Mavzu: 9-fevral buyuk shoir Alissher Navoiy tavalludining 581 yilligiga bag’ishlab “Alisher Navoiy ijodida vatanparvalik g’oyalari”.
Ulug‘ mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy ma’naviy merosi asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib, insonlar qalbiga, ongu shuuriga ezgulik, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat ziyosini taratib kelmoqda. Mamlakatimizda ulug‘ bobokalonimizga ehtirom ko‘rsatish, asarlarini o‘rganish, uni dunyoda keng targ‘ib etishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy dunyo adabiyoti tarixida tengi topilmas bir siymo hisoblanadi. Iste’dodining ulug‘vorligiyu teranligi jihatidan ham, xalqparvar davlat arbobi sifatida jamiyatda tutgan yuksak mavqei yuzasidan ham, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot ahliga ko‘rsatgan homiyligi jihatidan ham o‘xshashi yo‘q siymo.
Buyuk mutafakkir bobomizning eng muhim maqsadi va asl maslagi inson ko‘nglini obod etish edi:
Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron o‘lsa obod aylagay…
Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari buyuk ajdodimizning o‘lmas bunyodkorlik g‘oyalari uning avlodlari tomonidan munosib davom ettirilayotganidan dalolatdir.
– Buyuk bobokalonimiz Mir Alisher Navoiyni bugun butun dunyo e’tirof etadi, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov. – U zotning siymosi mangu barhayotdir. Men Alisher Navoiy siymosini gavdalantirish baxtiga muyassar bo‘lganimdan bag‘oyatda shodman. Hazratning yuksak ruhiy-ma’naviy qiyofasini ochib berish katta mas’uliyat yuklaydi. Xalqimiz she’rxonlikni yaxshi ko‘radi, adabiyotni sevadi, Alisher Navoiyni mangu ardoqlaydi. Darhaqiqat, Alisher Navoiyni qanchalar yuksaklarga ko‘tarsak-da, ta’rifiga so‘z topish mushkul. Ko‘plab ulug‘ ajdodlarimiz u zot haqida bebaho fikrlarini bayon qilgan. Jumladan, uning do‘sti, muxlisi Husayn Boyqaro “Aning nazmi vasfida til qosir va bayon ojizturur”, desa, Davlatshoh Samarqandiy “Bu ulug‘ amir dinu davlat homiysi, shariat hamda millatning pushti panohidir”, deya ta’rif bergan.
– Alisher Navoiyning tavallud ayyomi xalqimiz, butun dunyo uchun adabiyot bayrami desak arziydi, – deydi yosh shoir Bahodir Bahrom. – Boisi, Alisher Navoiy o‘zining ijodi, insoniy g‘oyalari bilan butun dunyoda ezgulikni, insonparvarlikni, yaxshilikni tarannum etgan. Hazratning so‘z mulkining sultoni, deb atalishi ham bejiz emas. Shu paytgacha dunyo adabiyotida ulug‘ mutafakkir bobomizchalik biron ijodkor o‘z ijodida ko‘p va xo‘b so‘z ishlatgan emas. U kishining ma’naviy merosi xalqimiz uchun bitmas-tuganmas xazinadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |