1. "Gap" - bunga Payg‘ambar (s.a.v)ning turli holat va munosabatlarda gapirgan gaplari kiradi. Buni "qavliy (gap) sunnat" deyiladi. 2. "Ish" - Payg‘ambar (s.a.v)ning qilgan ish-amallaridir. Misol uchun tahorat qilish, namoz o‘qish, haj qilish va b. Buni, "amaliy (ish) sunnat" deyiladi. 3. "Taqrir" - bir narsaga iqror bo‘lish, uning to‘g‘riligini tasdiqlash - ma’qullash ma’nosini anglatadi. Sunnadagi taqrir esa, Payg‘ambar (s.a.v)ning sahobai kiromlar tomonidan sodir bo‘lgan ba’zi narsalarni ma’qullashlaridan iboratdir. Ma’qullash, gap bilan ma’qul, deb aytish yoki inkor qilmay, indamay qo‘yish bilan ham bo‘ladi. Buni "taqririy sunnat"- deyiladi. 4. "Xalqiy" - tana tuzilishidagi sifatlar. Payg‘ambar (s.a.v)ni ko‘rgan kishilar u zotning bo‘y-bastlari, tana tuzilishlari, sochlari, ko‘zlari va b. a’zolarini batafsil vasf qilib berganlar. Bu ma’lumotlar ham rivoyat bo‘lib muhaddislarga, ular orqali islom ummatiga etib kelgan. Masalan, Imom Termiziyning "Shamoili Muhammadiyya" asari, aynan shu masalaga bag‘ishlangan alohida kitobdir. 5. "Xulqiy-axloqiy sifatlar". Sahobai kiromlar Payg‘ambar (s.a.v)ning sabrlari, hilmlari, shijoatlari, saxiyliklari kabi barcha axloqiy fazilatlarini ham rivoyat qilib qoldirganlar. Bu hakdagi ma’lumotlar ham sunnaga kiradi. 6. "Tarjimai hol". Payg‘ambar (s.a.v)ning muborak hayotlari. Bu bobga tegashli rivoyatlar to‘plamini "Siyrat" ham deyiladi. Muhaddis ulamolar ushbu olti bandga tegashli har bir ma’lumotni atroflicha, chuqur o‘rganib, so‘ngra o‘z kitoblariga kiritganlar. Sunna islom uchun, musulmonlar uchun o‘ta muhim manbadir. Sunna islom shariatida Qur’oni karimdan keyingi ikkinchi masdar-manba ekanligini Alloh taolo va Uning Rasuli Payg‘ambar (s.a.v) aytgandir. Bu musulmonlarning asrlar osha amal qilib kelayotgan ishi. Bu - sog‘lom aql va tafakkur taqozosi. Sunna - hadis ma’nosi Allohdan, lafzi Payg‘ambardan bo‘lgan vahiydir. Dinu diyonat, shariat va boshqa ma’nolarda Payg‘ambarimiz o‘z shaxsiy fikrlarini emas, Allohning vahiysini o‘z iboralari bilan takdim etganlar. Sunna Qur’oni karim bilan chambarchas bog‘likdir. Shuningdek, Sunnaning tarixi Qur’oni karim va islom tarixi bilan birdir. Sunna 7-asr o‘rtalarida yig‘ila boshlangan. Bir yarim-ikki asr davomida hadislar juda ko‘payib ketgan. Hadisshunoslikning "oltin asri" - 9-asrga kelib bular tartibga solingan va din, axloq, fiqhning muqaddas manbaiga aylangan. Bulardan Buxoriy (810-870) va Muslim (817-875) to‘plamlari eng obro‘li hisoblanadi. Sunnada tarixiy asosga ega bo‘lmagan ayrim rivoyatlar mavjudligi bilan birga, arab xalifaliganing dastlabki ikki asrida islom dinining tadrijiy taraqqiyoti va turli ijtimoiy qatlamlarning axvolini ko‘rsatadigan tarixiy ma’lumotlar ham o‘z ifodasini topgan.
SURA (arab. - tizma, qator, qo‘rg‘on, manzil va sharaf ma’nosida) - faqat Qur’onga xos tushuncha, uning bo‘limlari sura deyiladi, uni shartli ravishda bob bilan taqqoslash mumkin. Ulamolar istilohida esa, sura - Qur’on oyatlarining boshlanish va tugashi belgilangan mustaqil toifasidir. Boshqacha qilib aytganda, Qur’on oyatlarining qo‘rg‘on ila o‘ralgandek bir toifasiga Sura, deyiladi. Qur’on suralardan iboratdir, Sura Qur’onning bir bo‘laga bo‘lib, uch yoki undan ko‘p oyatni o‘z ichiga oladi. Qur’onda 114 ta Sura bo‘lib, ulardan har birining o‘z nomi bor. Ba’zi suralarning ismi suraning avvalidagi so‘zdan olingan. Ba’zilariniki esa, o‘sha Surada zikri ko‘proq kelgan narsalarning nomiga qo‘yilgan. Qur’oni karimdagi eng qisqa Sura Kavsar surasi bo‘lib, uch oyatdan, eng uzun Sura Baqara surasi bo‘lib, 286 oyatdan iboratdir. Qur’on suralari ikki qismga bo‘linadi: 1. Hijratdan oldin tushgan suralar - "Makka Suralari" (Makkada tushgan) deyiladi. 2. Hijratdan keyin tushgan suralar - "Madina Suralari" (Madinada tushgan) deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |