8- BO‘LIM
SINTAKTIK BIRLIKLARNING NUTQIY VOQELANISHIDA SATHLAR HAMKORLIGI
Tayanch tushunchalar
Sistema, sath, fonetik sath, leksik sath, morfologik sath, sintaktik sath, hamkorlik, umumiy ma’no, oraliq ma’no, xususiy ma’no, lisoniy-sintaktik qolip, oraliq sintaktik qolip, grammatik shakl, morfologik vosita, morfologik shakl, egalik shakli, kelishik, grammatik ma’no, sintaktik shakl, kesimlik shakli, gap markazi, gorizontal darajalanish, vertikal darajalanish, butun va bo‘lak
Til yaxlit sistema ekan, bunda uning butunlik sifatida o‘z tarkibiy qismlarining oddiy arifmetik yig‘indisiga teng emasligini esda tutish lozim. Zero, sistema uchun asosiy shart munosabatlar bo‘lib, bu esa, aytilganidek, tarkibiy qismlarning butunlik tashkil etishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Masalan, geometrik figura sifatida kvadrat to‘rtta to‘g‘ri chiziqning yig‘indisidangina iborat emas, balki tomonlarning perpendikulyar va parallel munosabatlari hamda bu munosabat ta’sirida tug‘iladigan to‘g‘ri burchaklar konyunksiyasi asosida tiklanadi. Nutqda voqelangan har qanday, oo fonetik, lug‘aviy, morfologik, sintaktik hodisalardan har birida boshqa sath hodisalari muntazam bo‘lmagan hamkorlikda harakat qiladi. Keltirilgan har ikkala dalil esa, zohiran bog‘liqdek tuyulmasa-da, botinan yagona qonuniyat asosida hukm suruvchi “vahdat-ul-vujud”ning ikki parchasi sifatida bir-birini mustahkamlovchi asoslardir.
Borliq “vahdat-ul-vujud” qonuniyati sifatida hukm surar ekan, uning yashashi, namoyon bo‘lishi substansiya va tajalli musanniyati asosida tushuntiriladi. Substansiya va tajalli qarama-qarshiligi esa bugungi kunda lison va nutq dixotomiyasini oydinlashtiruvchi asosiy, tayanch metodologik xususiyat kasb etayotganligi bilan xarakterlanadi.
Sharq ma’naviyati va madaniyatida, xususan, ilmida, metodologiyaga, aniqrog‘i, ilmiy tadqiq metodologiyasiga alohida e’tibor bilan qarashgan. Metodologik tayanchsiz yoki uni uqmagan tadqiqotchi ko‘rga (Navoiyda) yoxud qorong‘ulikdagi kishiga (Rumiyda) qiyoslanadi.
Tasavvuf dialektikasida bilish borliq va Haq munosabatini anglash asosida tushuntirilar ekan, bunda dastlab ikki – fahmiy va idrokiy bosqichlar farqlanadi. Afsuski, bugungi kunda tasavvufdagi fahmiy va idrokiy bilimlar va ularning ixtilofi haqidagi ma’lumotlar fanimizga bevosita Yevropa falsafasi asosida kirib keldi. Ma’lum bo‘ladiki, zamonaviy falsafadagi dialektik-gnoseologik tadqiq omillari zotan sharq tafakkuri mahsuli – tasavvuf dialetikasidagi bilish konsepsiyasidan farq qilmaydi. Demak, milliy istiqlol ilmiy tadqiq jarayonida ilmiy-metodologik qadriyatlar – sharq ma’rifiy adabiyotining dialektik-gnoseologik mag‘zidan ham oziqlanish uchun keng imkoniyatlar ochib bergan ekan, undan oqilona foydalanish zarur. Buning esa milliy mafkura takomilidagi roli beqiyos.
Lisoniy birliklar umumiy ma’nosi oraliq ma’nolar orqali nutqqa chiqadi. Masalan, leksik sath birligi bo‘lgan leksema nutqda voqelanar ekan, bunda umumiylikning xususiylashuvi bir necha oraliq “zina”lar asosida kechadi. Oraliq lug‘aviy ma’no deb ataluvchi bu parchalarning farqlanishi va voqelikka aylanishida morfologik va sintaktik sathlar hamkorlik qiladi va bunda ularning “hissa”lari nisbati turlichadir. Masalan, sintaktik qolip leksemani nutqqa olib kiradi, morfologik vosita uni shakllantiradi. Biroq uning oraliq lug‘aviy ma’nolarini farqlashda goh sintaksis, goh morfologiya ustunlik qiladi, Agar sintaksis leksemani nutqqa olib kirish va uning oraliq lug‘aviy ma’nolarini farqlash imkoniyatiga ega bo‘lsa, morfologiya uni shakllantirish bilangina cheklanadi. Sintaktik qolipning vazifasi birlikni nutqqa olib kirish bilangina cheklansa, unda morfologiyaning faolligi ortadi. U endi nafaqat leksemani shakllantirish, balki oraliq bo‘g‘inlarni farqlash vazifasini ham o‘ziga oladi.
Morfologik shakllar umumiy grammatik ma’nosi va ularning parchalari bo‘lgan oraliq grammatik ma’nolari masalasi tadqiqotlarda birmuncha kengroq o‘rganilgan. Biroq ularning oraliq grammatik ma’nolarini farqlashda sathlararo munosabatlar masalasini o‘rganish ham muhimdir. Morfologik shaklni sintaktik qolip nutqqa olib kiradi va lug‘aviy hodisalar deganda ayrim leksemalargina emas, balki, leksemalarning lug‘aviy ma’noviy guruhlari, birliklarning kategorial guruhlari ma’nolari ham tushuniladi.
Quyida sintaktik birliklarning nutqqa chiqishi jarayonida ular umumiy ma’nolarini oraliq ma’nolarga parchalash va ularni farqlashda boshqa sathlarning roli va o‘rni masalasiga to‘xtalamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |