Adabiyot va adabiyotshunoslik.
Adabiyot “go‘zal xulq” ma’nosidagi
arabcha “adab” so‘zidan olingan bo‘lib, u atama sifatida XX asr boshlaridan keng
istifodaga kirdi. Uning qabul qilinishida turk va rus adabiyotshunosligining ta’siri
bo‘lsa-da, o‘zbek adabiyotshunosligida xuddi shunday bir atamaga ehtiyoj bor edi.
Ungacha adabiyot ikki atama (“she’r” va “nasr”) bilan yuritilar edi (Ko‘hna
G‘arbda “adabiyot” ma’nosida “poeziya” atamasidan foydalanilgan, proza uning
doirasiga kiritilmagan). Oradan ko‘p o‘tmay u ilmiy va boshqa sohalarga doir
mavzuni yoritishda foydalaniladigan manbalarni atashda ham ishlatila boshladi. Bu
hol barcha ixtisoslik xodimlariga barobar bo‘lgani uchun adabiyot atamasining
keng ma’noda qo‘llanishi sifatida e’tirof qilindi.
Tor ma’noda u badiiy adabiyot ma’nosida qo‘llana boshladi. Ta’kidlash
lozimki, adabiyot atamasi hozirda inson badiiy tafakkuri mahsuli bo‘lgan, garchi
san’at hodisasi zohir bo‘lmasa ham (memuarlar, safarnomalar va h. – adabiy
asarlar), so‘z vositasida yaratilgan barcha asarlarni qamrab oladi. Binobarin, biz
bo‘lajak mutaxassislar sifatida adabiy va badiiy asarlar, umuman, badiiy adabiyot
mohiyati va sir-asrorlariga doir barcha xususiyatlarni o‘rganishimiz shart.
Maktab va o‘rta maxsus ta’limda badiiy adabiyot “so‘z san’ati” degan qisqa
ta’rif bilan tushuntiriladi. Lekin bu ta’rif san’atning yaratilish qurollari jihatidan
tasnifidagina (klassifikatsiya nuqtai nazaridan) to‘g‘ri, adabiyot mohiyati nuqtai
nazaridan notugaldir. Chunki adabiyot mohiyati nuqtai nazaridan so‘z san’ati ekani
bilan cheklanmaydi.
Ma’lumki,
san’at
arabcha so‘z bo‘lib, mahorat bilan ishlamoq, go‘zal
yasamoq; umuman, ustalik bilan yaratmoq ma’nosini anglatadi. Fanda u ijtimoiy
madaniyatning estetik zavq beruvchi, voqelikni badiiy obrazlar vositasida aks
ettiruvchi sohalarini anglatishi ta’kidlanadi: tasviriy san’at, musiqa san’ati,
zargarlik san’ati, raqs san’ati, kino san’ati, me’morlik san’ati va h. Shuningdek,
8
turli amaliy-tatbiqiy sohalarning o‘ziga xos ish uslubi (boshqaruv san’ati) ham,
muayyan faoliyat sohasidagi yuksak mahorat, ustalik; iste’dod ham san’at
mazmuni tarkibiga kiradi. Adabiyotshunoslik ilmida badiiy asar poetikasini
ta’minlovchi ayrim vositalar ham san’at sifatida talqin qilinadi: she’riy san’atlar,
lafziy san’atlar, ma’noviy san’atlar va h.
Ularning umumiy vazifasi, mohiyati nimadan iborat? Inson vujudi bilangina
moddiy olamda umrguzaronlik qiladi, ruhi bilan esa ma’naviy hayotda yashaydi.
Moddiy olam aql bovar qilmas darajada mukammal va go‘zal ekani bilan insonni
nechog‘li hayratlantirmasin, uning ishtirokisiz yaralgan, binobarin, undagi
hodisalar insonga bo‘ysunmaydi, xohish-irodasi yo‘rig‘ida harakatlanmaydi, unga
hamisha mos ham kelavermaydi. Shuning uchun inson ruhida o‘ziga mos, o‘z
izmidagi olam yaratish ishtiyoqi mavj uradi. Bu mavj ijod (badiiy ijod) qilishga
boshlaydi. Faylasuflar “Ijod – muammoning nostandart yechimidir”, deydilar. Eng
mukammal hayotiy standartlar obyektiv real borliqda, tabiatning o‘zidadir. Demak,
real olamdagidan farqli, ruh uchun afzal hayotiy yechim ijod ahli tomonidan
yaratiladi va u hayotga yangicha qarash, uni tasavvur qilish omili sifatida
maydonga keladi.
U real olam ta’sirida yaratilishining bir necha sabablari bor. Ularning
asosiylari, birinchidan, ijod moddiy olamning kuchli taassurotlari mahsuli ekani;
ikkinchidan, ijodning real olamga muroqabasi (lekin bu dushmanlik raqobati emas,
balki moddiy olam hayotiga muhabbatni yanada oshrishga xizmat qilishdir);
uchinchidan, ijodga real olamdan boshqa tasavvur obyektining yo‘qligi kabilardir.
Ijodkorlarning ta’sirchan qalb egalari ekani, ular qancha ko‘p ta’sirlansalar,
shuncha ko‘proq ijod etishi, shuningdek, moddiy olamdagi ijobiy taassurotlardan
qanoatlanmaslik, uning yanada ko‘proq bo‘lishi istagi va salbiylari keltirgan aziyat
tufayli uni o‘zgartirish xohishi, ya’ni dard ijodni harakatlantiruvchi omillardir.
Inson moddiy olamdan boshqa olamni bilmaydi, ya’ni obyektiv borliqdan boshqa
tasavvuri yo‘q. Shuning uchun tasavvuridagi o‘zi yaratmoqchi bo‘lgan olamni
obyektiv borliqdagidan boshqa vositalar orqali aks ettira olmaydi. Ijod, san’at yoki
9
adabiyot mohiyatini yaxshi anglamaslik “voqelikni badiiy obrazlar vositasida aks
ettirish” tezisini keltirib chiqargan. Aslida, ijod voqelikka muqobil voqelikni
yaratishdir. Chunki haqiqiy ijodkor uchun voqelikni bo‘yab ko‘rsatishdan hech
qanday muddao yo‘q. Haqiqiy ijodkor o‘zi yaratgan voqelik orqali odamlar
tasavvuriga ta’sir qiladi, moddiy olamni
o‘zgartirish, uni yanada
mukammallashtirish, bu borada faollashishga da’vat qiladi. Bu maqsad pirovard
natijasini berishi uchun ijod san’at darajasida amalga oshirilishi shart.
Adabiyot ana shu sanalgan xususiyatlariga ko‘ra san’at. Lekin unda
san’atning boshqa turlaridan farqli o‘laroq mavzu va ma’no ifodasi, makon va
zamon ko‘lami cheklanmagan. Unda Odam Atoning yaratilishidan burungi va
oxiratdan keyingi insoniyat tasavvurining shakli aks etishi yoki ma’lum bir asarda,
yozuvchining imkoni yetsa, minglab taqdir, obraz yaratilishi, voqealar faqat Yer
kurrasining turli nuqtasida emas, sarhadsiz koinot bo‘ylab sodir bo‘lishi mumkin.
Qolaversa, ma’lum bir badiiy asarning mavzusi turlicha nuqtai nazarlarga ko‘ra bir
necha bo‘lishi ham faqat adabiyotga xos xususiyat. Hech bir san’at turi adabiyot
kabi boshqa san’atga xos durdonalarni badiiy ifoda va talqin qilib bera olmaydi.
Bunga misol tariqasida birgina mumtoz kuylar badiiy talqin qilingan asarlarni
eslashning o‘zi kifoya qiladi: Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”ida “Navo”,
Abdulla Oripovda “Munojot”, Rauf Parfida “Cho‘li Iroq” va h.
San’atdan tashqari, adabiyotni to‘la shakllantiradigan omillardan yana biri
mavzudir. Mavzu yangi fikr asosida tug‘iladi. Fikr qancha teran, chuqur, xalq
uchun manfaatli, uning orzu-istaklarini, armonlarini tarannum etishga, inson
ma’naviy-axloqiy komilligini targ‘ib qilishga qaratilgan bo‘lsa, adabiyot takomili
shuncha ta’minlanadi.
Har bir ijodkor o‘z san’atkorlik mahoratini yangi va chuqur mazmunni ifoda
etishda namoyish qilishni xohlaydi. U tabiiy va ijtimoiy muhitdagi kuzatuvlari
hamda taassurotlari asosida yangi fikrga ega bo‘la boradi. Turli g‘oya va
mafkuralarning adabiy asarlarda keng ko‘lamda aks etishining sababi ham shunda.
10
Adabiyotning fikrga tayanishi va kishilar tafakkurida olam haqidagi
tasavvurlarni shakllantirishga xizmat qilishi falsafa faniga o‘xshaydi. Falsafa ham,
adabiyot ham mohiyatan olam haqida tasavvur yaratadi. Ularning ifoda usullari
farqli, albatta. Shundan kelib chiqib, ularning biri fan, ikkinchisi san’at sifatida
talqin qilinadi. San’at tasavvurni boyitadi, shakllantirmaydi. Adabiyot esa yo‘q
tasavvurni bor qilish, borini o‘zi istagan yo‘singa solish qudratiga ega. Shunday
ekan, u yana bir bor o‘zining san’at chegarasiga sig‘masligini isbot qiladi.
To‘g‘ri, har qanday yangi, o‘tkir fikr ham ifodadagi san’at va mahoratsiz
adabiy hodisaga aylanmaydi. Fikr adabiyotda obrazlar orqali badiiy voqelikni
keltirib chiqaradi. Binobarin, adabiyotga zikr etilgan xususiyatlardan kelib chiqib,
boshqacha ta’rif berish mumkin: adabiyot – ezgu fikr va g‘oyani muayyan
ma’naviy-estetik tamoyillarga mos
badiiy voqelikdagi obrazlar talqinida
ifoda
qilish orqali kishilar ongi va tasavvurini shakllantiruvchi hamda boyituvchi
hodisadir.
Adabiyotshunoslik badiiy adabiyotning paydo bo‘lishi, yaratilishi, taraqqiyoti
qonuniyatlari,
ijtimoiy
aloqalari
va
mohiyatini
o‘rganadi.
Demak,
adabiyotshunoslikning o‘rganish obyekti – predmeti badiiy adabiyot va unga doir
muammolardan iborat. Uning maqsadi badiiy adabiyotning taraqqiyot darajasini
aniqlash, istiqbolini belgilash, nazariy va metodologik tamoyillarini ishlab chiqish,
davr ma’naviy hayotida o‘ynayotgan roli, madaniy-estetik va ijtimoiy rivojlanishga
qo‘shayotgan hissasi, xalq xohish-irodasi, inson hayoti, o‘y-kechinmalari va
tafakkuriga ta’siri masalalarini tadqiq qilishni ko‘zda tutadi. Vazifalari ana shu
maqsadga muvofiq muntazam tekshiruv va tahlillar olib borishni taqozo qiladi.
Olimlar adabiyotshunoslikning uchta sohasi faol harakatda ekanini e’tirof
qiladilar. Ular adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi va adabiy tanqid sohalaridir.
Lekin
keyingi
paytlarda
jahon
adabiyotshunosligida
ham,
o‘zbek
adabiyotshunosligida
ham
matnshunoslik
sohasi
yuksalish
bosqichini
kechirayotgani tan olinmoqda. Ularning har biri adabiyotning ma’lum qirralarini
o‘rganadi va o‘z oldiga qo‘ygan alohida maqsad va vazifalarga ega.
11
Adabiyotshunoslik fani falsafa, madaniyatshunoslik, san’atshunoslik,
germenevtika, tilshunoslik, folklorshunoslik, estetika, tarix, sotsiologiya,
psixologiya kabi fanlar bilan mustahkam aloqada, ularning yutuqlaridan
oziqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |