16-topshiriq. Matndagi iqtisodiy so‘zlarning morfologik, semantik, sintaktik usulda yasalish farqini ko‘rsating.
Mol-mulkni zo‘rlik bilan tortib olish ekspropriatsiya, ya’ni musodara deyiladi. Mulk egasi bilan kelishgan holda haqini to‘lash sharti bilan majburiy ravishda davlatning ixtiyoriga o‘tkazish esa rekvizitsiya deyiladi. Mulkiy munosabatlar doimo yuridik qonunlarda qayd etiladi. Busiz mulkchilik bo‘lmaydi. Qonunlar orqali mulkiy aloqalar boshqariladi, tartibga solinadi. Respublikamizda ham mulkchilik munosabatlari eng avvalo asosiy qonun Konstitutsiya hamda qator qabul qilingan mulkchilikka taalluqli boshqa qonunlar orqali tartibga solinadi.
Mulkchilik iqtisodiy hukmronlik bilan chambarchas bog‘langan. Ishlab chiqarishni boshqarish mulkchilikning funksiyasi. Ma’lumki, ishlab chiqarishni mulk egasi boshqaradi. Mulkchilik iqtisodiy hukmronlikning asosiy manbaidir.
Mulkchilikning mazmunini o‘zlashtirish ifodalaydi. O‘zlashtirishning o‘zi egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish yaxlitligidan iborat.
Egalik qilish – mulkdorlik huquqining mulk egasi qo‘lida saqlanib turishidir. Mulkni ishlatish mulk egasining o‘z qo‘lida yoki o‘zga qo‘lida bo‘lishiga qarab boylik to‘la yoki qisman o‘zlashtiriladi. Masalan, bino, yer kabilar ijaraga, pul qarzga berilganda egalik qilish mulkdorning qo‘lida qoladi. Bu mulkdan kelgan daromadning bir qismi ijara haqi, foiz shaklida o‘zlashtiriladi. Boshqa qismini esa ijarachi o‘zlashtiradi. Bu mulk egasi xohishi bilan yuz beradi. Mulk egasi mulkni tasarruf etishni ma’lum bir chegarada undan foydalanayotganga topshirishi ham mumkin.
Foydalanish – bu mulk bo‘lgan resurslarni ishlatib, undan natija olish, daromad topish yoki shaxsiy ehtiyojni qondirishdir. Mulkdor mulkini o‘zi ishlatganda egalik qilish va foydalanish qo‘lida bo‘ladi, olingan natijani mulkdor tanho o‘zi o‘zlashtiradi. Egalik qilish bilan foydalanish ajralganda mulk keltirgan naf ham taqsimlangan holda o‘zlashtiriladi.
Tasarruf etish - deganda mulk bo‘lgan boylikning taqdirini mustaqil hal etish, ya’ni mulkni sotib yuborish, merosga qoldirish, asrab-avaylab ko‘paytirish yoki uni yoqotib yuborishdan iborat xatti-harakatlarni tushunamiz.
Shunday qilib, mulkchilik yagona bir butunlik bo‘lib, uning elementlari egalik qilish, foydalanish va tasarruf etishdan iborat. Ular orasida bog‘lanish quyidagicha: tasarruf qilish foydalanish bilan aniqlanadi. Foydalanish esa egalik qilish bilan, egalik qilish esa mulk shakllari bilan aniqlanadi. Foydalanish bilan tasarruf etishning birligi egalik qilishni ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |