Moliyaning mohiyati va vazifalari
Reja:
I.Kirish
II. Asosiy qism
1. Moliyaning mohiyati va vazifalari
2. Davlat byudjeti. Uning shakllanishi va taqsimlanishi
3. Soliqlar va soliq tizimi
4. Bozor iqtisodiyotida sug`urtaning roli
5. Qimmatli qog`ozlar bozori
III.Xulosa
IV.Foydalanilgan adabiyotlar
Kirish
Insoniyatning eng buyuk kashfiyotlaridan biri pul bo`lib, u odamlarni harakatga keltiruvchi asosiy omil sifatida xizmat qiladi. Pul aslida o`zi ham tovar bo`lib, odamlarni mehnat qilishga, bilim olishga, o`z malakasini muttasil oshira borishga, tadbirkorlik va biznes bilan shug`ullanishga va hokazolarga undaydi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida pul o`ta muhim iqtisodiy vosita sifatida namoyon bo`ladi. U tufayli ishlab chiqarishning takrorlanishi amalga oshadi, iqtisodiy o`sishga erishiladi. Pul shaklidagi mablag`lar bozorda boshqa resurslarga aylanadi, tovarlar sotilib, yana pulga aylantiriladi.
Pul mablag`larini hosil qilish, ularni jamlash, taqsimlash va ishlatish jarayonida yuzaga keluvchi iqtisodiy munosabatlarni moliya yoki moliyaviy munosabatlar deb yuritiladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida barcha iqtisodiy jarayonlarning amalga oshirilishi pul mablag`larining harakatlanishi bilan bog`lanib ketgan. Shuning uchun moliyaviy munosabatlar jamiyat iqtisodiy hayotida markaziy o`rinni egallaydi.
Har qanday ijtimoiy faoliyat pul mablag`larini talab qiladi. Ishlab chiqarish qaerda bo`lmasin, baribir, moliyani yuzaga keltiradi. Mahsulotlar va xizmatlar faqat taqsimlangandan so`ng is`temol etilishi mumkin. Ular qiymat shaklida taqsimlanganda, dastlab turli maqsadlarga mo`ljallangan pul resurslari hosil bo`ladi, ular tovarlarga ayirboshlanib, shundan keyin iste`mol qondiriladi. Masalan, qiymat shaklidagi mahsulot taqsimlanganda, uni yaratish uchun sarflangan mehnat qurollari qiymatini ifodalovchi qismi amortizatsiya fondi shakliga kiradi. Bu o`z navbatida moliyaviy resursga aylanadi, yig`ilib boradi va unga yangi mashina va mexanizmlar sotib olinib, eskirganlari o`rniga tiklanadi.
Ma`lumki, umumjamiyat ehtiyojlari davlat yo`li bilan qondiriladi. Bular jumlasiga atrof-muhitni himoya qilish, mudofaa, milliy xavfsizlik, ijtimoiy tartibni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish va boshqalar kiradi. Mazkur ehtiyojlarning qondirilishi davlatning moliyaviy faoliyati bilan bog`liq. Ammo bundan moliyaning zarurligi davlatning mavjudligidan kelib chiqadi, moliyaviy munosabatlarni faqat davlat yaratadi, degan xulosa kelib chiqmaydi. Davlat moliyani yaratuvchi emas, balki moliya munosabatlarining ishtirokchisidir.
Moliyaviy resurslarni tashkil etishda va ishlatishda ishtirok etuvchilar moliyaviy munosabatlarning sub`ektlari hisoblanadi. Bular jumlasiga davlat idoralari, korxonalar, firmalar, tashkilotlar, turli muassasalar, oilalar va ayrim shaxslar kiradi. Ular moliyaviy munosabatlarda umumdavlat ehtiyojlari (aholini ijtimoiy himoya qilish, uning sog`lig`ini saqlash, unga ta`lim berish, mamlakat mudofaasini mustahkamlash, ekologik muammolarni hal etish va h.k.) hamda korxona va firmalarni rivojlantirish ehtiyojlarini qondirish maqsadida ishtirok etadilar.
Moliyaviy munosabatlarning ob`ekti esa pul mablag`laridan iboratdir.
Jamiyat taraqqiyotida moliyaviy munosabatlarning o`rni beqiyosdir, zero, ularni inson organizmini doimiy ravishda qon bilan ta`minlab turuvchi qon-tomir tizimiga o`xshatish mumkin.
Iqtisodiyotni rivojlantirishda moliyaviy munosabatlarning roli ular tomonidan bajariladigan quyidagi funktsiyalar (vazifalar) orqali namoyon bo`ladi.
Taqsimlash funktsiyasi. Bu funktsiya o`z navbatida birlamchi va ikkilamchi taqsimlash funktsiyalaridan iborat.
Bevosita ishlab chiqarishda yuzaga keladigan taqsimlash birlamchi, deb yuritiladi. Bunday taqsimlash natijasida ish haqi fondi, sotsial sug`urta uchun ajratmalar, amortizatsiya jamg`armalari, foyda va rag`batlantirish pullari shakllanadi.
Ikkilamchi taqsimlash davlat bilan korxonalar (firmalar), tashkilotlar o`rtasida ro`y beradi. Bunday taqsimlash jarayonida turli xil soliqlar va ajratmalar vositasida davlat korxona va tashkilotlar pul mablag`larining bir qismini o`z byudjetida mujassamlashtiradi va yuqorida ko`rsatib o`tilgan umumdavlat ehtiyojlari uchun sarflaydi.
Masalan, korxonada bir yilda 100 mln. so`mlik mahsulot ishlab chiqariladi. Birlamchi taqsimlash natijasida uning 60 mln. so`mi amortizatsiya fondiga, 20 mln. so`mi ish haqi fondiga, 15 mln. so`m foydaga va 5 mln. so`mi ijtimoiy sug`urtaga ajratiladi, deylik. 20 mln. so`mlik ish haqi fondining 5 mln. so`mi daromad solig`i sifatida, olingan 15 mln. so`mlik foydaning taxminan 8 mln. so`mi to`lovlar shaklida davlat byudjetiga tushadi. Davlat o`z ixtiyoriga o`tgan 13 mln. so`mni umummilliy vazifalardan kelib chiqib, turli maqsadlarga taqsimlaydi, ya`ni moliyaviy resurslarni ikkilamchi taqsimlash sodir bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |