Milliy-ma’naviy merosga hurmat o’quvchining aniq maqsadini ko’zlab, doimiy, izchil uyushtirilgan faoliyati, jamiyat a`zolarining o’zaro madaniy munosabatlari, o’zaro ishonchlari, aloqalari zamirida maydonga keladigan holatdir. Axloqiy madaniyatning ma`naviy poydevori bo’lib, uning asosiy mezoni axloqiy bilimdir. Bilimlar ishonchga aylangan taqdirdagina xulqni tartibga solib turadi. Haqiqiy axloqiy ishonch o’quvchining axloq normalari, xulq-atvorini shakllantirishga olib keladi. Faoliyatga ishonch esa ongning uzoq muddatli faoliyati natijasida uning yuksak mahsuloti sifatida yuzaga keladi. Axloqiy madaniyatning shakllanishi axloqiy bilimning axloqiy ishonchiga, uning amaliyotiga o’tishi jarayonidan iborat bo’lib, bu jarayon uzluksiz xarakterga ega.
Milliy-ma’naviy meros faoliyatdan tashqarida munosabatlarsiz bo’lishi mumkin emas. Demak, milliy-ma’naviy madaniyatlilik o’quvchining xulqi va hatti-harakati orqali namoyon bo’ladi. Xulosa qilib aytganda:
axloqiy ong, axloqiy sifat, axloqiy odat, axloqiy faoliyat boshlang’ich sinf o’quvchisi milliy-ma’naviy madaniyatini shakllantirishning muhim belgilarini tashkil etadi;
milliy madaniy meros o’quvchining butun hayoti va faoliyati jarayonida rivojlanadi va mazmunan boyib, shakllanib boradi;
milliy madaniy meros boshlang’ich sinf o’quvchisi faoliyatiga doimiy izchil, sekin-asta singdirib borilgandagina u ijobiy natija beradi.
O’quvchining axloqiy ong va tafakkuri estetik his-tuyg’ulari bilan o’zaro aloqada shakllanadi. Estetik did, kundalik hayotdagi go’zallikni his etish, undan zavqlanish, tabiatdagi nafosatni tushunish va uni idrok qilish ma`naviy madaniyatlilikning mezonlaridan hisoblanadi. O’quvchining estetik madaniyati voqea-hodisalarni nafis va nozik idrok etishdan boshlanadi. Estetik idrok etish jamiyat va tabiatdagi voqea-hodisalarni tanlab idrok etishdan iboratdir. Turli-tuman axborotlarni tanlash asosida o’quvchi ongida uning his-tuyg’ularini qo’zg’aydigan, unda huzur, quvonch, g’amginlik yoki boshqa holatlarni vujudga keltiradigan narsa va hodisalarning timsollari yaratiladi. O’quvchining estetik madaniyati yuqori bosqichga ko’tarilishidan estetik his muhim o’rinni egallaydi. Estetik his insonni o’rab turgan muhitga munosabatining asosiy shakli bo’lib, hayot haqiqatini o’zlashtirishning, ijodiy fikrlash qobiliyatini ta`minlashning asosiy bosqichidir. Estetik his o’quvchining aqliy rivojlanishiga, bilim doirasining shakllanishiga, ijodiy qobiliyatining rivojlanishiga ta`sir etadi. Estetik his orqali o’quvchida ijobiy maqsadlar paydo bo’ladi.
Boshlang’ich sinf o’quvchilari voqea-hodisalar, san`at va adabiyot asarlaridan estetik zavq olishi uchun u go’zallikni his eta bilishi, undan ta`sirlanishi, hayot go’zalligi, ijodiy badiiy yutuqlardan ilhomlanish qobiliyatiga ega bo’lishi kerak. Buning uchun o’quvchi, avvalo, adabiyotni, san`atni bilishning ikkita eng muhim – adabiyot, san`at asarini bevosita idrok etish va uni baholash kabi tomonlariga alohida e`tibor berishi zarur.
Ma`naviy manbaalarni estetik bilish jarayonida o’quvchida estetik did, estetik g’oya, go’zallikdan estetik zavqlanish qobiliyati shakllanadi. Estetik his o’quvchida estetik didni paydo qiladi. Psixologik nuqtai nazardan estetik did hissiy va aqliy turmush tarzini uzviy bog’lab turuvchi shaxsning qobiliyatidir. O’quvchining estetik didi uning o’rtoqlari, jamoasi, oila a`zolari, jamoatchilikning xulq-atvori, hatti-harakatlari, muloqot madaniyati, milliy, umuminsoniy qadriyatlarga munosabatlarida namoyon bo’ladi. Estetik madaniyatning asosini tashkil qiladigan estetik idrok, estetik hissiyot, estetik did, qarashlar, ishonch, talab kabi belgilari estetik g’oya uchun manbaa bo’lib xizmat qiladi.
Estetik g’oyada go’zallik, hayotning rivoji, estetik hissiyot, qiziqish, ehtiyoj, munosabat hissiy shaklda ifodalanadi. Estetik g’oya ma`lum tarixiy sharoit, madaniy manbaa turi va janr xususiyatlaridan kelib chiqib, go’zallikni qaror toptirish, hayotni takomillashtirish orqali ifoda etiladi. Estetik g’oyani qaror toptirishda tarixiy shaxslar, badiiy asar qahramonlarining fikrlari, hissiyotlari, didlari orqali hayot haqiqati estetik baholanadi. Ashyoviy qadriyatlar esa hayot haqiqati estetik tasvirini to’ldiradilar, o’quvchi ko’z o’ngida yaxlit estetik g’oyani vujudga keltirishga xizmat qiladi.
Estetik g’oya o’zgaruvchan bo’lib, jamiyatdagi munosabatlar bilan boyib, o’zgarib boradi. Masalan, har qanday adib yoki hunarmand o’z ishi natijasi bilan hech qachon qoniqmaydi, ma`lum bir asarni, timsollarni, mehnat mahsulini yaratgach, yana unda yangi-yangi orzular, fikr-o’ylar, rejalar paydo bo’ladi. Estetik g’oya bo’lganligi uchun yozuvchi yoki hunarmandning maqsadi, vazifalari uzluksiz o’zgarib turadi. Shuningdek, o’quvchidagi yangi-yangi orzular, nuqtai nazarlar, rejalar, orzu-o’ylarning paydo bo’lishi bilan, undagi estetik g’oya to’lishib, rivojlanib boradi.
Demak, o’quvchining estetik madaniyati va intellekti uning chuqur estetik bilim va qiziqishi, yuksak estetik didi, estetik ehtiyoji, badiiy-estetik voqea-hodisalarni tahlil etish qobiliyati, estetik hissiyoti, o’z bilimini estetik jihatdan boyitishga talabining kuchliligi bilan izohlanadi.
O’quvchi jamiyatning badiiy-estetik hayotida, uning rivojlanishida bevosita yoki bilvosita ishtirok etadi. U bu jarayonda insoniyat tomonidan yaratilgan badiiy-estetik manbaalarni, qadriyatlarni o’rganadi, ularning rivojlanishiga o’z hissasini qo’shadi. Shu asnoda o’quvchi jamiyatning badiiy-estetik munosabatlari tizimida ma`lum o’rinni egallaydi. Shuning uchun jamiyatning badiiy-estetik rivojlanish jarayonida ishtirok etmagan, uni targ’ib qilmagan, undan ta`sirlanmagan, ilhomlanmagan, amaliy faoliyatida foydalanmagan o’quvchi shu jamiyatning yaxlit shakllangan a`zosi bo’lishi mumkin emas.
Badiiy ilmiy meros ma`naviy asosga ega bo’lib, uning moddiy asosini nashriyotlar, kinoteatrlar, kutubxonalar, kontsert zallari, teleko’rsatuv, radio va boshqalar tashkil qiladi. O’quvchining intellektual madaniyatini shakllantirishda еtakchi o’rinni egallaydigan adabiyot va san`at asarlari, badiiy-estetik an`analar, bayramlar ma`naviy asos bo’lib xizmat qiladi.
Ilmiy adabiyotlarda intellektual merosning o’ziga xos bo’lgan bir qator qonuniyatlari aniqlab va asoslab berilgan. Shular jumlasiga badiiy madaniyatning ijtimoiy-iqtisodiy tuzum xarakteriga bog’liq ravishda rivojlanishi, milliy xarakteri, mustaqilligi, jamiyat taraqqiyoti jarayonida mavqeining oshib borishi, shaxsning ma`naviy dunyosiga ma`naviy madaniyatlarning boshqa qirralari bilan kompleks ravishda ta`sir etishi kabilar kiradi. Badiiy madaniyatning mazmuni – uning milliyligi va umuminsoniyligi, badiiy boyliklarning hammabopligi, badiiy san`at asarlarining insonparvarligi, istiqbolliligi, g’oyaviy pishiqligi, hayotiy mushtarakligi bilan baholanadi. Badiiy madaniyat ma`naviy madaniyatning muhim tarkibiy qismi sifatida o’ziga xos estetik, aqliy, axloqiy, mafkuraviy aloqa vazifalarini bajaradi.
Jamiyat, tabiat, inson hayotidagi voqea-hodisalarning badiiy tasviri vositasida o’quvchi hayotini bilish, umuminsoniy va milliy qadriyatlar, xalqning turmush tarzi, uning ijodiy merosi bilan tanishish, bilim doirasini kengaytirish, o’z dunyoqarashini shakllantirish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Ma`naviy madaniyatning tarkibiy qismi hisoblangan siyosiy madaniyatsiz ma`naviy qadriyatlarning mohiyatini o’quvchi to’liq anglab еtishi mumkin emas. Siyosiy madaniyat o’quvchida siyosiy tafakkurni, ijtimoiy faollikni, jamiyat oldidagi mas`uliyat, ijtimoiy va ma`naviy javobgarlikni his etishni, haqiqat uchun kurashishni, burchga sadoqatni, millatlar, elatlar o’rtasidagi do’stlik va hamkorlikni, so’z va faoliyat birligini ta`minlash, erkparvarlikni, tinchlikni, tenglikni, ozodlikni va o’zligini anglashni belgilab beruvchi mezondir.
Siyosiy bilim faqat erkinlik, ozodlik, mustaqillik sharoitidagina o’zini to’la namoyon qila oladi. O’quvchining hozirgi zamon siyosiy madaniyati umuminsoniy qadriyatlarga suyanadi, shu jumladan, insonparvarlik, demokratiya, huquqiy davlat va oshkoralik, bu madaniyatning to’rt ustunidir. Har bir o’quvchi bu faoliyatida insonparvarlik qoidalariga rioya qilishi, ya`ni bu faoliyat insonni himoya qilishga, uni ulug’lashga qaratilgan bo’lishi lozim.
Insonparvarlik hozirgi zamon intellektual o’quvchisi uchun kundalik ma`naviy fazilat bo’lib qolishi, ikkinchidan, o’quvchiniig ongi va faoliyati demokratik jamiyat yaratishga qaratilgan bo’lishi, uchinchidan, huquqiy davlat yaratishga o’z hissasini qo’shishga tayyor bo’lishini taqozo etadi. To’rtinchidan esa, har bir ma`naviy-ilmiy dunyoqarashni o’quvchi o’z faoliyatida oshkoralik uchun kurash olib borishi zarur. Bunday xususiyatlarni o’z xulq-atvorida mujassam eta olgan o’quvchi o’z faoliyatida har qanday og’ir vaziyatda ham paydo bo’lgan muammolarni muzokara, munozara, mushohada yo’li bilan hal qilishga intiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |