SAHOBALAR (yoxud as-sahoba, sohib -"tarafdor"ning ko‘pligi - ashob) - Muhammad (s.a.v)ning safdoshlari, u zot bilan muloqotda bo‘lgan yoxud g‘azotlarida qatnashgan kishilar; keyinchalik Muhammad (s.a.v)ni loaqal bir marotaba, garchi go‘daklik chog‘ida bo‘lsa ham ko‘rgan barcha kishilar Sahobalar deb atala boshlagan. Sahobalar Arabistondan tashqaridagi o‘lkalarni fath etishga kirishgan ilk musulmon qo‘shinining o‘zagini va eng sobit qadam, qatiyatli qismini tashkil etgan. Sahobalarning oliy qatlamini muhojirlar va ansorlar tashkil qilgan; ular dastlabki xalifalarni saylashga ta’sir ko‘rsatganlar, ularni noiblik va oliy darajadagi lashkarboshilik mansablariga tayinlashgan. Xalifalikda Sahobalarning imtiyozga ega ekanligi ularga to‘lanadigan katta maoshda (641-yildan to‘lana boshlangan) ham ko‘ringan: - ularga yiliga 3-5 ming dirham to‘langan, xolbuki jangchilarning asosiy qismi faqat 300 dirhamga yaqin maosh olgan. Sahobalar erkaklarning umumiy mikdori Umar I davrida 10 ming kishini tashkil etgan. Sahobalarning islom tarixidagi alohida ahamiyati shundaki, Muhammad (s.a.v) vafot etganlaridan so‘ng, ular Rasululloh (s.a.v)ning ta’limotlarini hammalari bir bo‘lib saqladilar, ularning Payg‘ambar (a.s) so‘zlari va ishlari haqidaga hikoyalari (hadislar), shuningdek, shaxsiy o‘rnaklari va fikrlari islom axloqiy ta’limoti - sunnaning eng muhim tarkibiy qismini tashkil etdi. Sahobalarga bo‘lgan hurmat, ehtirom keyinchalik ularning qabrlarini e’zozlashga va Sahobalarning fazilatlari haqida asarlar paydo bo‘lishiga olib keldi. Hadislarni to‘plash va isnoddarni tanqidiy tarzda tahdil etish zaruriyati 9-asrda hadis roviylarining tarjimai hollariga oid lug‘atlarni yaratilishiga sabab bo‘ldi, bu lug‘atlarda eng faxrli o‘rinni Sahobalar egalladi. Bunday lug‘atlar ichida eng yirigi Ibn Hajar al- Asqaloniy (15-asr)ning "al-Isoba fi tamyiz as-sahoba" lug‘ati Muhammad (s.a.v) bilan aloqador bo‘lganligi qayd etilgan 12 mingdan ziyod shaxs ismlarini qamrab olgan.
SIYRA (arab. - hayot yo‘li, tarjimai hol) -Muhammad(s.a.v) hayot yo‘lini bayon qilishga bag‘ishlangan, ilk islom davrida vujudga kelgan diniy-tarixiy asarlarning umumiy nomi. Dastlab siyralar ko‘p bo‘lgan, ularning anchasi yo‘qolib ketgan. Ulardan Voqidiy (747- 823)ning "Kitob al-mag‘oziy" ("Harbiy yurishlar kitobi") va avvalgi siyralarni umumlashtirgan Ibn Ishoq va Ibn Hishomning "Siyrat Rasul Alloh" ("Alloh elchisining hayot yo‘li") asarlari bizgacha yetib kelgan. Siyralar ilk islom tarixini tadqiq qilishda asosiy manba hisoblanadi.
SILSILA (arab. - zanjir, halqa) -tasavvufda tariqat mashoyixlarining ikki xil nisbiy bog‘lanishlari: 1) har bir shayx o‘z piri (shayxi, murshidi)ning ustozi, ustozining ustozi va ular ajdodlarini birma-bir to Muhammad(s.a.v)ga qadar nomma-nom bayon qilishi; 2) har bir shayx o‘z ota-bobolari (yetti pushti) kimlar bo‘lgani va qaysi mashhur zotga borib taqalishini isbotlab beradigan shajara. Silsila pir va murid o‘rtasidagi barqaror munosabatga asoslanib, 12-asr oxiri va 13-asr o‘rtalarida so’fiylik tariqatlarining tashkiliy tuzilishi rivojlanishi bilan mustahkamlandi. Hadislardagi isnod tizimi ham silsilaga bevosita ta’sir o‘tkazgan.
SIROT (arab. - yo‘l) - islom manbalarida Sirotul Mustaqim - qiyomat kuni jahannam uzra tortilgan qilko‘prik; fors va turkiyzabon xalqlarda Pulsirot ("Sirot ko‘prigi") deb yuritiladi. Diniy manbalarga ko‘ra, jannatga eltuvchi yagona yo‘l mazkur ("soch tolasidan yupqa, shamshirdan o‘tkir") Pulsirot bo‘lib har bir banda undan yurib o‘tishga majbur etiladi. Ba’zilar chaqmoq uchqunidek tez, ba’zilar uchkur otdek, ba’zilar sekinroq o‘tsa, ba’zilar qulab jahannamga ravona bo‘ladi.
SUNNA sunnat (arab. - odat, an’ana, xatti-harakat tarzi) - islomda musulmonlar uchun ibrat hisoblangan Muhammad (s.a.v)ning so‘zlari, amallari va xatti-harakatlari. Sunna muhaddislar istilohida, quyidagicha ta’rif qilinadi: "Payg‘ambar (s.a.v)dan asar bo‘lib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy (tana tuzilishi), axloqiy sifatlar va tarjimai holga tegishli ma’lumotlar "Sunnat" deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |