Gap sintaktik qolipini shakllantirish, farqlash hamda voqelantirishda leksik va morfologik sathlar hamkorligi. Ta’kidlash lozimki, sintaktik qolip nazariyasi asosida o‘zbek tilshunosligida ishlab chiqilgan grammatik shakllangan sodda gapning minimal qolipi – [WPm] mohiyatan morfologik shakldir.1 Morfologiya va sintaksis yaxlitligini isbotlovchi bundan-da kuchliroq omilni topish qiyin. Chunki bu qolip gapning grammatik shakllangan markazi strukturasini belgilaydi, morfologik hodisa sintaktik mohiyat kasb etadi. Demak, sintaksisda eng asosiy kategoriya bo‘lmish gap markazi morfologik asosda shakllanadi. Lekin [WPm] qolipiga o‘zbek tilidagi barcha so‘zlar ishora qila olmaydi. Tavsiflovchi leksemalar – bugungi kunda ular o‘zbek tili grammatik talqinida so‘z-gaplar yoki semantik-funksional shakllangan so‘z-gaplar deb ataladi – gap kesimi mavqeida kelganda o‘ziga xos leksik-semantik qolip strukturasiga ega bo‘ladi. YA’ni so‘z-gaplar sintaktik funksiya jihatidan faqat kesim mavqeida kela oladigan leksemalar bo‘lib, sintaktik vazifa ularning lug‘aviy ma’nosida mujassamlangan. Bundan xulosa qilish mumkinki, grammatik shakllangan gaplarning markazi morfologik usul bilan shu qiyofaga kirsa, semantik-funksional shakllangan gaplarning markazi leksik-semantik usul bilan vujudga keladi. Bu esa Ї sintaksisning eng muhim kategoriyasi bo‘lgan gap markazi mutlaq nosintaktik hodisalar Ї morfologik va leksik omillar bilan shakllantirilishi haqidagi xulosaga olib keladi. Bu tilshunos I.I.Meshchaninovning lisoniy sistemaning moddiy tomoni e’tibordan soqit qilinsa, u leksika va sintaksisdangina iborat bo‘ladi degan xulosasi bilan uyg‘undir.1 Shunday pirovard xulosa asosida tildan sintaksisni soqit qilib, unda faqat morfologiyani qoldira olamizmi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bu savolga ijobiy javob berish qiyin. Zero, morfologik shakllarning sintatik funksiyasidan tashqari, sintaksising o‘ziga xos eng muhim va kuchli omili – joylashuv ham mavjud bo‘lib, u morfologiya va leksikadan ayri holatlar sifatida sintaksisda qolaveradi.2 Shu boisdan dunyo tillarida morfologiyasiz yoki morfologiyasi o‘ta kuchsiz rivojlangan tillar ko‘p bo‘lsa-da, sintaksissiz til bo‘lishi mumkin emas. Go‘yo sintaksisning leksika va morfologiya bilan chatishuvi masalasini tahlil etishni shu bilan ham yakunlash mumkindek tuyuladi. Biroq tilda shunday holatlar ham mavjudki, ular gap sintaksisining morfologiya va leksika bilan juz’iy aloqalarini belgilab boradi. Quyida ulardan ayrimlarini sanab o‘tishga harakat qilinadi.