Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobot. Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda ma’lum vaqt oralig‘ida firma samaradorligiga umumiy baho beriladi. Biz o‘rganayotgan misolda bu davr 1 yilga teng. Buning uchun foyda (income, profit, earnings) deb ataladigan asosiy moliyaviy ko‘rsatkichdan foydalaniladi. Foyda – bu korxonaning daromadi va xarajatlari o‘rtasidagi farq. 4-jadvalda keltirilgan hisobotda 2019-yilda “XYZ” korxonasi tovarlarini sotishdan kelgan tushum (daromad) 200,0 mln. so‘mni, sof foyda – 23,4 mln. so‘mni tashkil etgani ko‘rsatilgan.
jadval “XYZ” korxonasi faoliyatining 2019-yildagi moliyaviy natijalari
to‘g‘risida hisoboti (soddalashtirilgan shakli)
(mln. so‘mda)
-
Sotishdan olingan daromad (tushgan tushum)
|
200,0
|
Sotilgan (realizatsiya qilingan) mahsulot tannarxi
|
(110,0)
|
Yalpi foyda
|
90,0
|
Umumiy xarajatlar, mahsulot sotish xarajatlari va ma’muriy
|
|
xarajatlar (GS&A) (davr xarajatlari)
|
(30,0)
|
Asosiy faoliyatdan olingan foyda
|
60,0
|
Obligatsiyalar bo‘yicha foizlarni to‘lash xarajatlari
|
(21,0)
|
Soliqqa tortiladigan foyda
|
39,0
|
Foyda solig‘i
|
(15,6)
|
Sof foyda
|
23,4
|
Bir aksiyaga hisoblaganda sof foyda (muomalada 1 mln. aksiya)
|
23,4
|
Sof foydaning taqsimlanishi:
|
To‘langan dividendlar
|
10,0
|
Taqsimlanmagan foydaning o‘zgarishi
|
13,4
|
Jadvalda keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, “XYZ” korxonasining xarajat moddalari to‘rtta asosiy kategoriyaga bo‘lingan. Birinchi guruhga 110,0 mln so‘mni tashkil etgan sotilgan (realizatsiya qilingan) mahsulot tannarxi kiritilgan. Bu korxonaning joriy yilda sotilgan tovarlarni ishlab chiqarish jarayonida ketgan xarajatlari bo‘lib, ular, asosan, materiallar sotib olishga ketgan xarajatlar, ishchi-xodimlarga to‘langan mehnat haqi va boshqa shunga o‘xshash xarajatlarni o‘z ichiga oladi. Sotishdan olingan daromad va sotilgan mahsulot tannarxi o‘rtasidagi farq yalpi foyda deb ataladi. Yuqoridagi jadval ma’lumotlaridan ko‘rinishicha, “XYZ” korxonasining bu ko‘rsatkichi 2019-yilda 90,0 mln. so‘mni tashkil etgan.
Keyingi xarajatlar kategoriyasida umumiy, ma’muriy va mahsulot sotishga ketgan xarajatlar (GS&A) (davr xarajatlari) aks ettirilgan. Bu yerda firmaning boshqaruv xarajatlari (masalan, menejerlarning mehnat haqi), shuningdek marketing va hisobot yilida korxona ishlab chiqargan tovarlarni sotish bo‘yicha xarajatlar inobatga olingan. Yalpi foyda va GS&A xarajatlari o‘rtasidagi farq operatsion foyda yoki asosiy, ishlab chiqarish faoliyatidan olingan foyda deb yuritiladi. “XYZ” korporatsiyasining ma’muriy chiqimlari va mahsulot sotishga ketgan xarajatlari (GS&A) 2019-yilda 30,0 mln. so‘mni tashkil etgan ekan, uning ishlab chiqarish foydasi 60,0 mln. so‘mga tengdir.
Uchinchi xarajatlar kategoriyasiga “XYZ” korxonasining qarz majburiyatlari bo‘yicha foizlarni to‘lashga ketgan xarajatlari kiradi va bu xarajatlar o‘rganilayotgan davr oxirida 21,0 mln. so‘mni tashkil etgan. Ularni ishlab chiqarish foydasi summasidan ayirib, soliqqa tortiladigan foyda summasini olamiz. Bu 39,0 mln. so‘mga tengdir.
Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotning to‘rtinchi, oxirgi kategoriyasida korxona tomonidan to‘langan soliq summalari aks ettirilgan. 2019- yilda “XYZ” korxonasi soliqqa tortiladigan foyda summasidan o‘rtacha 40% miqdorida soliq to‘lagan. Shunga muvofiq ravishda korxona foydasidan olingan
soliqning summasi 15,6 mln. so‘mga teng bo‘lgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, “XYZ” korxonasining soliqlar to‘langanidan keyingi sof foydasi 23,4 mln. so‘mni tashkil etgan. Demak, korxonaning 1 mln. aksiyasi muomalada (ya’ni, aksiyadorlar qo‘lida) bo‘lgan ekan, uning bitta aksiyasiga hisoblangan sof foyda 23,40 so‘mga tengdir.
Biz tahlil qilayotgan hisobotda, shuningdek, 2019-yilda korxona aksiyadorlariga dividend tariqasida pul shaklida umumiy miqdorda 10,0 mln. so‘m to‘langani ko‘rsatilgan. Demak, bu to‘lovlardan keyin sof foyda summasidan qolgan 13,4 mln. so‘m firma tomonidan o‘z biznesini rivojlantirishga yo‘naltirilgan. E’tibor bering: bu summa, ya’ni 13,4 mln. so‘m korxona balansida 2019-yilning oxirida aksiyadorlik kapitalining o‘sgan ko‘rsatkichi sifatida aks ettiriladi. Yana shunga alohida e’tibor berish kerakki, sof foyda va firma hisob varag‘iga kelib tushayotgan pullar bu bitta narsa emas. Shuning uchun bu oxirgi raqam (13,4 mln so‘m) firmaning pul balansiga qo‘shilmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |