Qo’shma gapning tarkibidagi bog’lovchi vositalariga ko’ra tasnifi. Bu tasnif sof shakliy bo’lib, gap orasidagi ma’noviy bog’lanish qanday qo’shimcha (shakliy) vosita bilan ta’minlanishiga tayanadi. Bu asosga ko’ra qo’shma gapning quyidagi turlari ajratiladi:
a) faqat ohang bilan bog’langan qo’shma gap;
b) yuklamalar vositasida bog’langan qo’shma gap;
d) teng bog’lovchilar vositasida bog’langan qo’shma gap;
ye) ergashtiruvchi bog’lovchilar vositasida bog’langan qo’shma gap;
f) nisbiy so’zlar vositasida bog’langan qo’shma gap.
Bog’lovchi vositalarning ma’nodoshligi va vazifadoshligi. Qo’shma gaplarning bog’lovchi vositalarga ko’ra yuqorida berilgan 5 turi asosida ma’nodoshlik munosabati juda kuchli. Xususan, faqat ohang bilan bog’langan qo’shma gapda ifodalangan ma’noviy munosabat qo’shma gapning boshqa turi bilan ham berilishi mumkin. Biriktiruv bog’lovchilari yordamida bog’langan qo’shma gap va faqat ohang bilan bog’langan qo’shma gap sinonimiyasi juda keng. Qiyoslang: 1. Bahor boshlandi, dalada ishlar qizidi. 2. Bahor boshlandi va dalada ishlar qizidi.
Qo’shma gapning tarkibiy qismlari orasidagi ma’noviy munosabatga ko’ra turlari. Bu tasnifda qo’shma gap tarkibidagi qism (gap)lar o’rtasidagi ma’noviy munosabatga asoslaniladi va ikkita muhim nuqtaga e’tibor qaratiladi:
1) qo’shma gap tarkibiy qismlari orasida qanday ma’noviy munosabat (masalan, payt, o’rin, sabab, birin-ketinlik, bir vaqtdalik, izohlash, qiyoslash va h.) ifodalanganligi;
2) aynan bir ma’noning turli yo’llar bilan ifodalanishi mumkinligi (yoki aksincha).
Shakl va mazmun munosabati nisbiy mutanosiblikda (ya’ni asimmetrik) bo’lganligi sababli qo’shma gapda polisemiya va omonimiya hodisalari kuzatiladi.
Jumladan, payt munosabatini ifodalashda quyidagicha sinonimiya hodisasini kuzatishimiz mumkin:
1. Osmonni bulut qopladi, yomg’ir yog’di.
2. Osmonni bulut qoplasa, yomg’ir yog’adi.
3. Osmonni bulut qopladi-yu, yomg’ir yog’di.
4. Osmonni bulut qopladi, shu zahoti yomg’ir yog’di. va h.k.
Yoki shart shaklida bir nechta semantik munosabat ifodalanishi natijasida sintaktik polisemiya hodisasi kuzatilishi mumkin:
a) payt ma’nosi – Kelsam, dars bo’lmadi;
b) shart ma’nosi – Madina borsa, aytaman;
d) to’siqsizlik ma’nosi – Gulchehra aytsa ham, bormayman va h.k.
Qo’shma gap tarkibiy qismlari orasidagi ma’noviy munosabatga ko’ra tasnifi bilan qo’shma gap qismlari orasidagi funksional munosabatlarga ko’ra tasnifi o’zaro bog’liq. Tom ma’noda bu tasnif tarkibiy qismlarini o’zaro bog’lashga xizmat qiluvchi bog’lovchining o’z ma’nolari bilan aloqador. Masalan, agar shart va payt ma’nolarini beradi.
Bog’lovchilar ma’nosi va gap semantikasi, juda ko’p holatda bog’lovchilarning o’zgarishi gaplararo o’zaro munosabatlarning qisman yoki butunlay buzilishiga olib keladi. Masalan, Qo’ng’iroq chalindi, talabalar auditoriyaga kirishdi qo’shma gapi turli bog’lovchi bilan bog’langanda har xil munosabatni yuzaga keltirishi mumkin. Jumladan:
1. Qo’ng’iroq chalindi, talabalar auditoriyaga kirishdi.
2. Qo’ng’iroq chalindi, chunki talabalar auditoriyaga kirishdi.
3. Qo’ng’iroq chalindi, shu sababli talabalar auditoriyaga kirishdi.
4. Qo’ng’iroq chalindi, natijada talabalar auditoriyaga kirishdi va h.k.
Qo’shma gapning qismlari orasidagi funksional munosabatlarga ko’ra turlari. Bu tasnifda qo’shma gap tarkibidagi gaplar bir-biriga qanday sintaktik munosabatda ekanligi nazarda tutiladi. Qismlari orasida funksional munosabatiga ko’ra qo’shma gap har xil bo’ladi. So’z qo’shilmasida, uyushiq bo’lakda bo’lgani kabi, gap orasidagi munosabat tenglik (birikish, zidlanish, ayirish) yoki tobelik tabiatida bo’lishi mumkin. Tenglik munosabati ko’p holatda faqat ohang bilan bog’langan qo’shma gap, yuklama bilan bog’langan qo’shma gap esa teng bog’lovchilar vositasida bog’langan qo’shma gap orasida ko’riladi. Bog’lovchi va yuklamaning ma’nosiga ko’ra qo’shma gap tarkibiy qismlari orasidagi munosabat:
a) mo’tadil birin-ketinlik: Bahor keldi, daraxtlar gulladi.. Bahor keldi va daraxtlar gulladi;
b) uzilmas birin-ketinlik: Bahor keldi-yu, daraxtlar guladi;
d) ayiruv: Goh osmonni bulut qoplaydi, goh quyosh chiqadi;
ye) zidlov: Osmonni bulut qopladi, lekin yomg’ir yog’madi. Tortindi, lekin kirdi.
Qo’shma gap tarkibiy qismlari orasida tobelik aloqasi mohiyatan so’z birikmasi tarkibiy qismlari orasidagi hokim-tobelik munosabati bilan o’xshash. Farq shundaki, bunda tobe qism ham, hokim qism ham alohida gap bilan ifodalanadi. Bu masala tilshunosligimizda «Ergash gapli qo’shma gaplar» mavzusi doirasida chuqur va atroflicha o’rganilgan.
Gap bo’laklariga muvofiq ravishda bunday qo’shma gaplar 5 turga ajratiladi.
1. Kesim tobe gapli qo’shma gap: Meni o’ylantiradigan nnarsa shuki, yigit kasal bo’lishiga qaramay ishni uddaladi.
2. Yega tobe gapli qo’shma gap: Kimning qayeri og’risa, o’sha yeri haqida gapiradi. (Maq.)
3. Hol tobe gapli qo’shma gap: Yomg’ir aralash qor yog’ib turgan bo’lsa ham, u negadir shoshilmas, xayol bilan band edi. (O.Yoq.)
4. To’ldiruvchi tobe gapli qo’shma gap: Shunga erishishimiz kerakki, ayollar hayotning har bir sohasida erlar bilan teng bo’lsin. (A.Qah.)
5. Aniqlovchi tobe gapli qo’shma gap: Umrlar bo’ladiki, tirigida o’likdir. Umrlar bo’ladiki, mangulikka tirikdir. (M.Shayx.)
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bu tasnif ma’no bilan bog’liq bo’lganligi sababli bir qO’shma gapning O’zi xilma-xil tasnif etilishi mumkin.
Qo’shma gap tarkibiy qismlarining irreallikka munosabatiga ko’ra turlari. Nutqdagi qo’shma gaplar tarkibiy qismi kesimlari shakllarining erkinligi yoki o’zaro mutanosibligi, bog’liqligi jihatidan tasnif etilishi mumkin. Bu belgiga ko’ra qo’shma gap ikki turga ajratiladi. Katta guruhni [WPm, WPm] LSQ hosilalari tashkil etadi. Bunday gaplarda qo’shma gap tarkibiy qismlari kesimlari rang–barang ko’rinish va shaklda bo’ladi. Chunonchi, xabar mayli+xabar mayli (Yozibdi, keladi yoki U keldi, biz yozamiz), xabar mayli +buyruq mayli (Yozibdi, boraylik), buyruq mayli +buyruq mayli (Boring, ko’rishsin), buyruq mayli + xabar mayli (Keling, boramiz). Bu bo’linishda ikkinchi guruhni [WPm→ WPm], [WPm↔ WPm] LSQ hosilalari – tobe va mutanosib tarkibli qO’shma gaplar tashkil qiladi. Bu turdagi qo’shma gaplarda tobe tarkib (odatda qo’shma gapning birinchi gapi) kesimi nomustaqil kesim shaklida bo’ladi. Bunda o’ziga xos qonuniyat mavjud. Tobe gapning kesimi irreal (ya’ni kelasi zamondagi hali sodir bo’lmagan, sodir bo’ladigan) harakat holatini atab kelsa, ikkinchi gap kesimi ham shunday ma’noga ega bo’ladi va odatda hozirgi – hozirgi-kelasi, kelasi zamon yoki buyruq mayli shakllarida bo’ladi. Masalan: Kelsa, boradi.
Bu holatda qo’shma gap tarkibiy qismlari kesimi o’zaro muvofiqlashadi. Agar ikkinchi gap kesimi o’tgan zamon shakllaridan birida bo’lsa, kuchli ifodaviylik voqyelanadi: Kelsa, ish bitdi! yoki so’rab qolsa, tamom deyavering!
Bunda qo’shma gap kesimlari o’tgan zamon shakllarida kelganda, to’siqsizlik (irreallik) ma’nosi voqyelanadi: Kelsaydi, ko’rardik yoki Ukam bo’lsangiz edi, baxtiyor bo’lardik.
Savol va topshiriqlar
1. Qo’shma gapni tarkibidagi bog’lovchi vositalariga ko’ra tasniflang.
2. Bog’lovchi vositalarning ma’nodoshligi va vazifadoshligini bayon qiling.
3. Qo’shma gapning tarkibiy qismlari orasidagi ma’noviy munosabatga ko’ra turlarini bayon qiling.
4. Qo’shma gapning qismlari orasidagi funksional munosabatlarga ko’ra turlarini ayting.
5. Qo’shma gap tarkibiy qismlarining irreallikka munosabatiga ko’ra tasnifini bering.
6. Tasnif haqida gapiring.
7. Qo’shma gapning ma’noviy tasnifi qanday?
8. Qo’shma gapning struktur tasnifi qanday?
9. Qo’shma gapning sintaktik aloqaga ko’ra turlari qanday?
10. [WPm, WPm] qolipli qo’shma gap haqida gapiring.
11. [WPm →WPm]] qolipli qo’shma gap haqida gapiring.
12. [WPm↔ WPm] qolipli qo’shma gap haqida gapiring.
Do'stlaringiz bilan baham: |