Rag`batlantirish funktsiyasi. Moliya vositalari orqali davlat xo`jalik sub`ektlarini iqtisodiy faollikka undaydi. Soliqqa tortishda imtiyozlar berish yoki ularning miqdorini (foizini) kamaytirish korxona (firma)lar ixtiyorida qoladigan pul mablag`larini ko`paytirishga olib keladi. Bu esa o`z navbatida ishlab chiqarishni rivojlantirish va jamoa a`zolarining moddiy manfaatdorligini oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Iqtisodiy va ijtimoiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq hollarda davlat tomonidan korxona va tashkilotlarga moliyaviy ko`mak (subsidiyalar) ham ajratiladi va bu bilan ularning faoliyati rag`batlantiriladi.
Ijtimoiy himoya funktsiyasi. Davlat jamiyat a`zolari ma`lum qatlamlarining minimal tirikchilik yuritishini moliyaviy jihatdan ta`minlab turadi.
Jamiyatda shunday nochor ijtimoiy qatlamlar borki, ular ob`ektiv sabablarga ko`ra, o`z-o`zini to`la ta`minlay olmaydi. Masalan, nogironlar, ko`p bolali oilalar, ishsiz qolganlar. Ularning tirikchiligi maxsus tashkil etilgan pul mablag`lari hisobidan, masalan, ishsizlik nafaqalari, bolalar uchun nafaqalar, nogironlik pensiyalari orqali ta`minlanadi. Bu mablag`larni nafaqat davlat, balki korxona, tashkilotlar, jamoat birlashmalari o`z mablag`lari hisobidan ham uyushtiradi.
Moliyani ijtimoiy himoya funktsiyasi, ayniqsa, ijtimoiy yo`naltirilgan bozor iqtisodiyoti sharoitida yorqin namoyon bo`ladi.
Iqtisodiy axborot berish funktsiyasi - xo`jalik sub`ektlari va jamiyat iqtisodiy faoliyatining moliyaviy yakunlari xususida ma`lumot va xabarlar berib turishdan iborat bo`lib, iqtisodiyotni boshqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiy holat moliyada o`z ifodasini topadi. Moliyaviy ko`rsatkichlar orqali ishlab chiqarishning qanday borayotganini kuzatish mumkin. Moliyaviy fondlar harakatiga qarab, ishlab chiqarish, taqsimot va is`temol bir-biriga naqadar monandligini, ular orasidagi mutanosiblikni bilish mumkin. Korxona va tashkilotlarning moliyaviy holatiga qarab, ularning xo`jalik faoliyatini yaxshi yoki yomon ekanligi haqida xulosa chiqarish mumkin. Moliyaviy axborotlarga qarab tadbirkorlar o`z ishining borishi, o`z sheriklarining ahvoli, raqobatchilar imkonidan ogoh bo`ladilar.
Moliya o`z funktsiyalarini aniq moliyaviy vositalar orqali bajaradi. Xarajatlar, amortizatsiya, foyda, aktsiya kursi, divident, soliqlar, to`lovlar, boj haqi, sug`urta haqi, subsidiya, dotatsiya, kompensatsiya kabilar shular jumlasiga kiradi. Ular ayni vaqtda moliya resurslarini tashkil qiladi va xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning xo`jalik – moliya faoliyatiga ta`sir etish omillari bo`lib xizmat qiladi. Masalan, divident miqdorining oshib borishi o`z aktsiyasini chiqargan korxona moliyaviy ahvolining yaxshiligidan darak beradi, natijada aktsiya kursi oshadi, korxonaga tashqaridan pul oqib kela boshlaydi.
Moliya resurslari pul manbai bo`lib xizmat qiladi. Amortizatsiya fondi va foydadan ajratilgan pul mablag`lari investitsiya uchun xizmat qiladi, ularni ko`paytirish ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish demakdir.
Moliyaviy resurslar orasida foyda muhim o`rin tutadi, chunki u sof daromad sifatida iqtisodiy o`sish manbai bo`lib xizmat qiladi. Uning hisobidan nafaqat investitsiya fondi, balki har xil rezerv va sug`urta fondlari, shuningdek, ijtimoiy fondlar tashkil etiladi.
Moliya resurslari iqtisodiyotni kutilmagan hodisalardan, masalan, tabiiy ofatlar, falokatlardan yoki jahon bozori narxining pasayib ketishidan himoya qiladi. Moliyaviy resurslar pul shaklida bo`lib, bu pullar iqtisodiyotga amaliy ta`sir etishi uchun, albatta, moddiy jihatdan ta`minlanishi kerak, ya`ni to`plangan pul ortida kerakli moddiy mahsulotlar bo`lishi shart. Aks holda ular pulligicha (qog`ozligicha) qolib, ishlab chiqarishga naf keltirmaydi.
Moliyaviy resurslar ikki turda bo`ladi: birinchisi - mikroresurslar yoki markazlashmagan resurslardir. Ular korxona, firma, kompaniya, kontsern, tashkilot, jamoat uyushmalari va boshqa xo`jalik sub`ektlarining o`ziga tegishli yoki ular qarzga olgan pul mablag`laridan iborat. Ikkinchisi – makroresurslar bo`lib, ular umumdavlat miqyosida tashkil topadi. Ular byudjet hisobidan yoki byudjetdan tashqari fondlar hisobidan paydo bo`ladi va davlat ixtiyorida turadi. Mikroresurslar korxona, tashkilot faoliyatiga xizmat qilsa, makroresurslar umumiqtisodiy, umumdavlat ehtiyojlarini qondirishga yo`naltiriladi. Bozor iqtisodiyotida mikroresurslar birlamchi (ustivorlik) mavqega ega bo`ladi, chunki iqtisodiy faoliyat erkinligi sharoitida xo`jalikning dastlabki bo`g`ini bo`lgan korxona, firma, kompaniya va xo`jaliklar moliyasi iqtisodiy o`sish tayanchi hisoblanadi. Ammo makroresurslar iqtisodiyotni tartibga solishda asosiy rol o`ynaydi va davlatning iqtisodiy vazifalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Moliyaviy resurslarning turli darajada tashkil topishi va ishlatilishi tufayli iqtisodiy faoliyatni moliyalashtirish usullari ham turlichadir. Birinchidan, iqtisodiy sub`ektlar o`zini-o`zi moliyalashtiradi. Ular o`z sarf-xarajatlarini o`zlarining pullari bilan qoplaydilar. Ikkinchidan, iqtisodiy sub`ektlar o`z mablag`lari etishmasa, qilingan sarf-xarajatlarni bank krediti hisobidan qoplaydilar. Uchinchidan, sub`ektlar faoliyati uchun pul mablag`lari zarur bo`lgan hollarda davlat hisobidan ham bunday mablag`lar ajratiladi. Davlat byudjetidagi yoki byudjetdan tashqari tashkil etilgan pul fondlarini qaytarib olmaslik sharti bilan korxona, tashkilotlar va muassasalarga ajratib berib, ularni moliyalashtiriladi. Ammo bu bozor iqtisodiyotida ikkilamchi usul hisoblanadi.
Barqaror iqtisodiy taraqqiyot uchun moliya mablag`larining erkin harakati talab etiladi. Bunga moliya bozori orqali erishiladi. Moliya bozori milliy va xalqaro xo`jalik doirasida pul mablag`lari erkin harakatining maxsus shaklidir. U tarkiban qimmatbaho qog`ozlar bozori va qarzga beriladigan pul bozoridan iborat bo`ladi. Qarz puli tabiatan bir xil emas. U birinchidan, pulni ishlatib, daromad topishni ko`zlaydi, bunda pul kapital shaklini oladi. Ikkinchidan esa, pul shaxsiy ehtiyojni qondirish uchun ishlatiladi va oddiy to`lov yoki xarid vositasi vazifasini bajaradi.
Davlat o`z qo`lidagi moliya resurslaridan foydalanib, byudjetdan moliyalashtirish, dotatsiya berish, soliqlardan ozod qilish, soliqlarni engillashtirish orqali iqtisodiy o`sishga ta`sir ko`rsatadi.
Shu narsani alohida ta`kidlab o`tish lozimki, moliya munosabatlarini takomillashtira borish va uni boshqarish iqtisodiyot taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Bozor iqtisodiyotiga o`tish moliyaviy ahvolni sog`lomlashtirib, bank tizimini qayta qurishni birinchi galdagi chora-tadbirlar sifatida kun tartibiga qo`ydi. Shu munosabat bilan moliyaviy bozorni shakllantirish va rivojlantirib borish ob`ektiv jarayonga aylandi. Bu jarayonning muvaffaqiyati bank sohasidagi marketing rivojiga, turli banklar va ularning mijozlari o`rtasida qaror topadigan o`zaro munosabatlarga, shuningdek, bank xizmatlari bozorining shakllanishiga, banklarning foizlar siyosati va boshqa xildagi faoliyatiga ko`p darajada bog`liqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |