7. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish
Mehnatni muhofaza qilish to’g’risidagi qonunchilik ishlab chiqarishda jarohatlanish va kasb kasalliklarining oldini olishga qaratilgan mehnat sharoitlarini yaxshilashni, ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalar yuz bergan taqdirda esa uning sabablarini aniqlash va bartaraf etish hamda jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplashni nazarda tutadi. Mazkur vazifa ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olishga oid normalar orqali ta’minlanadi.
Baxtsiz hodisani tekshirish – bu, avvalo ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yuz berishiga olib kelgan sabablarni aniqlash, baxtsiz hodisani hisobga olish – har bir hodisaning haqqoniy hujjatlarda qayd etilishini bildiradi.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni tekshirish mehnatni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining asosiy yo’nalishlaridan biri hisoblanadi.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni tekshirish O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, O’zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to’g’risida”gi va O’zbekiston Respublikasi “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug’urtasi to’g’risida”gi qonunlari, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 6 iyundagi 286-son qarori bilan tasdiqlangan “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to’g’risidagi Nizom”, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi 60-son qarori bilan tasdiqlangan “Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog’liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklariga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to’lash Qoidalari” va boshqa qonunosti normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Musatqil Davlatlar Hamdo’stligi davlatlari tomonidan 1994 yil 9 dekabrda Mehnat muhofazasi sohasidagi hamkorlik to’g’risidagi Kelishuv tasdiqlangan bo’lib, O’zbekiston Respublikasi bu kelishuvni 1995 yil 10 martda ratifikatsiya qilgan. Mazkur aktda mehnat muhofazasi borasida MDH davlatlari hamkorligi nazarda tutilgan bo’lib, kelishuvning 2-modda 1-qism 6-bandida bevosita ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish mehnat muhofazasini ta’minlashdagi yo’nalishlardan biri sifatida e’tirof etiladi116.
Amaldagi qonunchilikka ko’ra, baxtsiz hodisalar quyidagi hollarda tekshiriladi va hisobga olinadi:
korxona hududida va uning tashqarisida mehnat vazifasini bajarayotganda (shuningdek, xizmat safarlarida) yuz bergan jarohatlanish, zaharlanish, kuyish, cho’kish, elektr toki va yashin urishi, o’ta issiq yoki o’ta sovuq harorat ta’siri, portlash, falokat, imoratlar, inshootlar va konstruktsiyalar buzilishi natijasida hamda sudralib yuruvchilar, hayvonlar va hasharotlar tomonidan shikastlanishlar, shuningdek, tabiiy ofatlar (er qimirlashlar, o’pirilishlar, suv toshqini, to’fon va boshqalar) natijasida salomatlikning boshqa xil zararlanishlari;
ish beruvchi topshiriq bermagan bo’lsa ham, lekin korxona manfaatlarini ko’zlab qandaydir ishni amalga oshirayotganda;
avtomobil, temir yo’l, havo yo’llari, dengiz va daryo transportida, elektr transportida yo’l harakati hodisasi natijasida;
korxona transportida yoki shartnoma (buyurtma)ga muvofiq o’zga tashkilot transportida ishga ketayotgan yoki ishdan qaytayot-ganda;
ish vaqtida shaxsiy transportda, uni xizmatga oid safarlarda ishlatish huquqi berilganlik haqida ish beruvchi farmoyishi bor bo’lganda;
mehnat faoliyati xizmat ko’rsatish ob’ektlari orasida yurish bilan bog’liq ish vaqtida jamoat transportida yoki piyoda ketayotganda;
shanbalik (yakshanbalik) o’tkazilayotganida, qaerda o’tkazilishidan qat’i nazar, korxonalarga homiylik yordami ko’rsatilayotganda;
ish vaqtida mehnat vazifasini bajarayotganda boshqa shaxs tomonidan tan jarohati yetkazilganda;
smenali dam olishda bo’lgan xodim bilan transport vositasi vaxtadagi shaharcha hududida yoki yollangan xona (hudud)dagi (kuzatib boruvchi, smenali haydovchi, dengiz va daryo kemalari xodimlari, shuningdek, vaxta va ekspeditsiya usulida ishlayotganlar va boshqalar).
Guruhiy o’lim bilan tugagan va oqibati og’ir baxtsiz hodisa to’g’risida ish beruvchi darhol quyidagilarga xabar berishi kerak: davlat mehnat texnik inspektoriga, yuqori turuvchi xo’jalik organiga, Qoraqalpog’iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga, viloyat (Toshkent shahar) mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasiga, baxtsiz hodisa yuz bergan joydagi hududiy ichki ishlar organiga, baxtsiz hodisaga uchragan xodimni yuborgan tashkilotga, O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga, O’zbekiston Respublikasi "Sanoatgeokontexnazorat" davlat inspektsiyasining mahalliy organi va "O’zdavenergonazorat" inspektsiyasining hududiy organiga, agar baxtsiz hodisa nazorati ostidagi korxona (ob’ekt)da yuz bergan bo’lsa, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish shartnomasi bo’yicha sug’urtalovchining vakiliga.
Ishlab chiqarishdagi mehnat xavfsizligiga bevosita javob beruvchi rahbar baxtsiz hodisani tekshirishda ishtirok etmaydi.
Ish beruvchi tomonidan vaqtincha boshqa tashkilotga ishga o’tkazilgan yoki o’rindoshlik bo’yicha ishlayotgan xodim bilan baxtsiz hodisa yuz bersa, u shu tashkilot tomonidan tekshiriladi va hisobga olinadi.
Korxonadagi mehnatga jalb qilinib, ishni uning ma’muriy-texnik xodimi boshchiligida bajarayotgan axloq tuzatish-mehnat muassasasi (ATMM)da, davolash-mehnat va tarbiya-mehnat profilaktoriyalari (DMP va TMP)da saqlanayotgan shaxslar bilan baxtsiz hodisa yuz bersa, u ATMM, DMP va TMP vakili ishtirokida ish beruvchi tomonidan tekshiriladi. Baxtsiz hodisa korxona tomonidan hisobga olinadi.
Guruhiy o’lim bilan tugagan va oqibati og’ir baxtsiz hodisani Qoraqalpog’iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga, viloyat (Toshkent shahar) mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi buyrug’iga asosan quyidagi tarkibdagi komissiya maxsus tekshiradi:
rais - Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyat (Toshkent shahar) (bosh) davlat mehnat texnika nazoratchisi yoki O’zbekiston Respublikasi "Sanoatgeokontexnazorat" davlat inspektsiyasi nazorati ostidagi korxona (ob’ekt) vakili yoxud "O’zdavenergonazorat" inspektsiyasi vakili va a’zolar - yuqori turuvchi xo’jalik organi vakili, ish beruvchi, II-bo’limning 7, 10, 11, 12 va 13-kichik bandlarida ko’zda tutilgan hollarda jabrlanuvchining asosiy ish joyi kasaba uyushmasi yoki korxona xodimlarining boshqa vakillik organi.
"Sanoatgeokontexnazorat" yoki "O’zdavenergonazorat" inspektsiyalari nazorati ostidagi korxona (ob’ekt)larda yuz bergan guruhiy o’lim bilan tugagan va oqibati og’ir baxtsiz hodisani tegishli Davlat mehnat texnik inspektori bilan kelishilgan holda "Sanoatgeokontexnazorat" yoki "O’zdavenergonazorat" inspektsiyalarining respublika yoki mahalliy organlari buyrug’i asosida tuzilgan komissiya, yuqori turuvchi xo’jalik organi vakili ishtirokida tekshiradi. Komissiya raisi qilib shu organ vakili tayinlanadi. Komissiya tarkibiga (bosh) davlat mehnat texnik inspektori kiradi.
Ikki-to’rt kishining o’limi bilan tugagan baxtsiz hodisalarni maxsus tekshirish O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi buyrug’iga asosan quyidagi tarkibdagi komissiya tomonidan olib boriladi: rais - O’zbekiston Respublikasi (bosh) davlat mehnat texnik nazoratchisi; a’zolar - yuqori turuvchi xo’jalik organi rahbarlaridan biri, ish beruvchi, kasaba uyushmasi qo’mitasi yoki korxona xodimlarining boshqa vakillik organi raisi.
"Sanoatgeokontexnazorat" yoki "O’zdavenergonazorat" inspek-tsiyalari nazorati ostida bo’lgan korxona (ob’ekt)dagi shunga o’xshash baxtsiz hodisa O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Davlat mehnat texnika nazorati bilan kelishilgan holda "Sanoatgeokontexnazorat" yoki "O’zdavenergonazorat" inspektsiya-lari buyrug’i asosida tuzilgan komissiya tomonidan yuqori turuvchi xo’jalik organi rahbari ishtirokida tekshiriladi. Komissiya raisi qilib, "Sanoatgeokontexnazorat" yoki "O’zdavenergonazorat" inspektsiyalari rahbarlaridan biri tayinlanadi. O’zbekiston Respublikasi (bosh) davlat mehnat texnik nazoratchisi komissiya tarkibiga kiradi.
Besh va undan ziyod kishi o’lgan baxtsiz hodisalar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida tuzilgan komissiya tomonidan tekshiriladi.
Komissiya a’zolari jabrlanuvchilar yoki ularning oila a’zolari bilan uchrashuvlar tashkil etadilar, zarur bo’lsa tegishli organlarga takliflar kiritadilar yoki ijtimoiy tusdagi yordam masalalarini joyida hal qiladilar, jabrlanuvchiga yoki o’lganning oila a’zolariga ularning huquqlarini tushuntiradilar.
Guruhiy o’lim bilan tugagan va oqibati og’ir baxtsiz hodisa hisoblanmaydigan holatlar komissiya tomonidan 3 kunlik muddatda tekshiriladi.
Guruhiy o’lim bilan tugagan va oqibati og’ir baxtsiz hodisalar esa komissiya tomonidan 15 kunlik muddatda tekshiriladi.
Jabrlanuvchi yoki guvohlar ish vaqti davomida ish beruvchiga xabar bermaganligi yoki ish qobiliyati darhol yo’qolmaganligi to’g’risidagi baxtsiz hodisalar jabrlanuvchi yoki uning manfaatlarini himoya qiluvchi shaxsning arizasiga, shuningdek, (bosh) davlat mehnat texnika nazoratchisining talabiga binoan ariza berilgan yoki ko’rsatma olingan kundan boshlab bir oy muddat ichida tekshiriladi.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa natijasida xodimning mehnat qobiliyati kamida bir kunga yo’qotilsa yoki tibbiy xulosaga muvofiq yengilroq boshqa ishga o’tishi zarur bo’lsa dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Ish beruvchi tekshirish tugaganidan so’ng 3 sutkadan kechiktirmay jabrlanuvchiga yoki uning manfaatlarini himoya qiluvchi shaxsga davlat tilida yoki boshqa maqbul tilda rasmiylashtirilgan baxtsiz hodisa to’g’risidagi dalolatnomani berishi kerak.
Ishlab chiqarishdagi guruhiy baxtsiz hodisalar bo’yicha har bir jabrlanuvchiga alohida dalolatnoma tuziladi.
Sug’urtalangan xodimlar bilan ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar yuz berganda dalolatnoma qo’shimcha nusxada tuziladi.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar yuzasidan tuzilgan dalolatnomada baxtsiz hodisaning yuz berish holatlari va sabablari, shuningdek, mehnat muhofazasi xavfsizlik talablarining buzilishiga yo’l qo’ygan shaxslar ko’rsatilishi lozim. Hodisa tafsilotlarini aniqlash jarayonida jabrlanuvchi o’z xatti-harakatlari bilan zararning kelib chiqishi yoki uning miqdorini ko’payishiga olib kelganligi aniqlansa, baxtsiz hodisani tekshiruvchi komissiya dalolatnomada sug’urtalanganning aybi darajasini foizlarda ko’rsatadi.
Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yuzasidan tuzilgan dalolatnoma komissiya a’zolari tomonidan imzolanib, ish beruvchi tomonidan imzo va muhr bilan tasdiqlanadi hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni hisobga olish daftarida qayd etiladi.
Ish beruvchi baxtsiz hodisaga oid dalolatnoma tasdiqlangandan so’ng uch kunlik muddatda bir nusxani jabrlanuvchiga, agar jabrlanuvchi vafot etgan bo’lsa, dalolatnoma nusxasini qarindoshlari yoki marhumning boshqa ishonchli vakillari (ularning talabiga binoan)ga berishi shart.
Mehnatni muhofaza qilish xizmati rahbari (muhandisi, mutaxassisi)ga tekshirish materiallari bilan yuborilgan dalolatnoma 45 yil davomida saqlanishi lozim. Boshqa joylarga yuborilgan dalolatnomalar va uning nusxalari ehtiyoj yo’qolguncha saqlanadi.
Guruhiy o’lim bilan tugagan va oqibati og’ir baxtsiz hodisa yuzasidan maxsus tekshirish komissiyasi 15 kun mobaynida baxtsiz hodisani tekshirib chiqadi, korxona (bo’linma, tsex)dagi mehnatni muhofaza qilish ahvolini, agar zarur bo’lsa, tarmoqning boshqa korxonalarida ham tekshirishni tashkil etadi, maxsus tekshirish dalolatnomasini tuzadi hamda boshqa hujjatlarni rasmiylashtiradi. So’ng tekshirish komissiyasi (bosh) davlat mehnat texnik nazoratchisi ("Sanoatgeokontexnazorat" yoki "O’zdavenergonazorat" inspektsiyalari nazoratchisi) tekshirish materiallarini: guruhiy o’lim bilan tugagan va oqibati og’ir baxtsiz hodisa yuz bergan joydagi ichki ishlar organiga yuboradi; maxsus tekshirishning barcha materiallari nusxalarini viloyat (Toshkent shahar) mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasiga, Qoraqalpog’iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga, O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga, shuningdek, tegishli vazirlik, korxonaga va uning yuqori turuvchi xo’jalik organiga, jabrlangan xodimni yuborgan tashkilotga yuboradi.
Maxsus tekshirish materiallari nusxalari "Sanoatgeokontexnazorat" yoki "O’zdavenergonazarot" inspektsiyasiga, agar baxtsiz hodisa nazorati ostidagi korxona (ob’ekt)da yuz bergan bo’lsa yuboriladi.
Mehnatni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishini tekshirishda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 5 yanvardagi 1-son qarori bilan “Aholini ish bilan ta’minlash va nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun tashkilotlarga moliyaviy sanktsiyalar qo’llash, shuningdek mehnatni muhofaza qilish to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun tashkilotlar faoliyatini to’xtatib qo’yish tartibi to’g’risidagi Nizom muhim o’rin tutadi.
Nizomning 3-bandida mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va ishlovchilar sog’lig’i va (yoki) hayotiga xavf soladigan tashkilotlar faoliyatini va ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishni to’xtatib qo’yish tartibi nazarda tutilgan.
Unga ko’ra, mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va ishlovchilar sog’lig’i yoki hayotiga xavf soladigan tashkilot (uning alohida bo’linmalari) faoliyati yoki ishlab chiqarish vositalaridan foydalanish ular mehnat xavfsizligi talablariga muvofiqlashtirilgunga qadar to’xtatib qo’yiladi.
Agar tekshirish davomida mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va ishlovchilar sog’lig’i yoki hayotiga xavf soladigan ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishning ishlab chiqarish omillari va (yoki) holatlari aniqlansa, ko’rsatib o’tilgan holatlar inspektor tomonidan tekshirish dalolatnomasida aks ettiriladi.
Tekshirish dalolatnomasi asosida, belgilangan tartibda inspektor tomonidan tashkilot sodir etishi kerak bo’lgan tadbirlar va xatti-harakatlar ko’rsatilgan holda tashkilotning (uning alohida bo’linmalarining) faoliyatini va ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishni 10 kundan ortiq bo’lmagan muddatga to’xtatib turish to’g’risida qaror chiqariladi.
Tashkilot qarorning ijrosi to’g’risida qarorda ko’rsatilgan muddatlarda inspektorni yozma ravishda xabardor qilishi shart.
Qarorning ijro etilishi nazorat tartibida tekshirish natijalari bo’yicha dalolatnoma bilan tasdiqlanadi yoxud qonun buzilishi bartaraf etilishi boshqa hujjatlar bilan tasdiqlanadi, ular tekshirish dalolatnomasiga qo’shib qo’yiladi.
Qonun buzilishi bartaraf etilgandan so’ng inspektor bir kun muddatda tashkilotning (uning alohida bo’linmalarining) faoliyatini va ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishni qayta boshlashga yozma ruxsat beradi.
Tashkilot tomonidan qaror bajarilmagan yoki agar qarorda ko’rsatilgan muddatda qonun buzilishi bartaraf etilganligi to’g’risida axborot taqdim etilmagan yoki nazorat tartibidagi tekshirishlar qonun buzilishi bartaraf etilmaganligi yoki nazorat tartibidagi tekshirishda qonun buzilishi bartaraf etilmaganligi aniqlangan taqdirda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organi mehnat xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va ishlovchilar sog’lig’i yoki hayotiga xavf soladigan tashkilot (uning alohida bo’linmalari) faoliyatini va ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishni ular mehnat xavfsizligi talablariga muvofiqlashtirilgunga qadar to’xtatib turish to’g’risidagi da’vo ariza bilan xo’jalik sudiga murojaat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |