklarning ajralmas qismiga aylanishi, lug‘atlar umumta’lim maktablaridagi har bir dars, mashg‘ulotlarning tarkibiy qismi bo‘lib qolishi lozim. Buning uchun, avvalo, har bir fan o‘qituvchisi o‘z sohasi doirasida lug‘at daftari yuritishni tashkil qilishi juda muhimdir. Buning boshqa bir jihati ham borki, bunda o‘quvchi o‘z lug‘at zaxirasiga ega bo‘lib boradi. So‘zlarni yozib borish o‘quvchilariing lug‘at boyligini kupaytirish bilan birga, savodxonligini ham oshiradi.
O‘quvchi o‘zi o‘qiyotgan fanlar, ularning sohalari bo‘yicha ko‘plab atamalarni yaxshi ajratib berolmaydi, ularning ma’nolarini aniq bilmaydi. O‘qituvchi maktabda lug‘at bilan ishlashni, birinchi navbatda, o‘quvchiga lug‘at tuzdirishdan boshlasa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Dars jarayonida matn o‘qilganda, darslikda biror izoh talab qilinadigan so‘z bo‘lsa, uni muntazam ravishda lug‘atga kiritish an’anaga aylantirilsa, bu, albatta, yaxshi natija beradi. Masalan, matnda maqom so‘zi uchrab qoldi. Agar o‘quvchi uning matndagi ma’nosini bilmasa, bu matnni to‘g‘ri anglamaydi. Shunga ko‘ra, bu so‘zni darhol izohlab, lug‘at daftariga yozdirib qo‘yish lozim. Maqom. 1) joy, o‘rin, turar joy; 2) daraja, bosqich; 3) musiqada asosiy kuy, ohang. O‘quvchi ana shu so‘zning ma’nolarini yaxshi anglasagina, «Ularning oilasi shu maqomda yashaydi» jumlasi mazmunini to‘g‘ri anglashi mumkin. Ya’ni «Ularning oilasi shu joyda yashaydi» deb anglashga imkoniyat yaratilgan bo‘ladi. Maqom so‘zi «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da quyidagicha izohlanadi: 1. Musiqiy ohang, kuy. 2. Tartib, o‘lchov. 3. O‘yinda usulga, ritmga mos qo‘l, oyoq harakati. 4. Xatti-harakat, usul. 5. O‘rin, joy (kam qo‘llaniladi). 6. Martaba, mavqe (kam qo‘llaniladi).
Darslikda ilova qilingan lug‘atlardan foydalangan holda, avvalo, har bir o‘qituvchi o‘zi uchun metodik qo‘llanma shaklidagi lug‘atlar to‘plamini yaratishi kerak. So‘ng dars davomida o‘quvchilar tomonidan yuritiladigan «Lug‘at daftari»ga kerakli so‘zlar yozib borilsa, ular darslikda berilgan mashklarni, vazifa va topshiriqlarni bajarish uchun tayanch material bo‘ladi. Lug‘at daftaridagi so‘zlarni ko‘paytirish maqsadida guruhlararo, sinflararo tashkil qilingan musobaqalar o‘quvchilarni mustaqil ishlashga, kutubxonalardan foydalanishga o‘rgatadi, kitobga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytiradi.
Lug‘atlar turli - tuman bo‘lgani kabi ular bilan ishlash usullari ham xilma- xildir. Quyida bu lug‘atlardan foydalanish tartibi xususida to‘xtalishga harakat qilamiz:
Do'stlaringiz bilan baham: |