Gap va matn ustida ishlash orqali. Fonetikani o‘qitishda tilning tovush tizimi ustida ishlash o‘quvchilarning gap qurish va matn yaratish ko‘nikmalari ustida ishlash bilan qo‘shilsagina mazkur bo‘limni o‘qitishning samaradorligi yuqori bo‘ladi.
Mazkur bo‘limni o‘rganishda o‘quvchilar berilgan yoki hosil qilingan so‘zlar yordamida gaplar tuzishlari, muayyan uyadagi so‘zlar ishtirokida matn yaratishlari, matnning mazmunini saqlagan holda shaklini o‘zgartirishlari mumkin. Chunonchi, bir tovush bilan farq-lanuvchi tib–tip, bob–bop, sarv–sarf, bot–bod singari so‘zlar yorda-mida gaplar tuzish (masalan, Rahima bugun kitobning birinchi bobini o‘qib tugatdi–Bu ko‘ylak Rahimaga bop qilib tikilgan ekan), bu so‘zlarga ma’nodosh va uyadoshlar tanlash (masalan, bob–bo‘lim–qism, bop–mos–yarashiqli; tib–hakim–tabib–vrach–medik–shifokor, tip–qahramon–shaxs–personaj–obraz va h.k.) kabi ish usullaridan foydalansa bo‘ladi. Maktab ona tili kursining boshqa bo‘limlari singari «Fonetika»ni o‘qitishda ham matn ustida ishlash va matn yaratish malakalarini takomillashtirish asosiy vazifalardan biri sanaladi. Darslikda mazkur bo‘lim bilan bog‘liq juda ko‘p ma’rifiy matnlar berilgan bo‘lib, o‘quvchilar bu matnlar ustida ishlash orqali ham talaffuz va imlo me’yorlarini puxtaroq bilib olish, ham matn yaratish malakalarini takomillashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ana shu maqsadda o‘qituvchi matn mazmuni asosida so‘roq gaplar tuzish, matnga reja tuzish, matn mazmuni asosida savol-javob o‘tkazish, matn oxirida berilgan savollarga javob topish singari topshiriqlardan foydalanishi mumkin.
Ayniqsa, matn yaratish o‘qituvchining diqqat markazida turishi lozim. O‘quvchilarga «Nutq nima?», «Nutq tovushlari qanday hosil bo‘ladi?», «Qanday holatlarda bo‘g‘in qatordan qatorga ko‘chiril-maydi?» singari mavzularda ma’rifiy matnlar tuzish yoki o‘rganilgan fonetik hodisalarni nutqda qo‘llab rasm asosida hikoya, turli mavzularda tasviriy, rivoya va muhokama matnlar yaratishni topshirsa bo‘ladi.
O‘zbek tilining tovush sistemasini o‘rganishda ona tili o‘qituv-chisi oldida turgan muhim vazifalarning biri o‘quvchilarning so‘z boyligini muttasil oshirib borishdir. Modomiki shunday ekan, fonetikadan tashkil etiladigan o‘yinlar, avvalo, o‘quvchilarda so‘z ehtiyojini yuzaga keltirishi, so‘zga chanqoqlik hissini tarbiyalashi zarur. Ana shu maqsadda tovushdosh so‘zlar topishni talab etadigan o‘yinlar ancha samarali natijalar beradi. Tovushdosh so‘zlar bir-biridan atigi bitta tovush bilan farqlanuvchi so‘zlar bo‘lib, o‘quvchi ayni bir tovushni o‘zgartirish orqali yangi so‘zlar hosil qiladi va ularning ma’nolari ustida ishlaydi.
Masalan:
1) bir – ber – bur – bor – bur – bar;
2) bir – dir – kir – mir – tir – sir – pir – qir;
3) dor – bor – zor – kor – nor – tor – xor – qor
kabi so‘zlar tovushdosh bo‘lib, ular bitta tovush bilan farqlana-yotgan so‘zlardir. Unli va undosh tovushlar ustida ishlayotganda «Tovushdosh so‘zlar top», «Berilgan kataklarni tez to‘ldir», «Tovush juftlari bilan farqlanuvchi so‘zlar ro‘yxatini davom ettir» kabi o‘yinlardan foydalanish mumkin. Tilga olinayotgan topshiriqlarning musobaqa tarzida tashkil etilishi uni qiziqarli o‘yinga aylantiradi va g‘oliblarni aniqlab, ularni rag‘batlantirish imkoniyatlarini yuzaga keltiradi.
Quyida ana shu o‘yinlardan namunalar keltiramiz:
Do'stlaringiz bilan baham: |