2.1. Kattalikning oʻlchamligi
Har bir xossa koʻp yoki kam darajada ifodalanishi, yaʼni miqdor tavsifiga ega boʻlishi mumkin ekan, demak bu xossani oʻlchash ham mumkin. Bu haqda buyuk italiyalik olim Galileo Galiley “Oʻlchash mumkin boʻlganini oʻlchang, mumkin boʻlmaganiga esa imkoniyat yarating” degan edi.
Kattaliklarning sifat tavsiflarini rasmiy tarzda ifodalashda oʻlchamlikdan foydalanamiz.
Kattalikning oʻlchamligi deb, shu kattalikning tizimdagi asosiy kattaliklar bilan bogʻliqligini koʻrsatadigan va proporsionallik koeffitsiyenti 1 ga teng boʻlgan ifodaga aytiladi.
Kattaliklarning oʻlchamligini dimension - oʻlcham, oʻlchamlik maʼnosini bildiradigan (ingl.) soʻzga asoslangan holda dim simvoli bilan belgilanadi.
Odatda, asosiy kattaliklarning oʻlchamligi mos holdagi bosh harflar bilan belgilanadi, masalan,
dim l = L; dim m = M; dim t = T.
Hosilaviy kattaliklarning oʻlchamligini aniqlashda quyidagi qoidalarga amal qilish lozim:
Tenglamaning oʻng va chap tomonlarining oʻlchamligi mos kelmasligi mumkin emas, chunki, faqat bir xil xossalargina oʻzaro solishtirilishi mumkin. Bundan xulosa qilib aytadigan boʻlsak, faqat bir xil oʻlchamlikka ega boʻlgan kattaliklarnigina algebraik qoʻshishimiz mumkin.
Oʻlchamliklarning algebrasi koʻpayuvchandir, yaʼni faqatgina koʻpaytirish amalidan iboratdir.
Bir nechta kattaliklar koʻpaytmasining oʻlchamligi ularning oʻlchamliklarining koʻpaytmasiga teng, yaʼni: A, B, C, Q kattaliklarining qiymatlari orasidagi bogʻlanish Q = ABC koʻrinishda berilgan boʻlsa, u holda
dim Q = (dim A)(dim B)(dim C).
Bir kattalikni boshqasiga boʻlishdagi boʻlinmaning oʻlchamligi ularning oʻlchamliklarining nisbatiga teng, yaʼni Q = A/B boʻlsa, u holda
dim Q = dim A / dim B.
Darajaga koʻtarilgan ihtiyoriy kattalikning oʻlchamligi uning oʻlchamligini shu darajaga oshirilganligiga tengdir, yaʼni, Q = An boʻlsa, u holda,
dim Q = dim An.
Masalan, agar tezlik v = l/t boʻlsa, u holda dim v = dim l / dim t = L/T = LT-1.
Shunday qilib, hosilaviy kattalikning oʻlchamligini ifodalashda quyidagi formuladan foydalanishimiz mumkin:
dim Q = LnMmTk....,
bunda, L, M, T..., - mos ravishda asosiy kattaliklarning oʻlchamligi; n, m, k..., - oʻlchamlikning daraja koʻrsatkichi.
Har bir oʻlchamlikning daraja koʻrsatkichi musbat yoki manfiy, butun yoki kasr songa yoxud nolga teng boʻlishi mumkin. Agar barcha daraja koʻrsatkichlari nolga teng boʻlsa, u holda bunday kattalikni oʻlchamsiz kattalik deyiladi. Bu kattalik bir nomdagi kattaliklarning nisbati bilan aniqlanadigan nisbiy (masalan, dielektrik oʻtkazuvchanlik), logarifmik (masalan, elektr quvvati va kuchlanishining logarifmik nisbati) boʻlishi mumkin.
Oʻlchamliklarning nazariyasi odatda hosil qilingan ifoda (formula)larni tezdan tekshirish uchun juda qoʻl keladi. Baʼzan esa bu tekshiruv nomaʼlum boʻlgan kattaliklarni topish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |