Aholi yashash punktining suv ta’minoti sxemasi
1–rasm
a–reja; b–qirqim; 1–suv olish tuguni; 2–suv uzatish quvuri; 3–qirg‘oq qudug‘i;
4–NS–I; 5–tindirgichlar; 6–filtrlar; 7–toza suv rezervuari; 8–NS–II; 9–suv eltuvchi quvurlar; 10–suv bosim minorasi; 11–magistral quvurlar; 12–tarqatuvchi quvurlar 13–binolarga kirish quvurlari; 14–iste’molchilar
Suv ta’minoti tizimi loyihalanayotganda odatda ikki qismga ajratiladi: tashqi va ichki. Tashqi suv uzatish tarmog‘iga suvni olish, tozalash va binolarning kirish joyigacha yetkazib beruvchi barcha inshootlar kiradi. Ichki suv uzatish tarmog‘iga tashqi suv manbaidan talab qilingan bosimda suvni iste’molchilarga uzatish uchun xizmat qiluvchi (bino ichida joylashgan) muhandis-texnik inshootlar kiradi.
Yer yuzasidagi manbalardan suv oluvchi inshootlarning-o‘zanli, qirg‘oqli (alohida yoki NS–I bilan birlashtirilgan) va maxsus (kovshli, infiltratsiyali, ko‘chma, suzib yuruvchi va h.k.) turlari bo‘lishi mumkin.
O‘zanli suv olish inshootlari yassi qirg‘oqli, bo‘sh tuproqli va qirg‘oq oldidagi suvning chuqurligi sayoz bo‘lgan joylarda quriladi. Suv qabul qilish inshooti joyi sifatida suv manbaining eng kam ifloslanadigan, yuvilmaydigan, suv tubidagi qumlarning jadal harakati kuzatilmaydigan va muz bo‘laklari to‘planmaydigan joylar tanlanadi (ҚMҚ 2.04.02-97 ning 5.78, 5,82-bandlari).
Nisbatan tik qirg‘oqqa, hamda qirg‘oq oldi suv chuqurligi katta bo‘lgan manbalarda qirg‘oqli suv olish inshootlari qo‘llaniladi. Daryodagi suv qirg‘oq qudug‘i devoriga o‘rnatilgan sim to‘r teshigi orqali qabul qilish kamerasiga kelib tushadi. Daryoda qalin muz hosil bo‘lganda (5.92-bandi) yoki suv yuqori darajada loyqalangan vaqtda daryodan suvni bir maromda olish uchun sun’iy qo‘ltiq (kovsh) yoki tuproq qatlami orqali suv sizib keladigan (filtratsiyalanadigan), daryo bo‘ylab (yoqalab) joylashgan inshootlar (skvajina, shaxta qudug‘i, gorizontal suv olish qurilmalari)dan foydalanish maqsadga muvofiq.
Suvli qatlamning yotish chuqurligi 30 metrdan ortiq bo‘lganda suv olish skvajinalari, 30 metrgacha bo‘lsa-shaxta quduqlari, 8 metrgacha va qatlam qalinligi kam bo‘lganda-gorizontal suv olish inshootlari qo‘llaniladi (ҚMҚ 2.04.02-97 ning 5.27, 5.35-bandlari).
Yer osti suv manbalaridan foydalanganda tozalash inshootlari qurish zarurati bo‘lmaydi, suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri toza suv rezervuariga uzatiladi.
Tozalash inshootlari suvga zarur fizik, kimyoviy va bakteriologik xususiyatlarni kiritish uchun xizmat qiladi (ҚMҚ 2.04.02-97 ning 6-bo‘limi). Uning ish faoliyati inshootga NS–I dan sutka davomida suv bir maromda qabul qilinganda ancha samarali hisoblanadi. Ayni paytda NS–II ish rejimi sutka davomida suv iste’molining notekisligini (kunduzgi vaqtlarda ortadi tungi soatlarda esa kamayadi) inobatga olgan holda tanlanishi lozim. Birinchi va ikkinchi ko‘taruv nasos stansiyalari ishidagi bunday tengsizlikni tartibga solish uchun zahira suv rezervuarlaridan foydalaniladi, ularda nafaqat rostlash sig‘imi, balki yong‘in o‘chirish maqsadidagi tegilmaydigan zahira suv hajmi ham saqlanadi.
Shahar suv iste’molining soat bo‘yicha notekisligi katta hollarda bosim suv minoralari ko‘zda tutiladi. Suv iste’molining notekisligi shahar aholisi sonining ortishi bilan sezilarli darajada tekislanadi, bu esa bosim–rostlash inshootlarisiz uddalash imkonini beradi. Bunda suv NS–II dan to‘g‘ridan–to‘g‘ri shahar suv ta’minoti tizimi quvurlariga uzatiladi.
1–rasmdagi sxemada bosim suv minorasi suv uzatish tarmog‘ining boshlanishida joylashgan. Odatda u tabiiy (baland joyda) balandlikda o‘rnatiladi va shaharning ixtiyoriy nuqtasida bo‘lishi, hatto suv keltirish quvuriga nisbatan qarama-qarshi tomonda ham joylashishi mumkin. Oxirgi holatda bosim suv minorasi kontrrezervuar deb ataladi.
Kontrrezervuarli tizimda maksimal suv iste’moli soatlarida talab qilingan suv miqdori bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikkita tomondan uzatiladi: nasoslardan Qn va suv bosim minorasidan Qm (2-rasm). Qn va Qm larni hamda tarmoqdan suv olish xarakterini bilgan holda, nasos va bosim suv minorasiga ulangan tarmoqlardan suv iste’mol qiladigan hududlarni belgilab olishimiz mumkin. Bu hududlarning chegaralarida (a-a tarmoq) nasos va bosim suv minoralaridan boradigan suv oqimining o‘zaro uchrashishi kuzatiladi. Ikkita bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan nuqtalardan suv sarfining maksimal tarzda uzatilishi suv uzatish quvurlari diametrini kamaytirishga olib keladi. Bosim suv minoralarini qurish sutkalik suv sarfi 50 ming m3 gacha bo‘lsa, o‘zini oqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |