15-§. Old Osiyo davlatlari va ularning qo`shnilari
Xett podsholigi. Miloddan avvalgi II mingyillikda Old Osiyo hududida o`lkada yashagan xalqlarni birlashtirgan ilk davlatlar vujudga kela boshladi, jumladan: Xett, Mitanni, Ossuriya, Urartu,
Finikiya shahar-davlatlari. Bu davlatlar doimiy bosqinchilik va
mudofaa urushlarida kun kechirishgan. Taxminan miloddan avvalgi XVIII asrda Kichik Osiyo markazida (hozirgi Turkiya hududida) xettlar degan shimollik xalq o`z davlatiga asos soladi. Xattusas shahri ana shu davlatning poytaxti bo`lgan. Aholining asosiy mashg`uloti dehqonchilik va chorvachilik edi. Xettlar qo`shni mamlakatlar bilan doimiy urushlar olib borishgan. Jangovar aravalar va qoq o`rtasiga temir uchlik o`rnatilgan qalqonlardan foydalanishgan. Xettlar Suriyaning anchagina shaharlarini bosib olib, Bobilni talon-taroj qilganlar. Hozirgi Suriya hududida vujudga kelgan qo`shni Mitanni podsholigi xettlarning xavfli raqibiga aylandi. Urushlarda mitanniliklar otliq qo`shindan foydalanishgan, xettlar poytaxti Xattusasni bosib olish chog`ida otliq qo`shin hal qiluvchi rol o`ynagan edi. Shunday bo`lsa-da, miloddan avvalgi XIV asr boshlarida Xettlar podsholigi tag`in kuchaya boshladi. Xettlar o`rtayer dengizi bo`ylarini urushib qaytarib oldilar, Mitanni podsholigini zabt etdilar. Faqat Ossuriya tahdidi xavf-xatari ostida xettlar Misr hukmdori bilan sulh tuzishga majbur bo`ladilar. Ossuriyaliklar Bobilni bosib oladilar, ammo xettlar ularning tazyiqini to`xtatishga muyassar bo`ladilar. Miloddan avvalgi XIII asr oxirida tarixda nomlari noma'lum xalqlar (ularni "dengiz xalqlari" deb atashgan) xettlar poytaxtini bosib olib, butunlay vayronaga aylantirdi. Davlat nuradi, xettlar esa boshqa xalqlarga singishib ketdi. Ossuriya podsholigi. Qadim zamonlarda ossuriyaliklar Dajla yuqori oqimidagi kichikroq hududni egallashgan. Avval Oshshur shahri, keyin esa Nineviya shahri poytaxt bo`lgan. Aholining asosiy mashg`uloti dehqonchilik va savdo-sotiq edi. Ossuriyaliklar davlati miloddan avvalgi XX asr atroflarida vujudga keldi. Ossuriyaliklar jangari xalq bo`lgan. Ular qo`shni yerlarga tez-tez hujum qilib turardilar. Ossuriyaliklarning qudratli lashkari har yili yangi yerlarni zabt etishga otlanar edi. Bo`ysundirilgan xalqlar Ossuriya hukmdoriga katta miqdorda xiroj to`lar edi. Mil. avv. XIII asrda podsho Salmanasar hukmronligi davrida Ossuriya podsholigi o`z ravnaqining yuqori cho`qqisiga erishadi. Mil. avv. VIII-VII asrlarda Ossuriya podsholigi qayta yuksalgan davrda Bobil, Bibl, Tir, Sidon va Falastinning bir qismi ham bosib olinadi. Quddus (Iyerusalim) shahrini bosib olgan ossuriyaliklar qal'a devorlarini, uylar va ibodatxonalarni buzib tashlab, aholini asirlikka haydab ketadilar. Hukmdorlarning haddan tashqari shafqatsizligi sababli Ossuriya poytaxti Nineviyani "qonga botgan shahar" yoki "sherlar darasi" deya ta'riflashgan. Yurishlarda talab tortib olingan hamma narsa poytaxtga oqib kelar edi. Ulug`vor saroylar va ibodatxonalar boylikka to`lib ketgan edi. Oshshurbanipal hukmronligi yillarida Nineviyada Old Osiyodagi eng yirik, sopol taxtachalardan iborat bo`lgan kutubxona jamlangan edi. Ossuriya davlati mil. avv. XX asrda vujudga keldi; mil. avv. XIII asrda ravnaqining yuqori cho`qqisiga erishdi; mil. avv. VII asrda tarix sahnasidan ketdi. Asta-sekin Ossuriya davlati zaiflashib bordi. Mil. avv. 627-yilda dastlab Bobil, so`ngra Midiya Ossuriyadan ajralib chiqdi. So`ngra Bobil va Midiya birlashib, bir hamla bilan Oshshur va Nineviyani mil. avv. 612-yilda zabt etishdi. Mil. avv. 605-yilda Ossuriya armiyasi batamom qirib tashlagandan keyin bu davlat ham zavolga yuzlandi. Urartu podsholigi. Urartu davlati Kavkazortida, Van, Urmiya va Sevan ko`llari oralig`ida joylashgan edi. Aholisini urartlar deyishgan. Yagona davlat tashkil topishi Ossuriya hujumlaridan mudofaa qilish zaruratini tezlashtiradi. Ossuriyaliklarni tor-mor etish imkoniyati bo`lmagan Urartu qo`shinlari to`g`ridan to`g`ri janglarga kirmaslik taktikasiga amal qilardilar. Miloddan avvalgi IX asrda Sardur hukmronligi davrida Urartu davlati gullab-yashnadi. Tushpa shahri Urartu davlati poytaxtiga aylanadi. Urartlar bir necha bosqinchilik yurishlariga chiqadilar, ossuriyaliklar ustidan g`alaba qozonadilar. Ammo miloddan avvalgi 704-yilda ossuriyaliklar qo`shinlari urartlar armiyasini tor-mor etib tashladi. Bir qancha Urartu hukmdorlari davrida jamlangan ulkan xazina g`oliblar qo`liga o`tdi. Teyshebaini shahridagi qal'a ishg`ol etildi va vayron qilib tashlandi. Shundan keyin Urartu podsholigi ancha zaiflashib qoldi, uni ko`chmanchi skif qabilalari va Midiya podsholigi o`ziga tobe ayladi. Mil. avv. 590-yilda Urartu podsholigi ham tarix sahnasidan ketdi. Finikiya va Falastin. Qadim zamonlarda Finikiya o`rtayer dengizining sharqiy qirg`og`i bo`yiab hozirgi Livan hududida va Suriyaning bir qismida joylashgan edi. Finikiyaliklar dehqonchilik bilan shug`ullanganlar, bog`lar va uzumzorlarni parvarishlaganlar. Finikiya ninabargli daraxt - kedrli o`rmonlarga kon edi. Kedr yog`ochidan kemalar yasashardi. Kedr qatroni (smolasi) mumiyo tayyorlash uchun Misrga keltirilardi. Savdo-sotiq finikiyaliklarning asosiy mashg`ulotlaridan biri bo`lgan. Finikiyaliklar qo`shnilariga yog`och, metallar va gazlamalar sotardilar. o`rtayer dengizi sohilida Tir, Sidon, Ugarit singari yirik dengiz bo`yi shaharlari vujudga keldi. Finikiyaliklar dengizchilik ishini a'lo darajada bilishgan. Mil. avv. II mingyillikdayoq ular Kipr oroli va Kichik Osiyo sohillarida koloniyalarga asos soldilar. Shundan keyin finikiyaliklar Afrika, Ispaniya sohillarida, Sardiniya va Sitsiliya orollarida ham paydo bo`lishdi. Mil. avv. X-IX asrlarda Finikiyada Tir-Sidon podsholigi vujudga keldi. Mil. avv. VII asrda bu davlatni Ossuriya podsholigi bosib oldi. Mil. avv. X asrda Finikiyada 22 undosh harfdan iborat bo`lgan alifbo yaratildi. Yunonlar ana shu alifboni o`zlashtirib oldilar, ularga unli harflarni ham qo`shib qo`ydilar. Mil. avv. II mingyillik o`rtalarida Falastinga qadimgi yahudiy qabilalari ko`chib joylashdilar. Mil. avv. IX asrda Falastin hududida Isroil podsholigi vujudga keldi, keyinchalik u Yahudiya podsholigiga birlashtirildi. Isroil podsholigi ossuriyaliklar zarbasidan parchalanib ketdi. Mil. avv. 586-yilda Yahudiya Bobil podsholigi tomonidan bosib olindi. Qadimiy yahudiylarning afsonalari diniy kitoblarga yozib borilgan. Bu kitoblar to`plami "Bibliya ga jamlangan, bu so`z yunonchadan "kitob" degan ma'noni anglatadi. "Bibliya"da Olam, Yer yuzidagi ilk odamlar - Odam ato va Momo havo yaratilishi, Yer yuzini To`fon tutganligi haqida va boshqa rivoyatlar mavjuddir.
Do'stlaringiz bilan baham: |