3-BO‘LIM. QISHLOQ XO‘JALIGI ISHLAB CHIQARISHI VA UNING O‘ZIGA XOS JIHATLARI
3.1. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish asoslari
Qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishi inson xo‘jalik faoliyatining ilk va eng qadimgi shakllaridan biri hisoblanadi. Bizga ma’lumki, qishloq xo‘jaligi-moddiy ishlab chiqarishning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan va sanoatni (Yengil sanoatni) xomashyo bilan ta’minlaydi.
Sanoatdan farq qilib, qishloq xo‘jaligi bir qancha o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Birinchidan, u relef, iqlim va tuproq sharoiti turlicha bo‘lgan maydonlarda olib boriladi. Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligi mavsumiydir. Uchinchidan, tabiiy sharoit qishloq xo‘jaligining rivojlanishiga, joylashishiga va ixtisoslashuviga juda katta ta’sir qiladi.
Qutbiy mintaqalardagi juda ko‘p joylar qor bilan qoplanib yotganligi uchun hozircha xo‘jalikda foydalanilmaydi. Bu o‘lkalarning janubida va shimolida bug‘uchilik rivojlangan. Mo‘tadil mintaqaning igna bargli o‘rmonlari ham qishloq xo‘jaligini yuritish chegaralangan. Faqat ushbu o‘rmonlarning janubiy qismining ochiq erlarida bir oz dehqonchilik qilinadi, ammo yoz (issiq) mavsumining qisqaligi dehqonchilikni rivojlantirishni cheklab qo‘yadi. Umuman, o‘rmon zonasining (tayga, aralash va keng bargli) asosiy xususiyati yog‘ingarchilikning ko‘pligi, yozgi haroratning nisbatan pastligidir. Shu sababli, bu yerlarda dehqonchilikning ayrim tarmoqlari rivojlangan (zig‘irchilik, kartoshkachilik, oziq o‘simliklari va pichanbop o‘simliklar etishtirish). Ammo tuproqlari unumdor, o‘simliklar asosiy oziqni tuproqdan oladi.
Jahon bo‘yicha o‘rmon-dasht, dasht, chala cho‘l va cho‘l (vohalarda) zonalari asosiy ekin ekiladigan erlar hisoblanadi. O‘rmon-dasht va dasht zonasida eng hosildor bo‘lgan qora tuproqlar tarqalgan, shuning uchun ushbu zona yuqori o‘zlashtirilgan hudud hisoblanadi. Chala cho‘l va cho‘l zonalarida sug‘orma dehqonchilik rivojlangan. Bu yerlarda musbat haroratlar yig‘indisi yuqori bo‘lgani uchun issiqsevar ekinlar qo‘proq etishtiriladi.
Tabiiy sharoit qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, qishloq xo‘jaligining rivojlanish darajasi sarf qilingam mehnatning miqdori va sifatiga, texnika va o‘g‘itlardan foydalanish darajasiga bog‘liq. Ushbu ko‘rsatkichga qarab, qishloq xo‘jaligi ekstensiv va intensiv xo‘jalikka bo‘linadi.
Qishloq xo‘jalik maxsulotlarini ekin maydonlarini kengaytirish va chorva mollari sonini oshirish hisobiga etishtirish ekstensiv xo‘jalik deb ataladi.
Insoniyat tarixining juda katta davri mobaynida qishloq xo‘jaligi asosan ekstensiv yo‘l bilan rivojlandi. Yangi yerlar ko‘pincha o‘rmonlar hisobiga kengaytirilgan. Hozirgi davrda ham juda ko‘p rivojlanayotgan davlatlarda qishloq xo‘jaligi ekstensiv yo‘l bilan rivojlanmoqda.
Maydon birligida (1 ga ekin maydonidan) agrotexnika vositalaridan ko‘proq foydalanish yoki chorva mollarining ko‘proq mahsuldor zotlarini yaratish hisobiga qishloq xo‘jalik maxsulotlari etishtirish intensiv xo‘jalik deb ataladi.
Intensiv xo‘jalik rivojlangan davlatlar uchun xos bo‘lib, qishloq xo‘jaligida sodir bo‘lgan «Yashil inqilob» ga asoslanadi. Ushbu davlatlarda asosan tovar qishloq xo‘jaligi rivojlangan. CHunki bu davlatlarda qishloq xo‘jaligida barcha qo‘l mehnatini asosan mashinalar bajaradi. Yuqori sifatli mineral o‘g‘itlardan foydalaniladi, zararkunandalarga qarshi zaharli kimyoviy dorilardan, chorva mollari kasalliklariga qarshi kurash vositalaridan keng foydalaniladi.
Mexanizatsiyalashtirish, elektrlashtirish va kimyolashtirish qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish va jadallashtirishning asosiy yo‘lidir.
Yer qishloq xo‘jaligida mehnat majmui va ayni paytda mehnat vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun yerdan to‘g‘ri foydalanish va uning hosildorligini saqlash qishloq xo‘jaligining muhim vazifaliridan biridir.
Intensiv xo‘jalikni barpo qilish uchun erlarni melioratsiya qilish, ya’ni yer holatini yaxshilash ishlarini (sug‘orish, zax va botqoqlarni quritish, tuproqga ohak solish, daraxt o‘tkizish va h.k.) olib borish kerak. Bunda kompleks melioratsiya tadbirlari yaxshi natija beradi (shamol va suv eroziyasiga qarshi kurash, tuproq hosildorligini oshirish).
Qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan erlar qishloq xo‘jalik erlari deb ataladi. Qishloq xo‘jalik erlari qo‘yidagi tarkibiy qismlardan iborat: xaydaladigan erlar (sug‘oriladigan va lalmikor erlar); bog‘ va uzumzorlar; pichanzorlar va yaylovlar; o‘rmonlar, butazorlar va h.k.
Jahonda sug‘oriladigan erlar haydaladigan (shudgor qilinadigan) erlarning 15 foizi (230 mln ga) ni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich Xitoyda 30 foiz, Hindistonda 28 (foiz, AQSHda 15 foiz, Pokistonda 70 foizni) tashkil qiladi.
Qishloq xo‘jaligi ikkita katta tarmoqdan iborat: dehqonchilik va chorvachilik. Qishloq xo‘jaligi xodimlarining asosiy vazifasi xo‘jalik yuritishni jadallashtirish yo‘li bilan ekinlar hosildorligini va chorvachilik mahsuldorligini oshirishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |