2.9. Sanoat siyosati o‘tkazishning asosiy xususiyatlari
Mamlakatimiz iqtisodiyotida yuz berayotgan jiddiy sifat o‘zgarishlari alohida e’tiborga sazovordir. Yurtimizda qabul qilingan 2011-2015-yillarda sanoatni ustuvor darajada rivojlantirish dasturi va ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir tarmoq dasturlarining izchil amalga oshirilishi natijasida sanoat tarkibida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan, raqobatdosh mahsulotlar tayyorlayotgan qayta ishlash tarmoqlarining o‘rni tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining 78 foizdan ortig‘i aynan ana shu tarmoqlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
2013-yilda yuqori texnologiyalarga asoslangan mashinasozlik va metallni qayta ishlash sanoati 121 foizga, qurilish materiallari sanoati 113,6 foizga, yengil sanoat 113 foizga va oziq-ovqat sanoati 109 foizga o‘sgani misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin.
Iqtisodiyotimizda yuz berayotgan jiddiy tarkibiy va sifat o‘zgarishlarini birgina misolda, ya’ni 2000 yilda mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini shakllantirishda sanoat ishlab chiqarishining ulushi bor-yo‘g‘i 14,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2015 yilda bu ko‘rsatkich 33,5 foizga etganida yaqqol ko‘rish mumkin.
Sanoat mahsuloti umumiy o‘sishining qariyb 70 foizini yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan sohalar tashkil etdi. Bugungi kunda (2013 yil) iqtisodiyotimizning lokomotiviga aylangan mashinasozlik va metalni qayta ishlash yalpi sanoat ishlab chiqarishida (19,8 foiz), kimyo va neft-kimyo sanoati (5,4 foiz), oziq-ovqat sanoati (13,2 foiz), qurilish materiallari sanoati (6,4 foiz) tashkil etdi.
Mustaqillikning afzalliklari va davlat iqtisodiy siyosatining etakchilik rolini yanada oshirmoqda. Oliy Majlisning qonunlari, Prezident farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari eng avvalo, sanoat sohasida amalga oshirilmoqda va sezilarli samara bermoqda.
Sanoat tabiatda uchraydigan moddiy boyliklarni qazib chiqarish va tayyorlashni, ularni va qishloq xo‘jaligida etishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlashni o‘z ichiga qamrab oladi. U barcha xalq xo‘jaligi tarmoqlari uchun ishlab chiqarish kuchlarining asosiy elementlaridan biri hisoblangan jamiyatning tabiat ustidan hukmronligini birmuncha orttiradigan, fan-texnika taraqqiyotini belgilaydigan, inson mehnatining unumdorligini oshirishga imkon beradigan, mehnat va ishlab chiqarish qurollarini yaratadigan sohadir.
Sanoat taraqqiyoti ishlab chiqarish kuchlarining bir tomonlama rivojlanishiga xotima beradi, mamlakat va uning ajralmas qismi bo‘lmish viloyatlarning tabiiy boyliklaridan, xomashyo va mehnat resurslaridan kengroq va har tomonlama foydalanish imkoniyatini yaratib beradi.
Sanoatning vujudga kelishi va rivojlanishi mehnat taqsimotining o‘sishi, ishlab chiqarishni differensiyalash va intensivlashtirish bilan chambarchars bog‘liq.
Hozirgi zamon yirik sanoati bir biri bilan chambarchars bog‘liq bo‘lgan ko‘pgina tarmoqlar va ishlab chiqarishlardan tashkil topadi. Bugungi kunda respublika sanoatida 175 tarmoq, 1500 ga yaqin yirik va o‘rta sanoat korxonalari mavjud.
O‘zbekiston iqtisodiyotining ko‘rsatkichlari ijobiy bo‘lishining eng muhim sabablari – bu mavjud sanoat tarmoqlarining kerakli hajmda saqlab qolib, yangi tarmoqlarni yaratish strategiyasi bo‘ldi. Mustaqillikning birinchi yillaridanoq O‘zbekiston hukumati uchun real sektorni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib hisoblanadi. Respublikamizning o‘z-o‘zini yoqilg‘i-energetika mahsulotlari bilan ta’minlash siyosati (neft va neft mahsulotlari hamda gaz ishlab chiqarishning keskin o‘sishi), qo‘shimcha qiymat yaratuvchi (mashinasozlik, yog‘och va yog‘ochni qayta ishlash) sohalarining intensiv rivojlanishi bilan birgalikda olib borildi. SHu bilan birga, qurilish materiallari, engil va oziq-ovqat sanoatlarining rivoji ham qayd etildi.
Umuman olganda, tarmoqlar bo‘yicha ishlab chiqarish tarkibida og‘ir sanoat (yonilg‘i-energetika majmuasi, mashinasozlik, metallurgiya) salmog‘ining oshishi engil sanoat ulushi hisobiga bo‘lmoqda. Natijada, mustaqil iqtisodga xos bo‘lgan darajaga yaqinlashish yuz bermoqda va sobiq ittifoq mamlakatlarida qayta ixtisoslashuvdan paydo bo‘layotgan yetishmovchilik va tobelikning oldini olish ta’minlanmoqda.
Ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash va qo‘shimcha qiymat yaratuvchi sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiy strategiya respublikaga yaxshi natijalar keltirmoqda.
O‘zbekiston o‘zining oltini, paxta tolasi va ipagi, nefti va gazi, samolyot va avtomobillari, paxta terish mashinasi va paxtani qayta ishlash mashinalari bilan, ekskovator va kompressorlari, vino va konservalari hamda bir qator boshqa sanoat mahsulotlari bilan dunyoga mashhurdir.
O‘zbekiston respublikasining industrial qiyofasini energetika, kon-ruda, oltin qazib oluvchi, samolyotsozlik va avtomobilsozlik sanoatlari, elekrtotexnika va elektron sanoatlari, ko‘p tarmoqli mashinasozlik va qurilish materiallari sanoati belgilab bermoqda.
Mustaqallikning 25 yilida sanoat mahsulotining hajmi bir necha martaga ko‘paydi. Bu davrda faqat miqdoriy o‘zgarishlargina emas, balki juda katta sifat o‘zgarishlari ham sodir bo‘ldi.
Mustaqillikning o‘tgan 25 yilligida iqtisodiy siyosatning yo‘nalishi va xususiyatlari doirasida belgilangan milliy iqtisod strukturasida progressiv o‘zgarishlarni amalga oshirish, tarmoqlararo va tarmoq ichki proporsiyalarini takomillashtirish, fan-texnika taraqqiyotini belgilovchi tarmoqlarni ustuvor rivojlantirishni davom ettirish vazifasi muhim ahamiyatga molikdir.
Davlat strategiyasiga muvofiq ijtimoiy ishlab chiqarish va jumladan, sanoat strukturasini rejali tarzda takomillashtirish ko‘z ilg‘aydigan istiqbolda:
-xalq xo‘jaligi va uning etakchi tarmog‘i bo‘lgan sanoatni balanslashtirilgan tarzda va izchil rivojlantirish;
-ekonomikani, xususan, sanoatni asosan intensiv rivojlantirish yo‘liga o‘tkazish, uning samaradorligini oshirish, moddiy mehnat va moliyaviy resurslarni iste’mol qilishni ratsionallashtirishni, ularni har tomonlama tejash;
-iqtisodiyotning, jumladan, sanoatning ijtimoiy yo‘nalishini yanada kuchaytirish, milliy iqtisodning aholi faravonligini oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan xilma xil vazifalar tomon yanada chuqurroq burilishini ta’minlash lozim.
Bir butun qismlarning muayyan o‘zaro aloqasi, bir biriga nisbatan joylashuvi bo‘lgan strukturaning ahvolini proporsiyalar (mutanosibliklar) juda ham aniq va konkret tarzda ifodalaydi. Iqtisodiy jarayonlarning mohiyatini chuqur bilib olish va ularni rejalar, prognozlar va loyihalarda tatbiq etish, ijtimoiy va shaxsiy iste’molni, fan-texnika taraqqiyotining, milliy iqtisodning tegishli ishlab chiqarishlari va tarmoqlari rivoji istiqbollarini sinchkovlik bilan hisobga olish, rejalarni zarur rezervlar bilan mustahkamlash – ana shularning hammasi rejalashtirish texnologiyasining eng muhim tarkibiy, tuzilmaviy qismlari bo‘lib, ularga qat’iy rioya qilish vazifalarining proporsionalligi, balanslashtiril-ganligi, realligi, qo‘yilgan maqsadlarga erishishdagi ishonchliligi, ta’sirchanligining shartidir.
O‘zbekiston davlatining iqtisodiy strategiyasida xalq xo‘jaligi strukturasini takomillashtirish, uning tarmoqlarini rivojlantirish yuzasidan muhim topshiriqlar hamda bu tarmoqlarning marralari batafsil belgilab berilgan.
Takror ishlab chiqarishning hozirgi sharoitlarida iqtisodiy o‘sish iqtisodiyot ko‘lamining o‘sishi bilangina emas, balki iste’molda ham, ishlab chiqarishda ham strukturaviy siljishlar, ularning tezligi va samaradorligi bilan aniqlanadi.
Strukturani aniqlovchi siyosatni shakllantirish iqtisodiyotdagi strukturaviy o‘zgarishlarni sifat jahatdan baholashni aniqlashning prinsipial xususiyati iqtisodiyotning o‘sish sur’ati ko‘rsatkichlarining degragratsiya yuz berishi muammosini hal etishi zarurligidir, chunki ayni bir sur’atning o‘zi bir necha tarmoqlarning turli o‘sish sur’atlarida ifodalanishi mumkin, bu bir xil bo‘lmagan iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keladi. Bu muammo oqibatda u yoki bu sohaga ustuvorlik (afzallik) berish sistemasini yaratishni taqozo etadi. Masalan, fan-texnika taraqqiyotida to‘liq aks etadigan sohalar ajralib turadi: yoqilg‘i-energetika, elektronika, mashinasozlik, ximiya. Shuning uchun bu tarmoqlar o‘sish sur’atlari bo‘yicha sanoat o‘sishidan yuqori turishi kerak. Mashinasozlikning tarmoq strukturasida ham jiddiy o‘zgarishlar yuz berishi zarur. Ximiyada biotexnologiyani qo‘llab, nozik organik sintez mahsulotlarini ishlab chiqarish jadal sur’atlarda rivojlanishi zarur.
Strukturaviy o‘zgarishlarning yo‘nalishi, ularning jadalligi va ko‘lamini aniqlash muhim ish. Ayni vaqtda iqtisodiy darajasi bir xil bo‘lgan yoki iqtisodiyotidagi struktura yo‘nalishlari o‘zgarishi o‘xshash bo‘lgan mamlakatlar guruxi bo‘yicha tarmoqlararo komplekslar va ayrim tarmoqlar ishlab chiqarishi va iste’molining rivojlanishidagi umumiy qonuniyatlarni aniqlash – bu barcha analitik materiallar istiqbolni rejalashtirishning muhim zamini hisoblanadi.
SHu bilan birga struktura yo‘nalishlari o‘zaro muvofiqlashtirilishi kerak, chunki rivojlanish strategiyasiga muvofiq tarmoqlararo komplekslar va tarmoqlarni rivojlantirish uyg‘unlashtirilishi zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining XIV cessiyasida qilgan ma’ruzasi va keyingi chiqishlarida mamlakatimizning yangi XXI asr boshlaridagi asosiy vazifalar aniq belgilab berilgan. Ularda tabiiyki, yangi asrga qadam qo‘ygan mamlakatimizning “iqtisodiyotni isloh etish va jamiyatni o‘zgartirish borasidagi ishlar natijasini xolis baholash“ bilan birgalikda “ustuvor yo‘nalishlar va bundan keyingi rivojlanish strategiyasini shakllantirish“ masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Yangi asrning dastlabki yillaridagi taraqqiyot strategiyasi, jamiyatni yangilash, barcha sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish borasidagi faoliyat 6 ta ustuvor yo‘nalish vositasidan iborat. Birinchi ustuvor yo‘nalish-aholini yanada kuchli ijtimoiy himoya qilish, ikkinchi ustuvor yo‘nalish–mamlakat siyosiy va iqtisodiy hayotini, davlat va jamiyat qurilishini yanada jadallashtirish, uchinchi ustuvor yo‘nalish–jamiyat ma’naviyatini yanada yuksaltirish, to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish– kadrlar tayyorlash, beshinchi ustuvor yo‘nalish–iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni ta’minlash, oltinchi ustuvor yo‘nalish–jamiyatdagi barqarorlik, tinchlik, millatlar va fuqarolararo totuvlikni, sarhadlarimiz daxlsizligini, mamlakatimiz hududiy yaxlitligini ta’minlashdan iborat.
Ana shu ustuvor yo‘nalishlardan biri iqtisodiyotda, shu jumladan, sanoatda ham tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘lib, sanoat boshqaruvi tuzilmasini yaxshilashdan tortib korxonalarni yangilash va texnik jihatdan qayta jihozlashga, mamlakatning boy tabiiy va mineral xomashyo salohiyatidan to‘la, samarali foydalanishga, eksportga moslangan va import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaradigan quvvatlarni barpo etishga qaratilmog‘i darkor.
Iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish jarayonida, ayniqsa, investitsiya dasturini amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Bu borada mamlakatda mo‘‘jizaviy ishlar qilinmoqda. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon mamlakatga kiritilgan sarmoyalarning hajmi 8 mlrd. AQSH dollaridan oshib ketdi. Xorijiy sarmoyalarning aksariyat qismi (95-96%) xalq xo‘jaligining real ishlab chiqarish sohalariga, jumladan, 64 foizi sanoatga kiritilmoqda. Ana shu investitsiyalar asosida yangidan yangi korxonalarning barcha viloyatlarda qurilayotganligi nafaqat hududlarning sanoat tizimini, balki ularning qiyofasini ham tubdan o‘zgartirib yubormoqda.
Respublika iqtisodiyotida, shu jumladan, sanoatda tarkibiy o‘zgarishlarni ta’minlash natijasida davlatning qudratini yanada orttirish, mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, yurtni obod etish va xalqning farovonligini yuqori darajaga ko‘tarish mumkin bo‘ladi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini tarkibiy o‘zgartirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb qilish borasida bajarilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq.
2015-yilda ana shu maqsadlarga barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan 15 milliard 800 million AQSH dollari miqdorida investitsiyalar jalb etildi va o‘zlashtirildi. Bu 2014-yilga nisbatan 9,5 foiz ko‘p demakdir. Jami investitsiyalarning 3 milliard 300 million dollardan ziyodi yoki 21 foizdan ortig‘i xorijiy investitsiyalar bo‘lib, shuning 73 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalaridir.
Investitsiyalarning 67,1 foizi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishga yo‘naltirildi. Bu esa 2015-yilda umumiy qiymati 7 milliard 400 million dollar bo‘lgan 158 ta yirik ishlab chiqarish ob’ekti qurilishini yakunlash va foydalanishga topshirish imkonini berdi.
Masalan, Toshkent issiqlik elektr stansiyasida 370 megavat quvvatga ega bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi barpo etildi, CHorvoq GES gidrogeneratorlari modernizatsiya qilindi, Qo‘ng‘irot soda zavodida kalsiylashtirilgan soda ishlab chiqarish kengaytirildi, «Samarqandkimyo» aksiyadorlik jamiyatida 240 ming tonna quvvatga ega bo‘lgan murakkab tarkibli yangi o‘g‘itlar ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi. Shuningdek, «Motor zavodi» aksiyadorlik jamiyatining faoliyat ko‘rsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlarida traktor tirkamalari, jumladan, katta hajmli tirkamalar, maishiy texnika uchun tarkibiy qismlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish tashkil etildi.
Ana shunday muhim ob’ektlar haqida gapirganda, janubiy koreyalik investor va mutaxassislar bilan hamkorlikda Surg‘il koni negizida Ustyurt gaz-kimyo majmuasi barpo etildi. Umumiy qiymati 4 milliard dollardan oshadigan ushbu majmua dunyodagi eng zamonaviy, yuqori texnologiyalar asosida ishlaydigan, yirik korxonalardan biri bo‘ldi. Majmuaning ishga tushirilishi yiliga 83 ming tonna noyob polipropilen mahsulotini ishlab chiqarish imkonini beradi. Holbuki, bu mahsulot ilgari mamlakatimizga chetdan, katta valyuta hisobiga olib kelinar edi. Ayni vaqtda mazkur korxona polietilen ishlab chiqarish hajmini 3,1 barobar ko‘paytirish, mingdan ziyod yuqori malakali mutaxassislarni ish bilan ta’minlash uchun imkoniyat yaratishi bilan ulkan ahamiyatga egadir.
Xorazm viloyatida «Jeneral motors-O‘zbekiston» aksiyadorlik jamiyatida umumiy qiymati qariyb 6 million dollarlik loyiha asosida «Shevrole Labo» kichik yuk mashinasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu erda yiliga fermerlarimiz va xususiy tadbirkorlarimiz uchun juda zarur bo‘lgan 5 mingta ana shunday mashina ishlab chiqariladi. Shuni ta’kidlash joizki, ushbu model yangi «Xorazm avto» zavodida tayyorlanayotgan «Damas» va «Orlando» avtomobillaridan keyingi uchinchi turdagi avtomobil bo‘ldi.
Namangan viloyatining Pop tumanida 130 kilovat quvvatga ega bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Hozircha bu loyiha sinovdan o‘tkazilmoqda. 2020-yilga borib mamlakatimizda har biri 100 megavat quvvatga ega yana uchta quyosh elektr stansiyasini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bugungi kunda YAIM da sanoat hissasi 33,5 foizni tashkil etmoqda.
Bizga ma’lumki, 2017 yil 14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ma’ruza qildi. Ma’ruzada keltirib o‘tilganidek, 2016 yil yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulot 7,8 foizga, sanoat mahsuloti hajmlari-6,6 o‘sganligi qayd etib o‘tildi.
Iqtisodiyotga 16,6 milliard AQSH dollari miqdorida yoki 2015 yilga nisbatan 9,6 foizga ko‘p investitsiyalar yo‘naltirildi. O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 11,3 foizga o‘sdi va 3,7 milliard dollardan oshib ketdi. Umumiy qiymati 5,2 milliard dollar bo‘lgan 164 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish yakunlandi. Shu jumladan, “JM O‘zbekiston” aksiyadorlik jamiyatida “T-250” modeldagi engil avtomobillarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, Jizzax viloyatida sement zavodi kengaytirildi, Tolimarjon issiqlik energiya stansiyasida quvvati 900 MVt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmalari hamda Angren issiqlik energiya stansiyasida quvvati 150 MVt bo‘lgan yuqori kulli ko‘mirni yoquvchi energiya bloki ishga tushirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |