Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining “Ona tili" darsliklarining tuzilishi va mazmuni. Maktabda ona tili o‘qitishning asosiy mazmun-mohiyati hozirgi kun ta’limi maqsadlariga monand tuzilgan Davlat ta’lim standarti, dastur va darsliklarning quyidagi nazariy-amaliy asoslari bilan belgilab berilgan:
I. Ona tili – milliy ma’naviyat va mafkura, milliy ruh, madaniyat va qadriyatlarning ulkan xazinasi.
II. Ona tili – millat tafakkurini shakllantiruvchi, rivojlantiruvchi va ifodalovchi eng asosiy vosita.
III. Ona tilini o‘qitishdan maqsad, ta’lim oluvchilarda mustaqil ijodiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, ijodiy fikr mahsulini nutq vaziyatiga mos ravishda to‘g‘ri va ravon bayon qilish ko‘nikmalarini shakllantirishdir.
IV. Mashg‘ulotlarda ona tili imkoniyatlaridan unumli foydalanish, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishning nazariy bilimlarni o‘zlashtirishga nisbatan ustuvorligi ta’minlanadi.
V. Darsliklarda o‘quv materiallari o‘quvchilarning har bir sinfda o‘rganadigan boshqa o‘quv fanlari va ulardan o‘zlashtirishlari lozim bo‘lgan amaliy ko‘nikmalar bilan uzviy bog‘liqlikda beriladi.
VI. Ona tili darsligidagi har bir topshiriq o‘quvchi tomonidan mustaqil bajarilishiga moslab tuziladi.
VII. Darslik materiallari o‘quvchilarda tafakkurni va nutqni rivojlantirishning asosiy omillariga: 1) lug‘at boyligini oshirishga; 2) so‘z boyligidan ijodiy matn yaratish jarayonida foydalanishga; 3) mustaqil fikr ifodasining maqsad va nutq vaziyatiga muvofiqligini tanlashga; 4) aniq, ilmiy va obrazli (ramziy) nutq ko‘nikmalarini shakllantirishga moslab tuziladi va beriladi.
VIII. Ona tiliga oid bilimlarni berishda tilning ko‘p sathli, cheksiz imkoniyatli, murakkab tizim sifatidagi talqiniga tayaniladi. Shuning uchun ona tili kursi ona tili qurilishining eng asosiy birliklari va hodisalari bilan tanishtiruvchi «Muqaddima» va «Izchil kurs» kabi ikki qismdan iboratdir.
«Izchil kurs»da tilning turli grammatik hodisalarini, turli sath birliklarini o‘zaro aloqadorlikda berish tilimizda aynan bir fikrni turli usullar bilan ifodalash imkoniyatlari borligini, har bir imkoniyatning o‘ziga xosligini o‘quvchilarga singdirishda «Muqaddima»ning ahamiyati katta.
IX. Darsliklarning didaktik asosi: o‘quvchiga ta’lim jarayonining faol ishtirokchisi; o‘qituvchiga o‘quvchining o‘rganish faoliyatining boshqaruvchisi; darslikka (o‘quv topshiriqlariga) o‘quvchi va o‘qituvchi faoliyatlarini o‘zaro bog‘lovchi vosita sifatida yondashishdan iboratdir.
X. O‘quvchining ta’lim jarayonida faol ishtirokchi ekanligi uning darslik topshiriqlarini mustaqil bajarishida o‘z aksini topadi.
XI. Fikrni bayon etish, ijodiy matn tuzish, matn ustida ish ona tili mashg‘ulotlarida alohida mavqega ega bo‘lganligi sababli, VIII sinfda «Ijodiy matn ustida ish» mavzusini o‘rganish ko‘zda tutilgan.
XII. O‘quvchilarning ona tili ta’limi asosida sinfma - sinf olgan amaliy ko‘nikmalari va bilimlari ona tilidan Davlat ta’lim standarti talablari bilan baholanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |