III BOB: “XAMSA”NING G`OYAVIY MOHIYATINI O`RGANISH:
1.
“XAMSA”DA QANOAT TUSHUNCHASI
O`zbek mumtoz adabiyoti ayrim tushunchalar, obrazlar, timsollarning
ko`p ma’noligi bilan xarakterlanadi. Bu narsa zohiriy va botiniy ma’no, haqiqiy
va majoziy ma’no, ilohiy va dunyoviy, birlamchi va tagma’no kabi ko`pgina
atamalar bilan nomlanadi. Ishq, fano, baqo, faqr, ilm, ko`ngil, so`z, odob, may,
vafo, sabr, qanoat, dunyo, iymon, nafs, nodonlik, jaholat, tama kabilarning
mohiyatini ham shu tarzda sharhlash mumkin.
Navoiygacha bo`lgan adabiyotimizda ham, ayniqsa, Navoiy asarlarida
qanoat xususida anchagina mulohazalar yuritilgan. Shoir she’riyatida, “Hayrat
ul-abror”, “Mahbubul-qulub”, “Tarixi anbiyo va hukamo” kabi asarlarida bu
boradagi mushohadalar bayon qilingan.
Qanoat nima? Uning hayotiy, tasavvufiy mohiyati nimalardan iborat? Bu
savollarning o`ziga xos javobi bor. “O`zbek tilining izohli lug`ati”da qanoat
so`zining ma’nolari izohlangan. Unda ko`proq bu so`z tilga olinganda nimani
anglashimiz, xayolimizda ilk uyg`onadigan tasavvur o`z ifodasini topgan.
“Qanoat” tushunchasining hayotiy, hamma ham tushunaveradigan mazmuni
keltirilgan:
“Qanoat (a) 1. Ozga yoki borga ko`nish, bori bilan kifoyalanish, nafsi
tiyiqlik bilan ko`pga, ortiqchalikka intilmaslik.
135
2. Mamnunlik, xursandlik, mamnuniyat, qoniqish.
3. Ishonch, ishonish”. (O`zTIL. 2-tom. 550-bet).
Ba’zan boriga ko`nikmay, o`zini o`tga-cho`g`ga urib, yaxshi-yomon, harom
– harishdan or qilmay yana ham ko`proq narsa ilinjida talpinish qanoatsizlik.
“Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug`ati”da esa shunday qaydlar
uchraydi: “Qanoat -1. qanoat: boriga sabr qilish, chidash, bardosh berish.
2. tamasizlik.
3. befoyda urinmaslik”. (IV tom. T., 1985. 30-bet).
Ushbu izohlarda qanoatning tasavvufiy mohiyatiga daxldor bir fikr
keltirilgan. Bu – tamasizlik. Navoiy ijodida qanoatning zidi, qarama-qarshisi
sifatida asosan tama, tamagirlik qo`llanilgan. Qanoat – boriga ko`nish, shukr
qilish. Ba’zan “Sabr-qanoat tilayman” degan jumlani eshitib qolamiz. Men bu
tarzdagi ma’noni unchalik ham to`g`ri deb o`ylamayman. Inson g`amga,
musibatga, qiyinchiliklarga sabr qilishi mumkin. Ammo unga qanoat
qilinmaydi. Azobga qanoat emas, chidam kerak. Oz narsaga, bir parcha nonga,
yetishmovchilik bo`lsa-da, sog`-salomat yashashga qanoat qilish mumkin. Shu
sabab ham “sabr qanoat” emas, “sabr-toqat” tarzida jumla ishlatish to`g`riroq
bo`lardi. Qanoatning ma’nodoshi – shukr qilmoq, tamasizlik; sabr esa toqat,
chidam bilan aloqador.
Mumtoz shoirlarimiz asarlarida qanoatning tasavvufiy mazmuni birinchi
o`rinda turadi. Husayn Voiz Koshifiyning “Futuvvatnomai sultoniy” asarida
tasavvufning ko`pgina istilohlari sharhlangan. Unda futuvvat (yigitlik, mardlik,
olijanoblik, saxovat, jo`mardlik; ayni paytda tariqatning bir bo`lagi hisoblanib,
omma orasida yaxshi sifatlar va namunali axloq bilan mashhur bo`lish
tushuniladi) ning oltita zohiriy va oltita botiniy rukni (ustuni) borligi
ta’kidlanadi. Oltita botiniy ruknning uchinchisi qanoat (10-bet). Ayni paytda
tariqatning kichik va katta abjadlari (hisoblari) borligi aytilib, katta abjad 29 ta
so`zdan iborat ekanligi ta’kidlanadi: “Yigirma birinchi – qanoatni o`z hayotining
asosi va faoliyatining poydevori deb bilish”. (16-bet)
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg`u -bilig” asarini o`quvchilarimiz yaxshi
bilishadi. Asarda to`rt majoziy obrazlar mavjud:
Biri to`g`rilikka tayanch – Adolat,
Biri Davlat erur, u qutli g`oyat.
Uchinchi – ulug`lik AQL ham ZAKO,
To`rtinchi – qanoat erur bebaho.
1
1
Yusuf Xos Hojib. “Qutadg`u – bilig”. T., 1990. 9-bet.
136
Demak, Adolat, Davlat, Aql, Qanoat timsollari, ular bilan bog`liq savol-
javob, mulohazalar asarning asosini tashkil etadi. Kuntug`di, Oyto`ldi,
O`gdulmish, O`zg`urmish timsollari asosida bu masalalar bayon qilinadi.
O`zg`urmish (Uyg`ongan) – qanoat timsoli. U o`zini odamlardan chetga
tortgan, dunyo ishlariga aralashmay, tog`u g`orlarda makon tutgan zot. O`z aql-u
zakovati, dunyo va inson haqidagi donishmandona fikrlari, ofiyati – qanoati,
boriga shukr qilishi bilan hukmdor nazariga tushgan zohid.
Biz bu asarda qanoatning tasavvufiy mazmuni asosiy o`rin tutishini
sezamiz.
Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asarining “Hukamo zikri” qismida
Luqmoni hakim haqida ma’lumot keltirilgan. Navoiy bu ulug` zot xususida
ushbu asarning payg`ambarlar qismida ham, hukamo-hakimlar- donishmandlar
qismida ham mulohaza yuritgan. Shoir Luqmoni hakimga taalluqli hikmatli
fikrlar, u kishi tomonidan aytilgan donishmandona o`gitlarni bayon etadi.
Navoiy yozadi: “Ul (Luqmon) debdurki, barcha yukni tortim, burchdin og`irroq
yuk ko`rmadik va barcha lazzatni tottim, ofiyatdin chuchukroq sharbat
totmadim...” (MAT. 16-tom. 190-191-betlar). Luqmoni hakim ta’kidicha, inson
uchun eng og`ir, mashaqqatli yuk-burch, Olloh, el, yurt oldidagi burchni
bajarish. Dunyoda lazzat, totli narsalar ko`p. Lekin eng shirini-ofiyat-qanoat.
Demak, donishmand Luqmon xulosasiga ko`ra, odamzot uchun barcha
sharbatlarning eng mazalisi, foydasi ko`pi boriga shukr qilish, Olloh berganiga
qanoat qilish. Bu ham ko`pchilik amal qilsa arzirli hikmat.
Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asari o`ziga xos odob-axloq darsligi.
Uning inson kamoloti, shaxs tarbiyasidagi o`rni beqiyos. Mazkur asarning
ikkinchi qismi (o`zi uch qism) “Hamida af’ol va zamima xisol xosiyatida” deb
nomlanadi. Bu “Yaxshi fe’llar va yomon xislatlar xosiyati” degani. O`n fasldan
iborat bu qismda tavba, zikr, zuhd, sabr, rizo, ishq kabi masalalar qatori qanoat
haqida ham mulohazalar yuritilgan. Yuqorida tilga olingan atamalar ham bu
qismda asosiy e’tibor tasavvufiy mazmunga qaratilganini ko`rsatadi.
“Qanoat– qismatdan rozi bo`lish, nafsdan voqiflikdir. Ozga qone’lik
qanoatdir”
1
.
Navoiy asarning “Qanoat zikrida” deb nomlanuvchi to`rtinchi bobida bu
mavzuga
doir
mulohazalarini
bildiradi.
Shoir
nazarida,
qanoat-
“chashmayedurkim, suvi olmoq bila qurumas va maxzanedurkim, naqdi sepmoq
bila o`ksumas”. Ya’ni qanoat suvi tugamas buloq, sarf qilgan bilan
tugamaydigan xazina. Qanoat – manzili xursandlik, ammo qiyin va mashaqqatli
yo`l. Qanoat –javhar. Kishilarning eng yuksagi – qanoatlisi: “Emasdur kishi
turfa andoqki, qone’”.
1
“Mahbubul-qulub”. MAT. 14-tom. T., 1998. 286-bet.
137
Biz yuqorida qanoatning zidi tama ekanligini ta’kidlagan edik. Shoir ushbu
o`rinda ham shu nuqtai nazarini ilgari suradi. Qanoatli faqrning yovg`on umochi
olg`ir-tamagir boyning novvot-u halvosidin mazaliroq. Qanoatda qanchalik
osoyishtalik bo`lsa, tamada shuncha razolat, uqubat bor.
Kimki qanoatli bo`lsa, uning el-yurt ichida obro`-e’tibori bo`ladi. Aksincha,
kimki tama-yu hirsga ruju qo`ygan bo`lsa, yaxshi-yomon ichida xoru nahs
ko`rinadi:
Har kimki, qanoat tarofi nisbati bor,
Barcha el aro tavozeu izzati bor,
Ulkim tamau hirs bila ulfati bor,
Yaxshi - yomon ichra zillatu nakbati bor.
(“Mahbub ul-qulub”. 55-bet)
“Hayrat ul-abror” dostonida ham bu mavzuning alohida sharhi bor.
Dostonning yettinchi maqolati “Qanoat bobidakim...” deb nomlangan. Asarda
mavjud yigirma maqolatdan – yigirmata eng zaruriy masalalardan biri sifatida
qanoatga to`xtalish ham bejiz emas. Unda quyidagi jihatlar yoritilgan:
1.
Qanoat, uning foydalari.
2.
Qanoatli insonga xos jihatlar, unga mos tashbehlar.
3.
Qanoatning zidi sifatida tamaga bo`lgan munosabat.
4.
Tamagirlikning oqibatlari, bu kayfiyatdagi kishining balo-yu ofatlarga
giriftorligi.
5.
Qanoatli va tamagir do`stlar taqdiri bilan bog`liq ilova hikoyat.
Ma’lumki, “Hayrat ul-abror” 1483-yil yozilgan. “Mahbub ul-qulub” esa
1500-yil. Qanoat haqidagi fikrlar ikki asarda ham juda yaqin, o`xshash, hatto
takror darajada. Shoir oradan 17 yil o`tib, umrining oxirida yozilgan “Mahbub
ul-qulub”da ushbu mavzuga yana bir bor to`xtalishi, muhim ahamiyatga ega.
Ikki asarda ham qanoat va tama darvesh-u shoh, gado va shoh, osoyishtalik va
tashvish, obro` va xorlik, qatiqsiz umoch va kuloch (halvoga o`xshash shirinlik)
juftliklari vositasida tashbehlangan.
Shoir yozishicha, qanoatli kishi g`ani – boy bo`ladi. Oddiy, ko`rimsiz
kulbada yashayotgan qanoatli darvesh tamagir shohdan ustun. Shoirning mana
baytiga e’tibor beraylik:
Chunki tama’ bo`ldi gadolar ishi,
Bilki gadodur tama’ etgan kishi. (“Hayrat ul-abror”. 165-bet)
Gadoning ishi tama. Uning boshqa ilinji yo`q. “Qonii darvesh erur
podshoh”. Qanoat bilan inson sarbaland bo`ladi. Tinch ko`ngil, osoyish unga
138
hamroh bo`ladi. Birovning minnatli kulochidan o`zining qatiqsiz umochi
yaxshiroq:
Tinch ko`ngil birla qatiqsiz umoch
Behki birov minnati birla kuloch. (170-bet)
Qanoatsiz kishining qismati xorlik:
Ulki etib tarki qanoat shior,
Aylab ani ul tama’ el ichra xor. (172-bet)
“Hayrat ul-abror”ning muhim xususiyati shundaki, shoir biror bir mavzu
xususida fikr bildirar ekan, uning dalili, natijasi o`laroq qiziqarli hikoyatni ilova
qiladi. Qanoat haqidagi mulohazalarini bayon etib bo`lgach, “Qoni’ juvonmard
ila tomi’ jahongard...” haqidagi hikoyatni keltiradi.
Fors mamlakatidan Chinga yo`lga chiqqan ikki do`st haqidagi bu
hikoyatda “qoni’”- qanoatli va “tomi’” – tamagir kishining holati bayon
qilingan. Unda oson xazina, yengil boylikka ega bo`lishni istamay, yo`lida
davom etgan, shahar darvozasidan birinchi kirib, podsholikka erishgan va
boshqasi davlatga mashaqqatsiz erishish umidida tosh ostidan xazina izlab hech
nimasiz qolishi tasvirlangan. Navoiy e’tiroficha, “Xom tama’ dahrda ranjur
erur”.
Navoiyning qanoat haqida bu dostonida bildirgan fikrlari to`liq
tasavvufona. Mana bu bayt ham fikrimizni quvvatlaydi:
Jur’asidin soliki roh et meni,
Mulki qanoat uza shoh et meni. (176-bet)
Umuman, Navoiyning qanoat borasidagi mulohazalari har birimizni o`z
harakatlarimiz, qilayotgan haq-u nohaq ishlarimizni yana bir bor o`ylab
ko`rishga undashi bilan ahamiyatlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |