3. Xodimlarni ishdagi yutuqlar uchun rag’batlantirish
Mehnat intizomini ta’minlash usullaridan biri rag’batlantirish hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 180-moddasiga asosan ishdagi yutuqlar uchun xodimga nisbatan rag’batlantirish choralari qo’llanilishi mumkin. Mehnat uchun rag’batlantirish – xodimni xizmatlarini jamoa tomonidan tan olinishidir. Rag’batlantirish xodimga nisbatan nafaqat ijobiy ruhiy ta’sir etadi, balki o’zida muayyan imtiyoz va afzalliklarni ham ifodalaydi. Mehnat vazifalarini halol va vijdonan bajarganlik uchun rag’batlantirish xodimni xizmat bo’yicha yuqori pog’onaga ko’tarishda yoki shtatlar soni qisqarganda xodimni ishda olib qolishda afzallik sifatida inobatga olinadi.
Rag’batlantirish nafaqat rag’batlantirilayotgan xodimga, shuningdek boshqa xodimlarga ham mehnat intizomiga rioya qilish, o’ziga yuklatilgan mehnat majburiyatlarini vijdonan bajarishda rag’bat bo’lib hisoblanadi.
Rag’batlantirish turlari, qo’llash tartibi, afzallik va imtiyozlar berish jamoa shartnomalari, ichki mehnat tartibi qoidalari va boshqa lokal hujjatlarda, jamoa kelishuvlarida, intizom to’g’risidagi ustav va nizomlarda belgilab qo’yiladi. O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 1999 yil 14 iyunda 746-son bilan ro’yxatdan o’tgan «Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo’jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibi namunaviy qoidalari»ning 3.2-bandiga asosan mehnat majburiyatlarini tegishli ravishda bajarish, mehnatda yuqori natijalarga erishish, korxonada uzoq muddat namunali ishlash va ishdagi boshqa yutuqlari uchun korxona xodimlariga nisbatan quyidagi rag’batlantirishlar qo’llanishi mumkin:
minnatdorchilik;
pul mukofoti bilan taqdirlash;
qimmatbaho sovg’a bilan mukofotlash.
O’zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida rag’batlantirish turlari nazarda tutilmagan, aksincha intizomiy jazo choralari aniq belgilab qo’yilgan. Ta’kidlash lozimki, intizomiy jazo choralari Mehnat kodeksida belgilangan hamda ularning ro’yxati lokal hujjatlar orqali kengaytirilishi mumkin emas. Rag’batlantirish turlari esa lokal normativ hujjatlar orqali belgilanishi bois ularning ro’yxati ish beruvchi va xodimlar vakillik organlari tomonidan kelishib kengaytirilishi mumkin. SHuningdek, intizomiy jazo choralaridan farqli ravishda bir vaqtning o’zida xodimga nisbatan bir necha rag’batlantirish turi qo’llanilishi mumkin. Masalan, xodimlarni rag’batlantirishning moddiy(pul mukofoti bilan taqdirlash) va ma’naviy(minnatdorchilik) turlarini bir vaqtda qo’llash mumkin bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 180-moddasi 3-qismiga asosan ish haqi, mukofotlar, qo’shimcha to’lovlar, ustamalar va mehnat haqi tizimida nazarda tutilgan boshqa to’lovlar rag’batlantirish turlariga kirmaydi. SHuningdek, xodimning mehnatda erishgan yutuqlari uchun emas, balki alohida muhim sanalar yoki boshqa voqealarni nishonlash munosabati bilan beriladigan mukofotlar ham rag’batlantirish turi bo’lib hisoblanmaydi.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 180-moddasi 4-qismiga asosan intizomiy jazo amal qilib turgan muddat mobaynida xodimga nisbatan rag’batlantirish choralari qo’llanilmaydi. Intizomiy jazoning amal qilish muddati esa jazo qo’llanilgan kundan boshlab bir yilni tashkil qiladi.
O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 1999 yil 14 iyunda 746-son bilan ro’yxatdan o’tgan «Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo’jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibi namunaviy qoidalari»ning 3.3-bandiga asosan taqdirlashlar odatda mazkur xodim ishlayotgan tarkibiy bo’linma rahbarining yoki mehnat jamoasining iltimosnomasiga ko’ra korxona rahbari tomonidan chiqariladigan buyruqqa binoan e’lon qilinadi.
O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 180-moddasi 2-qismiga asosan xodimlar mehnat sohasida davlat va jamiyat oldidagi alohida xizmatlari uchun davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin. O’zbekiston Respublikasining 1995 yil 22 dekabrь “Davlat mukofotlari to’g’risida”113gi Qonuniga muvofiq O’zbekiston Respublikasining fuqarolari mehnat va jangovar xizmatlari, samarali davlat, ijtimoiy va ijodiy faoliyatlari uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlanishlari mumkin. «O’zbekiston Qahramoni» unvoni, O’zbekiston Respublikasining ordenlari, medallari, faxriy unvonlari va Faxriy yorlig’i davlat mukofotlari hisoblanadi. Davlat mukofotlari bilan O’zbekiston Respublikasining Prezidenti taqdirlaydi. O’zbekiston Respublikasining Prezidentiga davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir taqdimnoma Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi Spikeri, Oliy Majlisning Senati Raisi, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy sud Raisi, Oliy sud Raisi, Oliy xo’jalik sudi Raisi, Bosh prokuror, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, vazirliklar, idoralar va jamoat birlashmalari respublika organlarining rahbarlari tomonidan kiritiladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat mukofotlari bilan taqdirlash to’g’risidagi farmonlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Xodimlarni mehnat sohasida davlat va jamiyat oldidagi alohida xizmatlari uchun davlat mukofotlariga nomzod sifatidataqdim etish dastlabki tarzda korxona, muassasa, tashkilotlar orqali amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |