O’rganiladigan infuzoriyalarning sistematik o’rni
Tip Infuzoriyalar – Infuzoria et Ciliophora
Sinf Kiprikli infuzoriyalar – Ciliata
Kenja sinf Teng kipriklilar - Holotricha
Turkum Ximenostomata – Himenostomata
Tur Tufelka infuzoriyasi – Paramecium caudatum
Umumiy tushunchalar
Tufelka infuzoriyasi organik oziqa ko’p bo’lgan chuchuk suvlarda tarqalgan. Tanasining uzunligi 0,2-0,4 mm, duksimon shaklli, ko’ndalang kesimi doirasimon. Tananing oldingi uchi yumaloq, orqa uchi biroz cho’ziq va o’tkirlashgan. Tufelka tanasiga bir yon tomondan qaralsa, shakli poyafzalning tagcharmiga o’xshab ketadi. Aslida esa uning tana shakli uzun donga o’xshash. Tufelkaga oddiy ko’z bilan qaralsa, shisha idishda suvda juda mayda harakatchan oqish rangli zarrachaga o’xshab ketadi.
Tufelkaning sitoplazmasi ikki qavatdan – ektoplazma va endoplazmadan iborat. Ektoplazma pellikula bilan birlashib ketgan. Endoplazma sitoplazmaning asosiy qismi hisoblanib, u doimo aylanma harakatda bo’ladi.
Pellikula elastik xususiyatga ega bo’lganligi sababli harakatdagi tana shakli ma’lum vaqt davomida o’zgarib turishi ham mumkin. Pellikula o’zining ma’lum struktur tuzilishiga ega. U qator-qator bo’lib joylashgan ko’p sondagi (to’r shaklida) olti burchakli plastinkachalardan iborat. Pellikulaning usti bir xil uzunlikdagi zich kiprikchalar bilan qoplangan. Har bir kiprikcha pellikula ostida joylashgan bazal tanachadan boshlanadi. Kiprikchalar sitoplazmatik o’simta bo’lsa ham xivchinga nisbatan ancha kalta va nozik. Xivchindan farqli o’laroq, kiprikchalar bir me’yorda eshkaksimon harakat qilib, tanani ma’lum yo’nalishda harakatlantiradi. Tufelkada kiprikchalar soni 15-16 mingta. Tufelka juda tez harakatlanadi. Bir sekundda o’z gavdasi uzunligidan 8-10 baravar ko’proq masofani bosib o’tadi. Pellikula ostida tayoqcha shaklida trixosistalar deb ataluvchi organoidlari bo’ladi. Ular mexanik, kimyoviy va boshqa xil ta’sirlarga javob beruvchi hamda maxsus teshikchalar orqali otilib chiquvchi tanachalardir.
Sitoplazmada ikkita yadro joylashgan. Ularning biri yirik loviyasimon – makronukleus va uning yonida kichik yadro – mikronukleus joylashgan. Makronukleus moddalar almashinuvi va harakatlanish jarayonini boshqarib tursa, mikronukleus jinsiy ko’payish jarayonida ishtirok etadi.
Tufelka infuzoriyasi bakteriyalar, oziq zarralari, chirindi va suv o’tlari bilan oziqlanadi. Tufelkada ham boshqa ko’pchilik infuzoriyalardagidek, ovqat hazm qilish sistemasi shakllangan. Ushbu sistema og’iz oldi chuqurchasi (peristom), og’iz teshigi (sitostom), halqum (sitoforinks) va ovqatni hazm qiluvchi vakuollardan iborat. Ushbu sistemaga yana hazm bo’lmay qolgan oziqa zarralarini tashqariga chiqarib tashlovchi teshikcha (sitoprokt)ni ham kiritish mumkin. Tufelkaning qorin tomonidagi kiprikchalarning harakati tufayli suv bilan birga oziqa zarralari peristomga oqib keladi va uning asosida joylashgan og’iz teshigidan o’tib halqumga tushadi. Halqumni asosiga borganda oziqa zarralari to’planib, qismma-qism sitoplazmaga o’ta boshlaydi. Bir vaqtning o’zida oziqning atrofi suv bilan o’raladi va sitoplazmadan hazm fermentlari ham kelib qo’shiladi. Shu usulda hazm vakuolasi shakllanadi. Ushbu vakuol sitoplazmaga to’la o’tib, sitoplazmaning aylanma harakatiga qo’shiladi.
Vakuola eng avval tananing orqa uchiga qarab harakatlanadi, keyin yuqori cheti bo’ylab oldingi uchiga yetib borib, yana pastga, qorin tomon chetidan orqaga qarab aylanma harakatni amalga oshiradi. Hazm vakuolasining bir davra aylanib chiqish vaqtida, ichidagi oziqa hazm bo’lib, sitoplazmaga so’riladi, qoldiq qismi esa tananing ma’lum (asosan tananing orqa uchiga yaqin) joyida teshikcha (sitoprokt) orqali tashqariga chiqarib tashlanadi. Tufelkada ovqat hazm qilish vakuoli har bir daqiqada bitta hosil bo’lib turadi. Hazm bo’lmay qolgan oziqa qoldiqlariga ega bo’lgan vakuolalarning 7-8 tasi birga to’planib, har 7-10 daqiqada tashqariga chiqariladi (defekasiyalanadi). Tufelkaning endo va ektoplazmalari oralig’ida ikkita qisqaruvchi vakuolalar bo’lib, ularning biri tananing oldingi uchiga, ikkinchisi orqa uchiga yaqin joylashgan. Har bir qisqaruvchi vakuola markaziy pufakcha va 5-6 ta yig’uvchi kanalchalardan iborat. Tanada yig’ilgan ortiqcha suv va moddalar almashinuvida hosil bo’lgan keraksiz suyuq mahsulotlar dastlab kanalchalarga to’planadi, so’ng markaziy
Rasm 19. Tufelka infuzoriyasi – Paramecium caudatum
1 – kiprikchalar, 2 – ovqat hazm qilish vakuolasi, 3 – makronukleus,
4 – mikronukleus, 5 – og’iz teshigi, 6 – halqum, 7 – oziq qoldig’ini chiqarilishi,8 – trixosistalar, 9 – qisqaruvchi vakuolalar, 10 – qisqaruvchi vakuolning yig’uvchi kanalchalari, 11 – tananing oldingi uchi, 12 – tananing keyingi uchi, 13 – shakllanuvchi ovqat hazm qilish vakuolasi
pufakka o’tadi. Markaziy pufak tashqi muhit bilan maxsus chiqaruvchi teshikcha orqali aloqada bo’ladi. Markaziy pufak (vakuol) har 20-25 sekundda qisqarib (sistola) ichidagi suyuqlikni tashqariga chiqaradi. Tufelka tanasidagi qisqaruvchi vakuollar navbatlashib, qisqaradi, ya’ni bittasi qisqarganda, ikkinchisida suv to’plana boradi. Tufelka bir sutka davomida o’z tanasining hajmidan 30 marta ko’p bo’lgan suvni almashtiradi.
Tufelka infuzoriyasi jinssiz va jinsiy usullar bilan ko’payadi. Jinssiz ko’payishda oldin mikronukleus, so’ng makronukleus bo’linadi. Shundan keyin tufelkaning tanasi ko’ndalangiga bo’linish uchun tana o’rtasida qisilish paydo bo’ladi va ikkiga ajraladi. Har bir bo’lakka bitta makro va bitta mikronukleuslar o’tadi. Shuningdek boshqa organoidlar ham ikkita yosh individlarga taqsimlanadi. Yetishmagan organoid va kiritmalar yosh individda yangidan shakllanadi. Tufelka qulay muhitda, ya’ni oziqa moddalari yetarli bo’lsa va harorat +160-180S da bir sutkada ikki marta bo’linib ko’payadi.
Jinsiy ko’payishi kon’yugasiya usulida amalga oshib, u bir necha marta takroriy jinssiz ko’payishdan keyin ikkita bir-biriga mos keluvchi individlarning bir-biriga qo’shilishi, yadro (mikronukleuslar) va boshqa fiziologik xususiyati o’zaro almashtirishi bilan sodir bo’luvchi murakkab jarayondir.
Rasm 20. Paramecium caudatum ni bo’linishi
1 – qisqaruvchi vakuola; 2 – og’iz; 3 - bo’linayotgan makronukleus;
4 – bo’linayotgan mikronukleus.
Do'stlaringiz bilan baham: |