3.1. Kattaliklarning birliklari.
Muayyan obyektni tavsiflovchi kattalik shu obyekt uchun xos boʻlgan miqdor tavsifiga ega ekan, bu kabi obyektlar oʻzaro birgalikda koʻrilayotganda faqat mana shu miqdor tavsiflariga koʻra tafovutlanadi. Buning uchun esa solishtirilayotganda obʼyektlararo biror bir asos boʻlishi lozim. Bu asosga solishtirish birligi deyiladi. Aynan mana shunday tavsiflash asoslariga kattalikning birligi deb nom berilgan.
Koʻrilayotgan fizikaviy obyektning ihtiyoriy bir xossasining miqdor tavsifi boʻlib uning oʻlchami xizmat qiladi. Lekin “uzunlik oʻlchami”, “massa oʻlchami”, “sifat koʻrsatkichining oʻlchami” degandan koʻra “uzunligi”, “massasi”, “sifat koʻrsatkichi” kabi iboralarni ishlatish ham leksik jihatdan,ham texnikaviy jihatdan oʻrinli boʻladi.Oʻlcham bilan qiymat tushunchalarini bir-biriga adashtirish kerak emas. Masalan, 100 g, 105 mg, 10-4 t - bir oʻlchamni 3 xil koʻrinishda ifodalanishi boʻlib, odatda “massa oʻlchamining qiymati” demasdan, “massasi (...) kg” deb gapiramiz. Demak kattalikning qiymati deganda uning oʻlchamini muayyan sonli birliklarda ifodalanishini tushunishimiz lozim.
Kattalikning oʻlchami - Ayrim olingan moddiy obyekt, tizim, hodisa yoki jarayonga tegishli boʻlgan kattalikning miqdori boʻlib hisoblanadi.
Kattalikning qiymati - qabul qilingan birliklarning maʼlum bir soni bilan kattalikning miqdor tavsifini aniqlash.
Qiymatning sonlar bilan ifodalangan tarkibiy qismini kattalikning sonli qiymati deyiladi. Sonli qiymat kattalikning oʻlchami noldan qancha birlikka farqlanadi, yoki oʻlchash birligi sifatida olingan oʻlchamdan qancha birlik katta (kichik) ekanligini bildiradi yoki boshqacha aytganda Q kattaligining qiymati uni oʻlchash birligining oʻlchami [Q] va sonli qiymati q bilan ifodalanadi degan maʼnoni anglashimiz lozim:
Q = q[Q].
Endi yana kattalikning birligiga qaytamiz. Ikki xil metall quvur berilgan boʻlib, birining diametri 1 m, ikkinchisiniki 0,5 m. Ularning ikkovini diametr boʻyicha solishtirish uchun, muayyan bir asos sifatida olingan birlik qiymati bilan solishtirishimiz lozim boʻladi
Kattalikning birligi deb - taʼrif boʻyicha soniy qiymati 1ga teng qilib olingan kattalik tushuniladi
Ushbu atama kattalikning qiymatiga kiradigan birlik uchun koʻpaytiruvchi sifatida ishlatiladi. Muayyan kattalikning birliklari oʻzaro oʻlchamlari bilan farqlanishi mumkin. Masalan, metr, fut va dyuym uzunlikning birliklari boʻlib, quyidagi har xil oʻlchamlarga ega - 1 fut = 0,3048 m, 1 dyuym = 25,4 mm ga tengdir.
Kattalikning birligi ham, kattalikning oʻziga oʻxshash asosiy va hosilaviy birliklarga boʻlinadi:
Kattalikning asosiy birligi deb birliklar tizimidagi ihtiyoriy ravishda tanlangan asosiy kattalikning birligiga aytiladi.
Bunga misol qilib, LMT - kattaliklar tizimiga toʻgʻri kelgan MKS birliklar tizimida metr, kilogramm, sekund kabi asosiy birliklarni olishimiz mumkin.
Hosilaviy birlik deb, berilgan birliklar tizimining birliklaridan tuzilgan, taʼriflovchi tenglama asosida keltirib chiqariluvchi hosilaviy kattalikning birligiga aytiladi.
Hosilaviy birlikka misol qilib 1 m/s - xalqaro birliklar tizimidagi tezlik birligini; 1 N = 1 kg. m/s2 kuch birligini olishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |