MURAKKAB QO’ShMA GAP
Uch yoki undan ortiq qismdan tashkil topgan gap murakkab qo’shma gap sanaladi. Masalan, “Bahor shunday serzavq, rangdor faslki, hali qarasang, tog’lardan karvon-karvon bulutlar keladi-da, yomg’ir sel bo’lib quyiladi, hali qarasang, darrov bulutlar tarqaladi, osmon oynaday musaffo bo’ladi” gapi murakkab qo’shma gap bo’lib, yetti qismdan tashkil topgan. Bu murakkab qo’shma gap ergashish yo’li bilan tuzilgan bo’lib, uning ergash gaplari ikki yarusli. Birinchi yarusda to’rtinchi, ikkinchi yarusda yettinchi gap yetakchi qismdir. Yetakchi qismlar o’zlaridan oldingi ergash gaplarni ketma-ket ergashtirib, o’zlari birinchi gapga ergashadi. Bu gapning sxemasi quyidagicha:
Sxemadan bu qo’shma gapning murakkab qo’shma gap ekanligi aniq ko’rinib turibdi.
Murakkab qo’shma gap qismlarining o’zaro mazmun, grammatik va intonasion xususiyatlari jihatidan rang-barang. Ana shunga ko’ra murakkab qo’shma gap dastlab uch guruhga bo’lib o’rganiladi.
1. Bog’lanish yo’li bilan tuzilgan murakkab qo’shma gap.
2. Ergashish yo’li bilan tuzilgan murakkab qo’shma gap.
3. Bog’lanish va ergashish yo’li bilan tuzilgan murakkab qo’shma gap. Buni aralash yo’li bilan tuzilgan murakkab qo’shma gap ham deyiladi.
Bog’lanish yo’li bilan tuzilgan murakkab gap qo’shma gap qismlari mazmun va grammatik tomonidan o’zaro teng bo’lib, bir qism ikkinchi qismni izohlamaydi, bir qism ikkinchi qismga ergashmaydi:
Bunda bulbul kitob uqiydi,
Bunda qurtlar ipak to’qiydi,
Bunda ari keltiradi bol,
Bunda qushlar topadi iqbol /H.Olimjon/.
Keltirilgan bu misol to’rt qismdan iborat bo’lgan murakkab qo’shma gap bo’lib, uning qismlari ham mazmun, ham grammatik tomondan o’zaro teng, biri ikkinchisini izohlamaydi, biri ikkinchisiga ergashmaydi.
Bog’lanish yo’li bilan tuzilgan murakkab qo’shma gap qismlarining barchasi o’zaro faqat intonasiya yoki ba’zi qismlari intonasiya, ba’zilari esa bog’lovchi yordamida /aralash yul bilan/ birikadi.
Yuqorida keltirilgan misolda murakkab qo’shma gapning to’rttala qismi ham intonasiya yordamida birikadi. Quyidagi misolda esa murakkab qo’shma gapning keyingi ikki qismi bog’lovchi, oldingilari intonasiya orqali bog’lanadi: Bu sahroda maysalar ham, chechaklar ham yo’q, gullar ham ko’rinmaydi, bulbullar ham sayramaydi, buloqlar qaynab toshmaydi, suvlar oqmaydi va qo’y-qo’zilardan ham darak yo’q. Bu gapda “va” bog’lovchisi qo’shma gap ikki qismini biriktirib bog’lash bilan bir qatorda uyushiq gaplar sanalishining tugallanganligini ham ko’rsatadi.
Ergashish yo’li bilan tuzilgan murakkab qo’shma gap qismlari mazmun va shuningdek, grammatik tomondan o’zaro teng bo’lmaydi, bir qism boshqa bir qismga tobe buladi, ya’ni ergash gap boshqa gapni izohlaydi. Masalan, “Kim ishning havosini olsa, kim shu ishdan bir nima chiqishiga ishonsa, o’sha g’olib bo’ladi” gapi uch qismli murakkab qo’shma gap bo’lib, ergashish yo’li bilan tuzilgandir.
Ergashish yo’li bilan tuzilgan murakkab qo’shma gaplar bosh va ergash gaplarning miqdoriga ko’ra uch xil bo’ladi:
a) bir bosh, ko’p ergash gapli murakkab qo’shma gap;
b) bir ergash, ko’p bosh gapli murakkab qo’shma gap;
v) ko’p bosh, ko’p ergash gapli murakkab qo’shma gap.
Birinchisida bosh gap bitta bo’lib, bir nechta ergash gap bo’ladi. Bu xil murakkab qo’shma gaplarda ergash gaplar bosh gapga ikki xil yo’l bilan ergashadi:
a) bosh gapga to’g’ridan-to’g’ri ergashadi;
b) bosh gapga ketma-ket ergashadi.
Bosh gapda ifoda etilgan harakatning turli tomondan izohlanishi lozim bo’lsa, ergash gap ko’p bo’ladi va bu ergash gaplarning har biri bosh gapni o’zicha izohlaydi, bosh gapga to’g’ridan-to’g’ri ergashadi:
1. Qasd qilganlar past bo’lsin, dushman o’lsin deb, o’g’lim - bahodirim omon bo’lsin deb, yaxshi tilak tila, yaxshi niyat qil /Uyg’un/.
Yuqorida keltirilgan gap to’rt qismdan iborat bo’lib, uning birinchi, ikkinchi, uchinchnsi - ergash, to’rtinchisi - bosh gap. Bu ergash gaplar mazmun va kesimlarining grammatik shakli jihatidan bir xil bo’lib, sanash ohangi bilan aytiladi, shuning uchun ularni uyushiq ergash gaplar deyish mumkin.
Bosh gapga to’g’ridan-to’g’ri ergashuvchi ergash gaplar hamma vaqt ham bir tipli, ya’ni bir xil mazmunli bo’lavermaydi. Ular, o’rniga qarab, turli tipda, ya’ni har xil mazmunli ham buladi. Shunga bog’liq holda ergash gap kesimlarining grammatik shakli ham turli xil ko’rinishda qo’llanadi. Masalan: 1. Havaskorlar to’plangach, rahbarimiz kelmagan bo’lsa ham, repitisiyani boshlab yubordik /Gaeyetadan/ 2. Havaskorlar tugaragi boshlig’i yetib kelmagan bo’lsa ham, repitisiyani boshladik, chunki vaqt g’animat /Gazetadan/. Keltirilgan misollarning birinchisida uchinchi gap - bosh gap, birinchi gap - payt, ergash gap, ikkikchi gap esa to’liqsiz ergash gapdir. Bu ergash gaplar, turli tipli bo’lsa ham bosh gapga to’g’ridan-to’g’ri ergashadi.
Ikkinchi misol ham uch qismli qo’shma gap bo’lib, uning ikkinchi, qismi - bosh gap, birinchi qismi - to’siqsiz ergash gap, uchinchi qismi esa sabab ergash gapdir. Bu ergash gaplar ikki tomandan kelib bosh gapga to’g’ridan-to’g’ri ergashadi.
Ergashish yo’li bilan tuzilgan murakkab qo’shma gaplarda ergash gaplar bosh gapga to’g’ridan-to’g’ri ergashish bilan birga, ketma-ket ham ergashadi. Bunda bir ergash gap ikkinchi ergash gapga, ikkinchi ergash gap uchinchi ergash gapga va, shunday qilib, keyingisi bosh gapga ergashadi. Shuning uchun ham bu xil qo’shma gaplarda mutlaq va nisbiy bosh va ergash gaplar buladi. Mutlaq bosh gap nisbiy bosh gapni, nisbiy bosh gap esa mutlaq ergash gapni ergshtiradi. Masalan, “Mart oyi kelgach, barcha ochilsa, ne vaj qilurman Xayrinisoga” misolida “barcha ochilsa” gapi “mart oyi kelgach” gapiga nisbatan bosh gap, “ne vaj qilurman Xayrinnsoga” gapiga nisbatan ergash gapdir. Bu xil nisbiy bosh va nisbiy ergash gaplarni sxemada to’rt burchakli chiziq ichiga doira chizib ko’rsatish mumkin.
Yana bir misol: Tajriba shuni ko’rsatadiki, agar bog’da chuvalchang qolmasa, daraxtlar qurir ekan /Gazetadan/.
Ergashish yo’li bilan tuzilgan murakkab qo’shma gapning ikkinchi turida ergash gap bitta bo’lib, bosh gap bir nechta bo’ladi. Ergash gap bosh gapning har biri bilan grammatik aloqaga kirib, unga ergashadi. Masalan, “Kolxoz rahbarlari no’noq bo’lsa, kolxozchining mehnat kuniga beriladigan haq kam bo’ladi, davlat ham zarar ko’radi” gapi uch qismli qo’shma gap bo’lib, uning birinchi qismi ergash, ikkinchi va uchinchi qismlari bosh gapdir. Bosh gaplar o’zaro teng bo’lib, sanash ohangi bilan aytiladi va ergash gapni ikkalasi ham ergashtiradi.
Sen bormasang, bahor bo’lmaydi,
Ochilmaydi bog’larda gullar,
Qarag’aylar barg chiqarmaydi,
O’rmonlarga kelmas bulbullar. /H.Olimjon/
Do'stlaringiz bilan baham: |