So‘rov metodi ham psixologiyaning barcha tarmoqlarida birlamchi ma’lumotlar to‘plashning an’anaviy usullaridan hisoblanadi. Unda tekshiriluvchi tomonidan qo‘yilgan qator savollarga javob qaytarish kerak bo‘ladi. So‘roq metodining og‘zaki, yozma (anketa), erkin (suhbat), usullari mavjud. Og‘zaki so‘roq yoki oddiygina qilib suhbat metodini o‘tkazadigan shaxs unga ma’lum darajada tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Agar professional mahorati yoki tajribasi yetarli bo‘lmasa so‘rov natija bermasligi mumkin. Yozma so‘roq yoki anketaning afzalligi shundaki, uning yordamida bir vaqtning o‘zida ko‘pgina odamlar fikrini o‘rganish mumkin bo‘ladi. Unga kiritilgan savollar, ulardan kutiladigan javoblar (yopiq anketa) yoki erkin o‘z fikrini bayon etish imkoniyatini beruvchi (ochiq anketa) so‘rovnomalar naniq va ravon tilda javob beruvchilar tushunish darajasiga monand tuzilgan bo‘lsa, shubhasiz, qimmatli birlamchi materiallar to‘planadi. So‘roqning ham erkin va standartlashtirilgan shakllari mavjud bo‘lib, birinchisida oldindan nimalar so‘ralishi qat’iy belgilab olinmaydi, ikkinchi shaklida esa, hattoki, kompyuterda dasturi ishlab chiqilib, minglab odamlarda bir xil talablar doirasida so‘roq o‘tkazilishi nazarda tutiladi. Bolalar psixologiyasida so‘rash-suhbat metodidan ancha cheklangan holda foydalaniladi. Bu metodni bog‘cha yoshidagi bolalarga nisbatan deyarli qo‘llab bo‘lmaydi, chunki bu yoshdagi bolalarda turmush tajribasi juda oz, tafakkurlari hali yaxshi rivojlanmagan bo‘ladi. Shu sababli kichik yoshdagi bolalar kattalarning bergan savollariga o‘ylamay-netmay javob qaytaraveradilar. So‘rash metodidan foydalanilganda odatda juda sodda ishlangan rasmlardan, predmetlardan foydalaniladi. Bu metodni 5–6 yoshli bolalarga nisbatan qo‘llash mumkin. Bunda bolalarga turli mavzularga doir savollar beriladi va ulardan og‘zaki suhbatning mavzusi va suhbat paytida bolalarga beriladigan savollar oldindan yaxshilab o‘ylab olinadi. Suhbat jarayonida javoblarni yozib olib, keyinchalik javoblarni tahlil qilish mumkin. Suhbat metodini o‘tkazishda quyidagilarga rioya qilish talab etiladi:
1) suhbatning mavzusi va mazmuni bolalarning taraqqiyot
darajalariga va yosh xususiyatlariga mos bo‘lishi kerak;
2) savollar rejali va maqsad asosida tuzilishi kerak;
3) suhbat paytida «ha» yoki «yo‘q» demay, to‘liq javob olishkerak;
4) suhbatni haddan tashqari cho‘zib yubormaslik kerak;
5) suhbat orqali bolalarning bilishlari, narsa va hodisalar haqida tasavvurlari, qiziqishlari va odamlar bilan bo‘lgan munosabatlarini o‘rganish mumkin.
Test - shaxsga xos muayyan psixologik sifatning rivojlanish darajasini o'lchash uchun xizmat qiladigan topshiriqlar yig'indisi. Test metodida muayyan standart topshiriq va vaziyatlar (testlar) qo'llaniladi. Ushbu metod bir qator ustun tomonlarga ega: tadqiqotni sinaluvchilarning katta guruhi bilan o'tkazish mumkin; natijalarni hisoblash va qayta ishlash ancha yengil va sodda. Metodning asosiy kamchiligi shundaki, u bolaning kelajakdagi rivojlanishi. Haqida ma'lumot berolmaydi. Psixologiya fanida hozirda maktabgacha yoshdagi bola shaxsiga xos xususiyatlar, uning emotsional-irodaviy sohasiga xos sifatlar, motivatsion sohasiga tegishli xususiyatlar, individual-tipologik xususiyatlar, bolaning bilish jarayonlariga xos xususiyatlarni aniqlaydigan maxsus test to'plamlari mavjud .
Do'stlaringiz bilan baham: |