8.Bog‘lovchilar. Bog‘lovchilar o‘z sintaktik vazifasi – so‘zlarni so‘z qo‘shilmalari yoki SBlarga, yoki gaplarni bir-biriga bog‘lashga xoslangan. Shuning uchun tilshunos R.Sayfullayeva ko‘rsatganidek, qo‘shma gap paradigmasida bog‘lovchilarning almashtirilishi gaplarning sintaktik-semantik mohiyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.6
9.Yuklamalar. Yuklamalar qo‘shimcha ma’no ifodalash bilan birga gaplarni bir-biriga bog‘lash xususiyatiga ham ega ekanligi ilmiy adabiyotlarda keng sharhlangan.1
10.Fe’l turlari. Ravishdoshlarning fe’lni fe’lga bog‘lash, sifatdoshlarning fe’lni ism va fe’lga bog‘lash, harakat nomining otga xos sintaktik vazifa va ma’nolarga ega bo‘lishi tilshunoslikda keng sharhlangan va ularda morfologiya va sintaksisning qorishuvi masalasini isbotlash zarurati yo‘q.2 Bu haqda ishning morfologiya bobida aytilgan va zarur adabiyotlar keltirilgan. Bundan tashqari, bu shakllar gapni – xoh u sodda yoki qo‘shma bo‘lsin – kengaygan bo‘lakka aylantiruvchi muhim morfologik omil sanaladi.3
11.Shuningdek, tobe aloqali gaplarda turli morfologik shakllarning nomustaqil kesimni shakllantirishi o‘zbek tilining sof ontologik, substansional tabiati sifatida talqin qilinmoqda.4
Leksika bilan morfologiyaning sintaksis bilan hamkorligi uchun namuna sifatida keltirilgan yuqoridagi dalillar bu uch sath orasidagi yaxlitlikning substansional, ontologik tabiatga ega ekanligini ko‘rsatib turibdi. Bunday hodisalar sirasini, aytib o‘tilganidek, ancha davom ettirish mumkin. Lekin morfologik hodisalarning sintaktik qobiliyati, sintaktik hodisalarning morfologik shakllantirilishi zarurati masalalari muallifning nomzodlik dissertatsiyasida maxsus tadqiq manbai bo‘lganligi sababli_ misollar va hodisalar sirasini davom etirish lozim ko‘rilmadi. Ushbu o‘rinda shuni ta’kidlash lozimki,
a) leksika (semantika)ning morfologiya va sintaksis bilan aloqalari va hamkorligi o‘rganilarli darajada;
b) morfologiyaning leksika va sintaksis bilan aloqalari va hamkorligi oydin;
v) sintaksisning morfologiya hamda leksika bilan aloqalari va hamkorligi substansional, tabiiy va ontologikdir.
Sathlararo o‘zaro bog‘lanishlarda mana shunday darajalanish sirasini ko‘rish mumkin. Til sathlari bo‘ylab qancha yuqorilansa, uning quyi sathlar bilan aloqasi shunchalik zichlashuvining guvohi bo‘lamiz. Bu til sathlari iyeraxiyasining – yuqori sath birliklari quyi sath birliklarining birikishidan tashkil topishining yorqin namunasidir. Shuning uchun eng katta lisoniy substansiya – kommunikativ vazifani bajaruvchi sintaktik birlik bo‘lgan gap mohiyati leksika va morfologiyaning birikib, yangi butunlik – sintaktik butunlikni hosil qilishida ochiq-oydin namoyon bo‘ladi va bu esa yana ishning birinchi bobida qo‘yilgan eng asosiy falsafiy metodologik masala [butun tarkibiy qismlarning yig‘indisi] muammosiga olib keladi.
Demak, xulosa sifatida aytish mumkinki, sintaktik hodisalarning vujudga kelishi, asosan, leksik va morfologik asosdadir. Sintaksisning asosiy birligi bo‘lgan gap mohiyatining «mayl-zamon, shaxs-son, tasdiq-inkor ko‘rsatkichlari bilan shakllangan mustaqil so‘zlar» tarzida ta’riflanishining o‘ziyoq bu sathlar orasidagi aloqadorlik darajasini yaqqol namoyon qiladi. Biroq bu sintaksisda u morfologiya va leksikadan xoli qilinsa, hech narsa qolmaydi degan “hayratomiz” to‘xtamga olib kelmasligi kerak. Zero, “morfologik shakllangan mustaqil so‘z” uchun bulardan tashqari, kesimlik pozitsiyasi ham talab qilinadi. Aks holda Qo‘ydi-chiqdi eskidan qolgan odat kabi birikuvlarda morfologik shakllangan so‘z (qo‘ydi-chiqdi) har doim ham kesim bo‘laverar edi.
Sintaksisda semantik-funksional shakllangan gaplarning vujudga kelishi sof leksik asoslarda bo‘lib, sintaktik hodisalar farqlanishida leksika ustuvorlik kasb etadi va buning hisobiga morfologiyaning passivlashishi kuzatiladi.
Gap va so‘z kengaytiruvchilarining o‘zaro farqlanishi, asosan, morfologik asoslarda bo‘lib, ba’zi o‘rinlarda so‘z semantikasiga tayanish zarurati tug‘iladi. Uzoq vaqtlardan beri munozara bo‘lib kelayotgan to‘ldiruvchi va holni farqlash masalasida grammatika hech qanday rol o‘ynamaydi, bunda farqlovchi mezon sifatida leksik omilga asoslanish zarur va yetarlidir.
Sintaksisda oraliq shakl muammosi qo‘yilgan. Tadqiqotchilar oraliq bo‘g‘in deganda LSQning sintaktik sathdan quyidagi, nutqiy sathgacha bo‘lgan bo‘linishlarini nazarda tutadi. Biroq oraliqlanish uzluksiz bo‘lib, u [W Q W] umumiy sintaktik qolipidan muayyan gaplargacha cheksiz davom etadi.
Sintaktik qoliplarda ham sathlarning hamkorligi muhim rol o‘ynaydi. Leksika, asosan, sintaktik qoliplarni to‘ldirish va ba’zan oraliq qoliplarni farqlash bilan mashg‘ul bo‘lsa, morfologik vositalar, asosan, qoliplarni shakllantirish va farqlash mas’uliyatini zimmasiga oladi.
Demak, lisoniy sistemaning voqelanishida sathlarning uzviy aloqasi juda zich bo‘lib, bunda ularning hamkorligi turli daraja kasb etadi. Leksikaning morfologiya va sintaksis bilan aloqalari nisbatan kuchsiz bo‘lsa, morfologiyaning leksika va sintaksis bilan aloqasi o‘rtacha, sintaksis uchun esa leksika va morfologiya hamkorligi o‘ta muhimdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |