20. Don xo‘jaligi, go‘sht-sut chorvachiligi, qo‘ychilik rayoni. G‘arbiy Sibir tekisligining janubiy qismlarida taxminan o‘tloq dasht bilan dasht chegarasidan boshlab qishloq xo‘jaligining strukturasi boshqacha tarkib topgan. Bu joyda yerlar ko‘proq haydalgan, yem-xashak bilan band maydonlar xarakteri boshqacha, ekin maydonlari tarkibida g‘alla ekinlari ulushi kattaroq. Dasht g‘allachiligining sharqiy varianti Rossiyaning Yevropa qismidagi tarmoqlardan farqli o‘laroq, yog‘in-sochin etishmaydigan sharoitda olib boriladi. Kechki yoz oylari ayniqsa sernam bo‘ladi. Bahor paytlarida qurg‘oqchilik bo‘lib, shamol eroziyasi avj oladi.
Qishloq xo‘jaligining elektroenergiyasi bilan ta’minlanishi, agrotexnika, yuqori unumli mashinalar ishlatilishi natijasida bu yerlarda dehqonchilik rentabelli tarmoq hisoblanadi. Ayniqsa qattiq bug‘doy navlarining sifati yuqori. Dasht zonasining boshqa rayonlarga nisbatan ekin maydonlari tarkibi bir xil, bahori g‘alla ekinlari, bug‘doy va arpa asosiy o‘rin tutadi. Tuproqda nam saqlash uchun yerni shudgor qilish birinchi darajali ahamiyatga ega. Shamol eroziyasiga qarshi kurashning asosiy usuli tuproqning ustki qatlamini ag‘darmasdan yer haydash hisoblanadi. Rayonning yem-xashak resurslari tuproq qoplami kompleks bo‘lgan (sho‘rtoblar ko‘p bo‘lgan), shuningdek, qumli va toshloq tuproqlar tarqalgan joylarda yaylovlarning ko‘pligi sababli bu rayon em-xashak resurslari bilan yaxshi ta’minlangan. Bu yerda dasht zonasining g‘arbiy rayonlaridagiga nisbatan chorvachilik ko‘proq go‘sht etishtirishga ixtisoslashgan. Mayin junli va yarim mayin junli qo’ychilik rivojlangan.
CHO‘LLAR, CHALACHO‘LLAR VA TOG‘LI OBLASTLARDAGI YAYLOV CHORVACHILIGI RAYONLARI Yaylovlarda quy, qoramol, yilqi, tuya boqish hozirgi vaqtda umuman yoki deyarli dehqonchilik qilinmaydigan hududlarda asosiy o‘rin tutadi. Quruq dashtlar, chalacho‘llar va cho‘llardagi ko‘pgina o‘simliklar chorva uchun qimmatli em-xashakdir. Mollarni deyarli yil bo‘yi dalalarda boqish, qorning qalinligiga yoki qor qoplamining oz-ko‘p vaqt yotishiga shuningdek qish paytida quruq iqlim zonalaridagi o‘simliklarning to‘yimli xususiyati saqlanishiga bog‘liqdir. Xo‘jaliklarning chorvachilikka ixtisoslashishi va aksari yaylovlarda mol boqilishi boshqa tog‘li rayonlar uchun ham xarakterlidir. Bunday rayonlarda iqlimning quruq bo‘lishi dehqonchilikka xalaqit bersa, boshqa rayonlarda issiqlikning etishmasligi, uchinchi rayonlarda esa, shuningdek relyef va tog‘ jinslarining xususiyatlari xalaqit beradi.
Bir vaqtlar yaylov chorvachiligining xilma-xil shakllari, aksari ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi shakllari ustun turar edi. Bunday xo‘jaliklarda chorva mollari yaylovlarda yilning ma’lum mavsumlarida bir tabiat landshaftidan boshqa tabiat landshaftiga chorva mollarni haydab o‘tish yo‘li bilan boqilar edi. Ana shu tabiiy landshaftlar o‘simliklar taraqqiyotining mavsumiy ritmiga ko‘ra qanchalik katta farq qilsa, chorva mollarini yaylovlarda boqish imkoniyatlari shuncha keng bo‘ladi. Podalar cho‘l va chalacho‘llardan yoz paytida baland tog‘larga yoki tekisliklarda dasht zonasiga haydab borilar edi.
Bunday paytlarda mollarni yuzlab kilometrga haydab borishga to‘g‘ri kelar edi. Qishda esa yoz paytida suv bo‘lmaganida mol boqish mumkin bo‘lmagan yaylovlardangina foydalanilar edi. Hozirgi vaqtda ham mavsumlarga qarab yaylovlarni o‘zgartirib turish usulidan foydalaniladi. Lekin bunda boshqa sabablar muhim o‘rin tutadi va bu usul keng taraqqiy etgan emas. Chorva mollarini asrashning yillik rejimi ko‘proq sug‘oriladigan yerlarda qurg‘oqchil zonalarda etishtiriladigan yem-xashakka bog‘liq, bo‘lib qoldi. Chorva mollari qish paytida muayyan davr davomida dehqonchilik rayonlarida boqiladi yoki ma’lum tipdagi yem-xashak bu joylardan qishda mol boqiladigan joylarga yetkazib beriladi.
Dehqonchilik qilinadigan hududlarda, ya’ni o‘tloq chorvachilik rayonlarida buzoqlarni og‘ilxonalarda boqish ahamiyat kasb etmoqda. Xo‘jalik xususiyatlarining o‘zgarishi transport vositalarining takomillashganligiga, yem-xashakka turlicha yo‘llar bilan ishlov berishga bog‘liqdir. Ana shunday qilinganda em-xashak tashish qulay bo‘lib, ularning to‘yimliligi uzoq saqlanadi. Yaylov chorvachiligini intensivlashtirish uchun ketgan xarajatlarning rentabelligi chorva mollari zotlarining yaxshilanishi, jumladan, mayin junli qo‘ychilik va qorako‘lchilikning rivojlanishi bilan orta bormoqda. Ko‘chmanchilarning o‘troq hayot tarziga ko‘chishi yaylov chorvachiligidagi iqtisodiy va tashkiliy-texnikaviy shakllarning o‘zgarishi oqibati bo‘ldi.