Oʻquv dasturi
Keksa professorim hayotining soʻnggi darslari uning uyida, u mittigina hibiskus butasining
pushti barglari toʻkilishini tomosha qilishi mumkin boʻlgan kabinet derazasi yonida, haftada
bir marta oʻtilardi. Sinf seshanba kunlari yigʻilardi. Dars nonushtadan keyin boshlanardi.
Fanimiz
“Hayot mazmuni” deb atalardi. Unda professor boshdan kechirgan hayotiy saboqlar
oʻqitilardi.
Baho qoʻyilmasdi, lekin har hafta ogʻzaki imtihonlar olinardi. Sizdan savollarga javob
berishingiz va oʻzingiz ham savollar tuzishingiz talab etilardi. Oʻqtin-oʻqtin professorning
boshini koʻtarib, yostiqqa qulayroq joylashtirish yoki tushib ketgan koʻzoynagini burnining
ustiga yaxshiroq qoʻndirish kabi jismoniy mashqlarni ham bajarishga toʻgʻri kelardi.
Xayrlashuv chogʻida uni oʻpib qoʻyish orqali qoʻshimcha ball ishlab olish mumkin edi.
Hech qanday oʻquv qoʻllanmalaridan foydalanilmasa-da, muhabbat, ish, jamiyat, oila,
keksayish, kechirimlilik va nihoyat, oʻlim kabi koʻplab mavzular muhokama qilinardi. Soʻnggi
maʼruza loʻndagina, bor-yoʻgʻi bir nechta soʻzdan iborat boʻldi.
Bitiruv oqshomi oʻrniga dafn marosimi oʻtkazildi.
Yakuniy nazorat imtihonlari olinmasa-da, berilgan saboqlar xususida uzun maqola yozish
talab etilardi. Quyida oʻsha maqola bilan tanishasiz.
Keksa professorim hayotining soʻnggi darslarida bor-yoʻgʻi bir nafar talaba qatnashgandi.
Oʻsha talaba men edim.
1979-yilning kech bahori, issiq va dimiq shanba oqshomi. Yuzlab talabalar bosh kampusning
maysazoriga qator qilib terilgan yigʻma yogʻoch kursilarda yonma-yon oʻtiribmiz. Moviy
neylon ridolarni kiyib olganmiz. Uzundan-uzoq nutqlarni sabrsizlik bilan tinglaymiz. Marosim
yakunlangach, bosh kiyimlarimizni osmonga uloqtirishimiz bilan rasman oliygoh
–
Massachusets shtati Uoltham shahri Brandeys universitetining oxirgi bosqich bitiruvchilariga
aylanamiz. Koʻpchiligimiz uchun hozirgina bolalik davri oʻz nihoyasiga yetdi.
Marosimdan keyin sevimli professorim Morri Shvarsni topib, uni ota-onam bilan
tanishtiraman. U, goʻyoki kuchli shamol istalgan paytda osmonga uchirib ketadigandek,
mayda qadamlar bilan yuradigan kichik jussali kishi. Bitiruv oqshomi ridosida u injil
paygʻambari va Mavlud elfi qiyofalari qorishmasidan hosil boʻlgan koʻrinishda edi. Uning
koʻzlari koʻkish-yashil rangda, siyraklashib borayotgan kumushrang sochlari peshonasiga
tushib turar, quloqlari katta, burni uchburchak shaklga ega, tutam-tutam qoshlari esa oqara
boshlagan. Tishlar
i egri, pastki tishlari, goʻyoki kimdir mushti bilan ularni ichkariga kirgizib
yuborgandek orqa tomonga qiyshayganligiga qaramasdan, u kulganda, oʻzingizni unga yer
yuzidagi ilk hazilni aytib bergandek his qilasiz.
2
U ota-onamga uning barcha darslariga qold
irmay qatnashganimni aytadi. “Ajoyib oʻgʻlingiz
bor, boshqalarga oʻxshamaydi”, — deydi professorim ularga. Uyalganimdan yerga
qarayman. Ketishimizdan oldin professorga atalgan sovgʻamni beraman: old tomoniga
professor ism-sharifining bosh harflari tushiril
gan jigarrang portfel. Sovgʻani bir kun oldin
savdo markazidan xarid qilganman. Professorni unutib yuborishni xohlamasdim. Balki u
meni unutishini xohlamagandirman.
“Mich, sen yaxshi insonsan”, — deydi u, portfelni mamnuniyat bilan koʻzdan kechirarkan.
Key
in u meni bagʻriga bosadi. Belimda uning nimjon qoʻllarini his qilaman. Boʻyim unikidan
novcharoq boʻlgani sababli u meni bagʻriga bosganda, oʻzimni gʻalati, undan kattaroq
sezaman, goʻyoki men ota, u esa farzandimdek tuyuladi. U mendan xabarlashib turasanmi
deb soʻraydi, men hech ikkilanmasdan: “Albatta”, — deb javob qaytaraman.
U orqaga tisarilganda, koʻzlari yoshlanganini koʻraman.
Do'stlaringiz bilan baham: |