4. Xodimga ta’lluqli shaxsiy yo’sindagi ma’lumot va axborotlarni ish beruvchi tomonidan muhofaza etilishining kafolatlanishi
Mehnat munosabatlariga kirishar ekanlar, xodim va ish beruvchi bir-birlari haqida ma’lumotga ega bo’ladilar hamda bu ma’lumotlar o’zaro aloqalarni amalga oshirilishiga yordam beradi.
Xodimning zimmasiga uning mansabi yoki bajaradigan vazifasidan kelib chiqilgani holda korxona tijorat siri sanaluvchi axborotlardan xabardor bo’lish imkoniyati berilishi mumkin. Bunday hollarda ish beruvchi uni oldindan ogohlantirishi va tijorat siri sanaluvchi ma’lumotlarni oshkor etganligi uchun javobgar bo’lishi haqida xabardor qilib qo’yishi lozim.
Ammo, ish beruvchi xodimni ishga qabul qilinishi va muayyan mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog’liq holda uning hamda oila a’zolarining shaxsiy hayotiga talluqli ma’lumotlardan xabardor bo’lganida ularni sir saqlashi, ulardan belgilanmagan maqsadlarda foydalanmasligi, xodimning roziligisiz bu ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etmasligi lozim.
Xodim va uning oila a’zolari shaxsiy hayotiga oid axborotlarni g’ayriqonuniy ravishda oshkor etilishiga yo’l qo’yish O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida kafolatlangan shaxsiy daxlsizlik huquqi poymol etilganligini anglatishi mumkin. Bunday xatti-harakatlar inson huquqlarning qo’pol buzilishi ko’rinishlaridan bo’lib, aybdor shaxslarning (shu jumladan yuridik shaxslarning) huquqiy javobgarligiga sabab bo’lishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 99-moddasiga ko’ra shaxsning hayoti va sog’lig’i, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, ishchanlik obro’si, shaxsiy hayotining daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga bo’lgan huquqi, tasvirga bo’lgan huquqi, mualliflik huquqi, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlari tug’ilganidan boshlab daxlsiz shaxsiy nomulkiy huquqlaridan sanaladi va qonun bilan qo’riqlanadi.
Fuqaro o’zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro’siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilganligi talablarini ilgari surishi, bunday ma’lumotlarni haqiqat ekanini isbotlab bera olmagan har qanday o’zga shaxsdan shu tufayli yetkazilgan moddiy zararlar qoplanishini, ma’naviy zarar yetkazilganligi uchun moddiy kompensatsiya talab qilishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksi 46-moddasiga ko’ra tibbiy yoki tijorat sirlarini, yozishma va boshqa xabarlar, notarial harakatlar, bank operatsiyalari va jamg’armalar sirlarini, xuddi shuningdek fuqaroga, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga ma’naviy yoxud moddiy zarar yetkazishi mumkin bo’lgan boshqa ma’lumotlarni oshkor etish - fuqarolarga eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 143-moddasiga ko’ra xat-yozishmalar, telefonda so’zlashuv, telegraf xabarlari yoki boshqa xabarlarning sir saqlanishi tartibini qasddan buzish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo’llanilgandan keyin sodir etilgan bo’lsa - eng kam oylik ish haqining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq bilan jazolanadi.
Korxona va tashkilotlar ixtiyoridagi xodim shaxsiga taalluqli axborotlar g’ayriqonuniy oshkor etilganligi uchun ham ushbu moddaga ko’ra javobgarlik yuzaga kelishi mumkin.
Xodimga tegishli shaxsiy aborotlarni oshkor etish tufayli ma’naviy zarar yetkazilishi va uning uchun pul kompensatsiyasi undirilishi bilan bog’liq masalalar Fuqarolik kodeksi (1021-1022-moddalar) bilan tartibga solinadi.
O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2000 yil 28 apreldagi 7-sonli “Ma’naviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qo’llashning ayrim masalalari to’g’risida”gi qarorida ma’naviy zarar yetkazilishi bilan bog’liq nizolarni xal etilishi bilan bog’liq tavsiyalar berilgan24.
Manfaatdor shaxslarning talabiga ko’ra fuqaroning sha’ni va qadr- qimmatini uning vafotidan keyin ham himoya qilishga yo’l qo’yiladi. Basharti, bunday ma’lumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak.
Xodim kadrlar bo’limida saqlanayotgan o’zi haqidagi barcha ma’lumotlar bilan tanishib chiqishga haqli. Ana shu maqsadda korxona ma’muriyati ish jarayonida xodim shaxsiy hayotiga oid ma’lum bo’lgan axborotlarni qat’i sir saqlashi lozim. Xodimni ishga qabul qilishga oid ma’lumotlar va xodimga oid boshqa ma’lumotlar bilan faqat korxonaning xodimlar bilan ishlovchi bo’limlari mas’ul xizmatchilarigina tanishishlari mumkin.
Xodimga oid ma’lumotlardan boshqa maqsadlarda foydalanishlik uchun berish taqiqlanadi. Xodim shaxsiga oid ma’lumotlar faqat qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo’lgan taqdirdagina o’zga shaxslarga berilishi mumkin. Xodimning xohishiga ko’ra uning haqida to’plangan ma’lumotlar to’g’risida unga xabar berilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |