3.2. Milliy valyuta almashuv kursini barqarorligini ta’minlashning ustuvor yo’nalishlari
Olib borilgan tadqiqotlar natijasida valyuta siyosatini liberallashtirish jarayonlarining samarali tashkil etilishi borasida bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Fikrimizcha, O‘zbekistonda valyuta bozorini yanada liberallashtirish sohasida quyidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi muhim ahamiyat kasb etadi:
Milliy valyutaning chet el valyutasiga nisbatan kursini belgilashda faqatgina bozor mexanizmlarini qo‘llash zarur. Chunki, liberallashuv barcha sohalardagi munosabatlarni sog‘lomlashtirishni taqozo etadi. Sog‘lom bozor munosabatlari esa, talab va taklifga asoslanadi. Aynan talab va taklifga asoslangan valyuta kursini shakllanishiga erishish sohadagi islohotlarning bosh maqsadi hisoblanadi. Bunda, valyutaga bo‘lgan real talab va taklif miqdorini aniqlash asosida valyuta birjasidagi savdolarda zaruriy hajmdagi valyutani taklif etish orqali valyuta kursini keskin tebranishini oldini olish imkoni yuzaga keladi.
Valyuta resurslaridan foydalanishda bozor instrumentlarining rolini oshirish, valyuta bozorida barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish, valyuta siyosatining noan’anaviy tarmoqlarda eksportni rivojlantirishda, mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda rag‘batlantiruvchi rolini oshirishga alohida e’tibor qaratish zarur. Aynan barcha tadbirkorlar uchun valyuta kursi va konvertatsiyasining bir xil etib belgilanishi ular o‘rtasidagi sof raqobat muhitini rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Ularning eksport salohiyatini kengaytirishi asosida xorijiy valyuta tushumini oshishiga katta imkoniyat yaratadi.
Sifatli ish o‘rinlari va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni bevosita rag‘batlantirish uchun iqtisodiyotning barcha sektorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, bilim va texnologiyalar jalb etishga xizmat qiladigan ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash lozim. Chunki, aynan intellektual salohiyatga investitsiya yo‘naltirish orqali bilimlar iqtisodiyotini shakllantirishimiz mumkin bo‘ladi. Yuqori inttellektual salohiyat mahsuli hisoblangan tovar va xizmatlar yuqori qo‘shilgan qiymatga ega hisoblanadi. Bu esa, kam xomashyo sarf etib ko‘proq valyutaga ega bo‘lish imkonini beradi.
Milliy valyutaning barqarorligini ta’minlashga qaratilgan qat’iy monetar siyosatni amalga oshirish, bu borada monetar instrumentlardan faol va moslashtirilgan holda foydalanish, davlat qimmatli qog‘ozlari bozorini rivojlantirish, shuningdek, ochiq bozorda operatsiyalar hamda davlat qimmatli qog‘ozlarini banklar likvidligiga garovga berish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishni amaliyotga joriy qilish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Monetar va fiskal siyosatni muvofiqlashtirish hamda Davlat byudjetining mutanosibligini ta’minlash orqali pul massasi haddan ziyod o‘sishining oldini olish zarur. Bunda fiskal siyosat samaradorligini oshirish doirasida noqonuniy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga chek qo‘yish orqali bankdan tashqari pul mablag‘larini qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish.
Bank tizimining barqarorligini ta’minlash va uning tavakkalchiliklarga bardoshliligini oshirish. Shuningdek, valyuta siyosatini liberallashtirishning vujudga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan samarali choralarni muntazam tarzda amalga oshirib borish.
Valyuta siyosatining yangi sharoitlarida tayanch tarmoqlar korxonalari samarali faoliyat yuritishi uchun ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish zarur. Bu esa, iqtisodiyotdagi tayanch tarmoqlarning ham rivojlanishiga olib keladi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari turmush darajasiga valyuta siyosatini liberallashtirishning salbiy oqibatlarini kamaytirish imkonini beradigan har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur.
Bozor tamoyillari asosida valyuta resurslari oqimining samaradorligini oshirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, shuningdek, tashqi savdoda valyuta siyosatining rag‘batlantiruvchi rolini oshirish maqsadida milliy valyutaning xorijiy valyutaga nisbatan ayirboshlash kursi faqatgina valyuta birjasining banklararo elektron savdolarida valyutaga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Bunda ayirboshlash kursini bozor mexanizmlari asosida shakllantirish maqsadida banklararo savdolarda Markaziy bankning ishtiroki kamaytiriladi. Alohida hollarda Markaziy bank ayirboshlash kursining haddan ortiq tebranishini bartaraf etish uchun xorijiy valyutani sotish yoki sotib olish operatsiyalarini amalga oshirishi mumkin.
Ayirboshlash kursini egiluvchan holda tartibga solish respublikaga keladigan barcha valyuta resurslari (eksport tushumi, transchegaraviy pul o‘tkazmalari va boshqalar) oqimining rasmiy bozorga kelib tushishi orqali chet el valyutasiga bo‘lgan jami talab va taklif mutanosibligini ta’minlash va oltin-valyuta zaxiralari hajmlarini avvalgidek yuqori darajada saqlab qolish imkonini beradi.
Ta’kidlash joizki, xorijiy valyutani erkin sotib olish va sotish imkoniyati va milliy valyuta ayirboshlash kursini bozor mexanizmlaridan foydalangan holda belgilash mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ichki va tashqi bozordagi raqobatdoshligi va rentabelligini oshirish bilan bir qatorda mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ko‘paytirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan yangi texnologiyalar va bilimlarni jalb qilish, eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ayirboshlash kursining liberallashtirilishi eksport imkoniyatlarini oshirishda kuchli rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib, bu noan’anaviy soha va tarmoqlarda eksport hajmining ortishiga ko‘maklashadi va ayirboshlash kursiga ta’sirchan tovar eksportchilarining moliyaviy holatini nafaqat eksport hajmining oshishi, balki olingan daromadlarni milliy valyutaga qayta hisoblaganda vujudga keladigan foyda hisobidan ham tubdan yaxshilaydi.
Valyuta siyosatini isloh qilishga O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishdagi birinchi zaruriy qadam sifatida qaralmoqda va islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan pul-kredit, soliq-byudjet va iqtisodiy siyosatning boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning samarali muvofiqlashtirilishiga bog‘liq.
Bunda, ayirboshlash kursi barqarorligini ta’minlashda pul-kredit ko‘rsatkichlarining o‘zgarishi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini inobatga olgan holda, Markaziy bank monetar instrumentlardan faol va keng ravishda foydalanish orqali milliy valyutaning barqarorligini va inflatsiyaning past darajada bo‘lishini ta’minlashi, pul massasi haddan ziyod va asoslanmagan holda o‘sishining oldini olishi, davlat xarajatlari va daromadlarining mutanosibligini ta’minlashga qaratilgan qat’iy monetar siyosat yuritishi talab etiladi.
Fikrimizcha, fiskal chora-tadbirlarni ko‘rish, ya’ni byudjet xarajatlarini qat’iy ravishda Davlat byudjetiga kelib tushgan daromadlar doirasida amalga oshirish, davlat byudjetini profitsit bilan ijro etish imkonini beradi. Bunda iqtisodiyotda narxlar o‘zgarishi ustidan samarali nazoratni ta’minlash hamda monetar va fiskal siyosatni muvofiqlashtirish amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan pul-kredit siyosatining yangi tamoyil va mexanizmlarini joriy qilish muhim o‘rin tutadi.
Valyuta siyosatini liberallashtirish sharoitida bank tizimi barqarorligini ta’minlash borasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni nazorat qilish alohida ahamiyat kasb etadi.
Bank tizimining barqarorligi nafaqat mijozlarning xorijiy valyutaga bo‘lgan talabini qondirish nuqtai nazaridan, balki kredit portfeli, depozit bazasi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar tarkibida kutilayotgan sifatli o‘zgarishlar nuqtai nazaridan ham muhimdir.
Shu munosabat bilan bank tizimining barqarorligi tijorat banklarining kapitallashuv darajasini saqlash, prudentsial nazoratni kuchaytirish, shuningdek, valyuta siyosatini liberallashtirishning sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali ta’minlanadi.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, ilg‘or xalqaro standartlarni hisobga olgan holda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan bank xatarlari to‘g‘risida barvaqt ogohlantirish, ularni baholashni takomillashtirishni o‘z ichiga olgan qator bank nazorati va monitoringi instrumentlarini joriy qilish zarur.
Fikrimizcha, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning hisobvaraqlaridagi chet el valyutasidagi mablag‘larini qayta baholash natijasida vujudga keladigan moliyaviy natija soliqqa tortish bazasiga kiritilmasligini ko‘zda tutuvchi vaqtinchalik tartibni joriy etish maqsadga muvofiqdir. Bu borada, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularni soliqqa tortish mexanizmini takomillashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda banklarning kreditlarini restrukturizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish ham muhim ahamiyatga ega.
Xalqaro valyuta fondining baholariga ko‘ra, valyuta siyosatini liberallashtirish o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiyotning o‘sish sur’atlariga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Valyuta ayirboshlash kursini liberallashtirishning tovar va xizmatlar, ayniqsa, xalq iste’moli tovarlariga ichki narx-navoning shakllanishiga ta’sirini kamaytirish maqsadida amaldagi bojxona me’yorlari va to‘lovlari stavkalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Shuningdek, bu borada, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish Respublika va doimiy faoliyat yuritadigan hududiy komissiyalarga narxlarning barqarorligini va bozorlarning iste’mol tovarlari bilan tezkor to‘ldirilishini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Valyuta siyosatini liberallashuvigacha bo‘lgan davrda tovar va xizmatlar narxini chet el valyutasida o‘rnatish holatlari Markaziy bank rasmiy kursi o‘zgarishiga ta’sir etdi. Bu esa, narxlarning milliy valyutaga hisoblanganda asossiz ravishda oshishiga sabab bo‘lib keldi. Bundan buyon respublika hududida barcha tovarlar va xizmatlar uchun hisob-kitoblar va to‘lovlar, davlat bojlarining undirilishi, tovar va xizmatlar narxlarining belgilanishi faqat milliy valyutada amalga oshirilishini ta’minlash zarur.
Fikrimizcha, tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga qulay sharoitlar yaratish maqsadida chet el valyutasida ajratilgan kreditlarni bankning kredit siyosati va tomonlarning kelishuvi asosida milliy yoki chet el valyutasida qaytarilishiga ruxsat berilishi maqsadga muvofiqdir.
Valyuta bozorini liberallashtirish jarayonida davlat iqtisodiy siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarining to‘liq ijrosi ta’minlanishi barcha tashqi savdo faoliyati qatnashchilariga teng sharoit yaratadi hamda O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasining mavqeini kuchaytiradi, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirishga, aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Fikrimizcha, dastlabki qadamdayoq xorijiy investorlar tasavvurini ijobiy tomonga tubdan o‘zgartirish maqsadida milliy valyutaning almashuv kursini keskin tebranishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur. Bunda, xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklif muvofiqligini muntazam ta’minlash salohiyatiga ega bo‘lish hamda mamlakat miqyosida valyuta kursi rejimini aniq belgilab olish muhim hisoblanadi.
Shuningdek, soliq siyosatini tubdan isloh qilish asosida noqonuniy tadbirkorlik faoliyatiga barxam berish va mazkur faoliyatda band bo‘lgan bankdan tashqari pul mablag‘lari ustidan nazoratni o‘rnatilishiga erishish. Bu birinchidan, valyutaga bo‘lgan talab va taklifni o‘rganishda iqtisodiyotni pul bilan to‘yinganligi xususidagi tasavvurlarni yanada aniqroq yoritsa, ikkinchidan, inflyatsion targetlash rejimini muvaffaqiyatli qo‘llash imkonini beradi. Aynan mazkur vaziyatda valyuta munosabatlarini nazorat qiluvchi davlat organlarining o‘zaro birdamlikda faoliyat yuritishi ko‘zlangan samaraga erishishda muhim omil sifatida baholanadi.
Eksport-import operatsiyalari yuzasidan tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratib berish zarur. Zero, import qiluvchi yangi texnika-texnologiyalar xaridi asosida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi yoki yanada kengaytirishi mumkin bo‘ladi. Eksport qiluvchi esa, bevosita mamlakatga xorijiy valyuta tushumini ta’minlab beradi. Ammo, mazkur ikki holatda ham tadbirkorlardan xorijiy valyutalarga nisbatan samarali yondashuv talab etiladi. Ya’ni, importyor kam xorijiy valyuta sarf etib yuqori sifatli tovar va xizmat xarid qilsin. Eksportyor esa, eksport qilayotgan har bir tovar va xizmatlari evaziga ko‘proq xorijiy valyutaga ega bo‘lsin.
Valyutaviy nazorat valyutani tartibga solish tizimining asosiy elementlaridan biri bo‘lganligi sababli, uni takomillashtirish yo‘nalishlari tizimning o‘zini kontseptual asoslarini takomillashtirish yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga eksport tushumlarini o‘z vaqtida kelib tushishining hisobini yuritish, eksport-import shartnomalarini ro‘yxatga olish vazifalari to‘liq yuklatilishi lozim. Buning natijasida, birinchidan, eksport-import operatsiyalari ustidan amalga oshiriladigan valyutaviy nazoratning tezkorligi va samaradorligi oshadi; ikkinchidan, amaldagi qonunchilikka muvofiq nazorat funktsiyasiga ega bo‘lmagan tijorat banklaridan valyutaviy nazorat vazifasi olib tashlanadi, bu esa, o‘z navbatida, tijorat banklarining valyuta operatsiyalarini amalga oshirish jarayonida bajaradigan moliyaviy vositachilik rolining sezilarli darajada oshishiga olib keladi.
Birjadan tashqari valyuta bozorini rivojlantirishda valyuta derivativlarining ahamiyati kattadir. Hozirgi davrda valyuta derivativlari bozori xalqaro moliya bozorining yuqori sur’atlarda rivojlanib borayotgan segmenti hisoblanadi.
Shunisi xarakterliki, muddatli valyuta operatsiyalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarning yuzaga keltirilishi mamlakatimiz tijorat banklarining ochik valyuta pozitsiyalarini qisqartirish imkoniyatini yaratishi mumkin. Ya’ni, banklarning ochiq valyuta pozitsiyalarini qisqartirish imkoniyati cheklangan hozirgi sharoitda (banklarning xorijiy valyutalarda depozitlar qabul qilish va kreditlar berish imkoniyatining cheklanganligi, xorijiy valyutalarda emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlarning banklarning balansida mavjud emasligi) forvard shartnomalari tuzish yuli bilan banklarning ochiq valyuta pozitsiyalarining miqdorini sezilarli darajada qisqartirish mumkin.
Muddatli valyuta operatsiyalarni rivojlantirishning zaruriy shartlaridan yana biri valyuta operatsiyalari borasidagi cheklovlarning to‘liqolib tashlanishi yoki zaiflashtirilishi hisoblanadi. Shu sababli, XVF kelishuv moddalarining VI va VIII moddalari bo‘yicha majburiyatlarni mamlakatlar tomonidan qabul qilinishi muhim amaliy ahamiyat kasb etadi. Xususan, mamlakat hukumati tomonidan VIII modda bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilingani joriy valyuta bozorining likvidliligini sezilarli darajada oshiradi, bu esa, o‘z navbatida, muddatli valyuta operatsiyalarini rivojlantirishga keng imkoniyatlarni yuzaga keltiradi.
Ayni vaqtda, mamlakatlar uchun XVF kelishuv moddalarining VI va VIII moddalari bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilgan sharoitda ham valyutaviy cheklashlarning ayrim turlarini joriy qilish huquqi saqlanib qolmoqda. Jumladan, XVF Kelishuv moddalarining VI moddasi 3-bo‘limiga muvofiq XVF a’zosi bo‘lgan dalatlar kapitallarning xalqaro harakatini tartibga solish uchun zarur bo‘lgan nazoratni amalga oshirishlari mumkin. Faqat joriy bitimlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishni cheklanishiga va majburiyatlarni bajarish maqsadida o‘tkazilayotgan uzatmalarni kechikishiga olib keluvchi nazorat bundan mustasno30.
Birjadan tashqari valyuta bozorini rivojlantirishning jahon tajribasi sifatida derivativlar bozorini shakllantirayotgan Rossiya Federatsiyasining tajribalarini o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Chunki Rossiyada mazkur bozorni shakllangirishga muvaffaq bo‘lindi va u sezilarli darajada likvidlilik darajasiga ega bo‘lgan bozor xisoblanadi. Rossiya tijorat banklari tomonidan amalga oshirilayotgan muddatli valyuta operatsiyalarining 80 foizdan ortiqqismi yuqori daromadli spekulyativ operatsiyalarga to‘g‘ri kelmokda31. Demak, Rossiya banklari derivativlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar orqali mijozlarini valyuta riskidan himoya qilishni ta’minlaganlari holda, yuqori spekulyativ daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
Birjadan tashqari valyuta bozorini rivojlantirishga erishish uchun, birinchidan, valyuta sohasidagi xizmat turini ko‘paytirish kerak; ikkinchidan, xizmat xarajatlarini kamaytirish zarur; uchinchidan, xorijiy valyutadagi depozitlar foiz stavkalarini oshirish lozim; to‘rtinchidan, banklararo vakillik munosabatlarini rivojlantirish lozim.
Xulosa kilib aytganda, O‘zbekistonda valyuta munosabatlarini tartibga solishni takomillashtirishga doir bir qator muammolar mavjud bo‘lib, ular quyidagilardir:
Valyutaviy nazorat amaliyotini takomillashtirish bilan bog‘liq muammolar;
Joriy valyuta bozorining likvidliligini ta’minlashdagi muammolar;
Birjadan tashqari valyuta bozorini rivojlantirishni ta’minlash bilan bog‘liq muammolar.
Bu kabi muammolarni bartaraf etish uchin quyidagi chora-tadbirlarni qullash taklif qilinadi:
Joriy valyuta bozorining likvidliligini ta’minlash va kapital harakatini ko‘paytirish maqsadida milliy valyutamizning real xarid qo6iliyatiga yaqin bo‘lgan almashuv kursini “metching” usulidan foydalangan holda shakllantirish, sub’ektlarning bozor konyukturasidagi kunlik o‘zgarishlariga reaksiya bildirishini rag‘batlantirish maqsadida so‘mning almashuv kursini har kunlik konversion operatsiyalarning yakuniy natijalari bo‘yicha belgilash tizimiga o‘tish va bu kursdan keyingi operatsion kunda amalga oshiriladigan hisob-kitoblarda foydalanish hamda valyuta bozoridagi valyuta operatsiyalarining tezilgi va uzluksizligini ta’mnlash lozim.
Birjadan tashqari valyuta bozorini rivojlantirishga erishish uchun, birinchidan, valyuta sohasidagi xizmat turini ko‘paytirish kerak; ikkinchidan, xizmat xarajatlarini kamaytirish zarur; uchinchidan, xorijiy valyutadagi depozitlar foiz stavkalarini oshirish lozim; to‘rtinchidan, banklararo vakillik munosabatlarini rivojlantirish lozim.
XULOSA
Erkin suzib yuruvchi valyuta kurslari rejimida valyuta siyosatining iqtisodiyotga ta’siri kapitallarni eksport va import qilishni rag‘batlantirilishda namoyon bo‘ladi. Buning mazmuni, milliy valyuta kursini barqaror saqlab turish bilan belgilanadi. Milliy valyuta kursini barqaror ushlab turish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining bosh maqsadi bo‘lib hisoblanadi. Shu jihatdan, Markaziy bankka oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish yuklatilgan.
Mamlakatning oltin-valyuta zaxiralarini boshqarish zaxira aktivlari tarkibini takomillashtirish maqsadida diversifikatsiya qilinadi. Oltin-valyuta zaxiralarini ularning xavfsizligi va diversifikatsiya asosida boshqarish yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining pul-kredit va valyuta siyosatining asosiy vazifasi milliy valyutamizni boshqa davlatlarning qattiq valyutalariga almashinishini ta’minlashdan iboratdir. Shuningdek, to‘lov balansining joriy operatsiyalari bo‘yicha mavjud cheklovlarni olib tashlash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Buning uchun dunyo tajribalari shuni ko‘rsatmoqdaki, birinchi navbatda xorijlik investorlarni jalb etish va ular bilan teng huquqlilik asosida ish olib borish maqsadida ularga ko‘proq qulayliklar yaratish tavsiya etiladi.
Kurs ishi ishini yozish jarayonida amalga oshirilgan izlanishlarning natijalariga asoslanib quyidagi xulosalarni shakllantirdik:
1. Valyuta munosabatlarini tashkil qilishning uslubiy asoslariga xos bo‘lgan muhim xususiyatlardan biri kurs siyosatining o‘zgarishi bilan xalqaro savdo munosabatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqadorlikning mavjudligi hisoblanadi. Bir qator rivojlangan davlatlarning amaliyoti tajribalari shuni ko‘rsatadiki, milliy valyutaning deval’vatsiya qilinishi tashqi savdoning jadal rivojlantiradi.
2. Yetakchi iqtisodchi olimlarning valyuta munosabatlarini tartibga solishning nazariy asoslari xususidagi ilmiy xulosalari tanqidiy asosda o‘rganilib, quyidagi nazariy xulosalar shakllantirildi:
- xususiy korxonalar, tijorat banklari valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchilardir, ularda valyuta munosabatlarini tartibga solish va nazorat qilish funktsiyasi mavjud emas. Shu sababli, korxonalar va banklar xalqaro valyuta munosabatlarining faol ishtirokchilari hamda valyuta munosabatlarini tartibga soluvchi davlat organlari uchun nazorat ob’ekti hisoblanadi. Demak, korxonalar va banklar ishtirokida yuzaga keladigan valyuta munosabatlarining o‘zini alohida ajratish va unga xalqaro valyuta munosabatlarini tartibga solishning alohida pog‘onasi maqomini berish maqsadga muvofiq emas;
- har bir mamlakatdagi xalqaro valyuta munosabatlarini tartibga solish tizimi ikki pog‘onadan iborat:
a) davlat valyutani tartibga solish organlari tomonidan amalga oshiriladigan xalqaro valyuta munosabatlarini tartibga solish amaliyoti;
b) davlatlararo shartnomalar asosida xalqaro valyuta munosabatlarini tartibga solish amaliyoti.
3. Valyuta ayirboshlash kurslari tebranishi natijasida tijorat banklarining ko‘zda tutilmagan zararlarini kamaytirish uchun valyuta riskini tartibga solish sohasida quyidagi chora-tadbirlarni ko‘rish maqsadga muvofiq deb hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining bu boradagi amaldagi yo‘riqnomasini ochiq valyuta pozitsiyasini chet el valyutasidagi aktivlar va passivlar o‘rtasidagi farq sifatida, deb tasniflanib, o‘zgartirilishiga erishish;
Barcha banklar ochiq valyuta pozitsiyasining amaldagi miqdorlarini ularning chet el valyutasidagi aktivlari va majburiyatlari nisbatini qiyoslash yo‘li bilan aniqlash;
AQSh dollari va Yevro bo‘yicha valyuta pozitsiyalari limitlarini diversifikatsiya qilish;
4. Xorijiy mamlakatlar valyutasida tushumni ko‘paytirish imkoniyatlaridan biri – norezidentlarga, birinchi navbatda, Markaziy Osiyoning O‘zbekistonga qo‘shni hududlarda yashovchi boshqa davlatlar fuqarolariga ko‘rsatilayotgan xizmat turlari va hajmini kengaytirishdir. Hozirgi vaqtda, Boltiqbo‘yi mamlakatlari banklarida norezidentlar tomonidan ochilgan hisob-varaqlarning umumiy miqdori ushbu banklar balansining anchagina qismini tashkil etadi va ularga sezilarli foyda keltirmoqda. Hozirgi vaqtda ushbu masala O‘zbekiston banklari tomonidan Markaziy Osiyo bank xizmatlari bozorida uzoq muddatli istiqboldagi vazifa bo‘lsa ham, ammo respublikamizga chegaradosh hududlarda bank tizimi etarlicha rivojlanmaganligini hisobga olgan holda quyidagilarni amaga oshirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz: norezident yuridik shaxslar tomonidan minimal me’yoriy talablarga rioya qilgan holda omonat qo‘yilmalarini saqlash va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish.
Shuningdek, offshor hududlar ochish masalasini ko‘rib chiqish kerak. Xususan, xalqaro turistik shahar hisoblangan Samarqand, Buxoro yoki Xivani offshor hudud bo‘lishiga erishish. Bu holda atrofdagi qo‘shni davlatlardan qo‘shimcha valyuta resurslarini jalb etish imkoniyati tug‘iladi.
Shunday qilib, iqtisodiyotni valyuta munosabatlari orqali tartibga solish jarayonlarida Markaziy bank va Moliya vazirligining tutgan o‘rni va mavqei iqtisodiyotni erkinlashtirishning hozirgi bosqichida, mamlakatimiz uchun dolzarb hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |