Neft konlarini ishlash loyihasi va ikki bosqichli kompleks sxemalashtirish. Bugungi kunda sanoat tadqiqot institutlarida konni ishlashni va jixozlarini loyihalash bo'yicha katta tajribaga ega. Dastlab konni (uyumni) ishlashning kompleks sxemasi tuziladi va konning geologik tuzilishi, uning neft va gaz zaxirasi haqida ma'lumot bo'lsa ishlashning kompleks loyihasi tuziladi.
Bunda quyidagilar tuziladi:
ishlashning texnologik sxemasi;
ishlashning maqsadga muvofiqligini texnik-iqtisodiy asoslash (TIA);
jixozlarning ishchi chizmasi;
asosiy quduqlar fondi burg'ilangandan keyin ishlashni loyihalash.
Texnologik sxema va ishlash loyihasidagi yillik neft qazib olish va suv haydash, quduqlarni burg'ilash va o'rtacha debit bilan ishga tushirish, neft qazib olishni rejalashtirish imkoniyatini beruvchi ilmiy tadqiqot tashkilot tomonida davriy ravishda o'rganilib qabul qilinadi.
Loyiha va kompleks sxema quyidagi bo'limlardan tashkil topgan bo'ladi:
1) konning geologik tavsifi; 2) konni ishlash texnologiyasi; 3) quduqni ishlatish texnika va texnologiyasi; 4) burg'ilash ishlarini tashkil qilish va amalga oshirish;
5) jixozlar bosh reja sxemalari; 6) texnik iqtisodiy qism; 7) konni ishlash tahlili ustidan avtorlik nazorati.
“Konning geologik tavsifi” bo'limida geologik tuzilishi, mahsuldor qatlamning kollektorlik tavsifi (o'tkazuvchanligi, g'ovakligi, har xilligi va boshqalar) keltiriladi, qatlam va yer yuzasi sharoitidagi neft, gaz va suvning fizik-kimyoviy xossalari, uyumning tabiiy rejimlari yoritiladi.
”Konni ishlash texnologiyasi” bo'limida ishlash sistemasi asoslanadi:
1) ishlatish ob'yekti ajratiladi, quduqlar to'ri yoki quduqlar joylashtirilishining umumiy sxemasi tanlanadi; 2) jami ishlash davridagi yillik neft, gaz va suv qazib olish hajmi aniqlanadi; 3) loyihalangan davrda yillar bo'yicha texnologik ko'rsatkichlarning o'zgarish dinamikasi (neft, gaz va suv qazib olish, quduqlar fondi, qatlam va usti bosimi o'zgarishi va boshqalar) asoslanadi; 4) uyumga mavjud ta'sir usuli (suv va gaz haydash) va neft beraoluvchanlikni oshirish uchun yangi ta'sir usullarini (issiqlik tashuvchilar, o'zaro eriydigan suyuqliklar, mitsillyar eritmalar va SFM ni haydash) asoslash; 5) konni ishlash jarayonini nazorat qilish va boshqarish tadbirlarini asoslash; 6) barcha turdagi quduqlar ishlatuvchi quvurlar tizmasi diametrini asoslash.
”Quduqni ishlatish texnikasi” bo'limida: 1) quduqni ratsional ishlatish usulini asoslash; 2) quduqni favvora usulidan mexanizatsiyalashgan usullarga o'tkazish muddatlari; 3) quduqni ishlatish uchun kerak bo'ladigan asosiy jixozlarni aniqlash; 4) ikki yoki undan ko'p qatamlarni bir quduq orqali ishlatish hajmi va imkoniyatlarini o'rnatish, shuningdek birgalikda suv (gaz) haydash hajmi va imkoniyatlarini o'rnatish; 5) quduqni ishlatish jarayonida tadqiqot ishlari majmui.
”Burg'ilash ishlarini tashkil qilish va amalga oshirish” bo'limida yoritiladigan savollar: 1) konni burg'ilash uchun burg'ilash qurilmalari sonini aniqlash; 2) quduq konstruksiyasini asoslash; 3) yuqori mahsuldorligini saqlagan holda, quduqni o'zlashtirish ishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishni ta'minlab, burg'ilash va teshishda mahsuldor qatlamni samarali ochish shartini asoslash; 4) quduqni burg'ilash jarayonida olib boriladigan tadqiqot ishlari majmuasini asoslash; 5) kondagi burg'ilash ishlari texnik-iqtisodiy ko'rsatkichlari va kapital xarajatlarni aniqlash.
“Jixozlar bosh reja sxemasi” bo'limida quyidagilarni o'z ichiga oluvchi asosiy jixozlar sistemasi prinsipial yechimlari ishlab chiqiladi: quduqlar usti optimal bosimini tanlash, quvurlar tizimining gidravlik hisobi, har bir quduq flyuidini o'lchash bo'yicha avtomatik guruxiy o'lchov punktlarining optimal joylashtirilishi va sonini, nasoslar stansiyasi jamlamasini ratsional joylashtirilishi, siquv nasos stansiyasi (SNS), neft, gaz va suvni tayyorlash qurilmasi, suv ta'minoti, kanalizatsiya, yo'l, aloqa, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqalar; tashqi sanoat qurilish ob'yektlar bog'liqligini va qurilish materiallari, energo va suv ta'minoti, burg'ilash va neft qazib olish tashkilotlariga ishlab chiqarish xizmatlarini aniqlash; dengiz konlari uchun gidrotexnik inshootlarni tanlash asoslanadi, suv hududlari bo'yicha jixozlash ketma-ketligi va ishga tushirish navbatlari aniqlanadi.
“Texnik iqtisodiy qism” bo'limida quyidagilar aniqlanadi: 1) ishlash, burg'ilash, ishlatish va jixozlash, hamda keltirilgan xarajatlar bo'yicha texnik- iqtisodiy ko'rsatkichlarni asoslash; 2) ko'rib chiqiladigan variantlar bo'yicha texnik- iqtisodiy ko'rsatkichlar; 3) quduqni burg'ilash va jixozlashga solishtirma kapital xarajat normativlari va qurilish va montaj ishlari hajmi va kapital xarajatlarni; 4) mehnat va ishlatish xarajatlarini aniqlash.
“Konni ishlash tahlili ustidan avtorlik nazorati” bo'limida konni ishlash jarayonida to'plangan materiallar umumlashtiriladi, loyihaga kerakli tuzatmalar kiritiladi va uyumning geologik tuzilishi va yer bag'rida kechadigan jarayonlarning harakatlanuvchanligini hisobga oluvchi ishlashni me'yorlash bo'yicha tadbirlarni asoslanadi.
Konni ishlash tahlili ustidan aftorlik nazorati takliflari kompleks sxema va ishlash loyihasida asoslangan prinsipial texnologik yechimlar asosida olib borilishi kerak.
Kompleks sxema va loyiha tajribaviy ishlatish yoki sanoat ishlashga qo'shishning asosiy hujjati hisoblanadi.
Shunday qilib, neft konini ishlashni kompleks loyihalashda ikkita asosiy muammo yechiladi: sanoat neft zaxirasini ko'proq qazib chiqarish, shu bilan birgalikda loyihalash va yig'ish, tashish va neft, gaz va suvni tayyorlash tizimini qayta jixozlashga xarajatlarni sezilarli kamaytirish.
Neft, gaz va suvni yig‘ish va tashish sxemalarini loyihalashtirishda
qo‘yiladigan asosiy talablar
Har bir yangi ochilgan kon uchun neft, gaz va suvni yig‘ish tizimlari loyihasi tuziladi. Konlarda neft, gaz va suvni yig‘ish tizimlarini loyihalashda quyidagi talablar bajarilishi lozim:
neft, gaz va suvni har bir quduqda aniq o‘lchash;
quduqdan magistral neft uzatkichgacha bo‘lgan yo‘lning germetikligini ta'minlash;
kapital xarajatlarning yuksak iqtisodiy ko‘rsatkichiga erishish, metal talabchanlikni va ishlatish xarajatlarini kamaytirish;
texnologik qurilmalarni ishlatishni ishonchliligi va ularni zarur bo‘lganda avtomatlashtirish.
Neft, gaz va suvni yig‘ish tizimining va texnologik qurilmalarning har xil iqlim sharoitlarida qo‘llash mumkinligi.
Konlarda neft va gazni yig‘ish va tayyorlash tizimi quduqdan to neft yoki gazni tayyorlash qurilmalarigacha bo‘lgan quvurlar, o‘lchov asboblari, yig‘ish punktlari, tayyorlash qurilmalarini o‘z ichiga oladi.
Neft, gaz qazib olish korxonalarida neft, gaz va suvni yig‘ish va tayyorlash texnologiyasi beshta jarayonni o‘z ichiga qamrab oladi:
har bir quduqdan kelayotgan neft, gaz va qatlam suvi tazyiqli tashlama quvur orqali avtomatlashtirilgan guruxiy o‘lchov qurilmasiga uzatiladi;
AGO‘Qda joylashtirilgan separator quduq mahsulotini gaz va suyuqlikka (neft+suv) ajratib beradi;
- neft, gaz va suvni AGO‘Q dan shu maydonning o‘zida joylashgan bir bosqichli separatorga uzatiladi;
- bir bosqichli separatordan ajratib olingan neft gazi o‘z bosimi ostida kon ehtiyojlari uchun yoki uzoqdagi iste'molchilarga uzatiladi, neft bilan suv esa neftda erigan gaz bilan birgalikda ikki bosqichli separatorga yuboriladi. Bu yerda neft past haroratda gazsizlantiriladi va qatlam suvidan birlamchi tozalanadi.
- ikki bosqichli ajratkichdan neft o‘zidan ajratilgan suv bilan tovar holiga yetishishi uchun separator-deemulgatorga uzatiladi, bu yerdan gaz separator - deemulgatordan o‘zining bosimi ostida GQIZ ga uzatiladi.
Shunday qilib, neft va gazni yig‘ish va uzoqqa uzatishga tayyorlash quduq og‘zidan boshlanib, neft, gaz, suvni tayyorlash qurilmalarida tugaydigan yagona texnologik jarayondir.
Konlarda neft, gaz va suvni yig‘ishni tashkillashtirish deganda neft - gaz - suv quvur uzatkichlari orqali mahsulotni quduqdan markazlashgan texnologik qurilmalarga uzatish tizimi tushuniladi.
Neft yer ostidan chiqayotganida o‘z tarkibida turli xil tuzlar, mexanik zarrachalar, tabiiy gazlar va yo‘ldosh suvlarni olib chiqadi. Shuning uchun neft quduqdan chiqqanidan keyin konning o‘zida maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilib tayyor mahsulot holiga keltirilishi lozim.
Tayyor neft mahsuloti davlat standarti bo‘yicha ma'lum talablarga javob berishi kerak. Neftni konda tayyorgarlik darajasiga ko‘ra uch guruxga bo‘lish mumkin. Ana shu guruxlarning tayyorgarlik darajasiga qo‘yiladigan talablar I.1- jadvalda keltirilgan.
Nazorat savollari: Yangi oshilgan kon uchun nechta loyiha tuziladi?
Ishlash loyihasi o‘z ichiga nimalarni oladi?
Jixozlash loyihasi o‘z ichiga nimalarni oladi?
Konlarda neft, gaz va suvni yig‘ish tizimlarini loyihalashda qanday talablar bajarilmog‘i lozim?
Neft, gaz, suvni yig‘ish va tayyorlash texnologiyasi nechta jarayonni o‘z ichiga oladi?
Yig‘ish tizimini loyihalashga qo‘yiladigan asosiy talablar.
bob bo'yicha xulosa
Bu bo'limda neft konlarini ishlashni kompleks loyihalashtirishning asosiy talablari, kon jixozlarini ishlatish loyihasini tuzish haqida qisqacha ma'lumotlar, neft konlarini ishlatishni kompleks sxemalari va loyiha tuzish uchun kerakli boshlang‘ich ma'lumotlar, neft konlarini ishlash loyihasi va ikki bosqichli kompleks sxemalashtirish, neft, gaz va suvni yig‘ish sxemalarini loyihalashtirishda qo‘yiladigan asosiy talablar haqidagi ma'lumotlar keltirilgan.