Magmatik jinslar bilan bog`liq bo`lgan ma`dan konlar va ularning mineral guruhlari
Magma bilan uzviy aloqador bo`lgan konlar quydagilar: pirop-olmos, olivin-xromit, olivin-platinoid, ilmenit-titanomagnetit, xalkopirit-pentlandit va nefelin-apatit konlari kiradi. Ushbu mineral uyumlari, guruhlarining qanday yuzaga kelishi haqidagi fikr mavjud adabiyotlar asosida berildi.
1.Kimberlit magmasi evaziga yuzaga kelgan pirop-olmos mineral guruhlari.
Ushbu minerallar guruhlarining paydo bo`lishi o`ta asos va asos jinslarning alohida turi bo`lgan kimberlitlar bilan bog`liq. Kimberlitlar qadimiy platformalarda tektonik harakatlarning rivojlanishidan yuzaga kelgan. Bunday o`lkalar Sharqiy Sibir, Sibir, Afrika, Avstraliya, Hindistonda mavjud.
Kimberlitlar voronkasimon vulqon mo`rilarini to`ldiradi. Kimberlit vulqon mo`rilarining diametri bir necha metrdan, bir necha yuzlab metrni, chuqurligi bir necha kilometrgacha bo`lgan jismlar hosil qiladi. Dunyoda eng yiriklaridan Tanganikadagi «Ivaudi» vulkan mo`risi diametri 1625ґ1070 m bo`lib, yer yuzidan chuqurlashgan sari diametri kichiklashib boradi (o`rtacha 5-6 barobar).
Kimberlit odatda porfirsimon tuzilishda sementlangan brekchiyalardan iborat. Brekchiyani tashkil etuvchi bo`laklari ona jins: dunit, peridotitlarning jins hosil qiluvchi minerallaridan hamda litosferaning ichki qavatlariga mansub bo`lgan jinslar-eklogit, amfibolit, gneys va kristallashgan slaneclardan tashkil topgan (29-jadval). Brekchiyalarni tashkil etuvchi jinslarni puxta o`rganishdan ma`lum bo`lishini kimberlit magmaning mantiyaning yuqori qismidan 100-150 km chuqurlikdan ko`tarilishi haqida xabar beradi.
Kimberlitlar bilan tutashgan cho`kindi jinslarda kuchli bosim va yuqori harorat ta`siri mexanik harakatlarning va gidrotermal eritmalarning ta`siri yaqqol sezilib turadi. Ushbu o`rinda o`ta puxta o`rganilgan Yakutiya (Sh.Sibir) olmos-pirop konining minerallar guruhining xususiyatlarini ko`ramiz. Yakutiya olmos konining geologik tuzilishda kembriygacha kristallik fundamentining ustki qismi va quyi ordovik jinslarining orasida voronkasimon, yirik aylanasimon, diametri 45-50 metrgacha bo`lgan jismlar, ularning soni 150 dan ortiq. Bularning aksariyat qismida olmos uchraydi. Eng yiriklari: «Mir», «Udachnaya», «Ayxol», «Zarnitsa» va boshqalar. Kimberlit tarkibli jinslar orasida joylashgan voronkasimon trubkalarni har taraflama o`rganish hamda sun`iy olmos ustida olib borilgan eksperiment natijalari qattiqlik «sultoni»-olmos konlarining katta bosim, yuqori harorat ta`sirida yerning chuqur qismida yuzaga kelgan kemberlit magmaning yer yuziga yaqinroq masofada (100-150 m) portlashi va joylanishi natijasida kemberlit jismlari paydo bo`lishligini ko`rsatadi.
Olivin-1 (Fo90-100 Fa10-0)1 kimberlit o`z qiyofasini saqlagan holda uchraydi. Ba`zan dumaloqlashib, qirralari yo`qoladi. Ayrimda pirop, ilьmenit va olmos bilan o`simtalar hosil qiladi. Bu esa ushbu minerallarning deyarli bir vaqtda kristallanishini ko`rsatadi. Kimberlitda ikki hil paydo bo`lgan olivin uchraydi. Bulardan olivin-1 yirik (1-5 sm) porfirsimon, xol-xol donalar holida bo`ladi. Olivin-II nisbatan maydaroq (1-2 mm) idiomorf shaklida uchraydi. Bularning kimyoviy takibi va optik xususiyatlari bir-birlariga yaqin. Olivin-1 magma ko`tarilishida kristallanib, ancha yo`l o`tish vaqtida yiriklashadi va harakatlanish oqibatida silliqlanadi. Olivin-II yer yuziga yaqin sharoitda kristallanadi va sharoitlarning tez-tez o`zgarishidan xabar beradi.
Pirop kimberlit jinslariga mansub mineral, uning «mosh» yoki «no`xot»dek (0.1-2-3 sm) kristallari mavjud bo`lib mayda darzliklari serpentin, xlorit va kalcitlar bilan to`ladi. Pirop tanasidagi mayda xromshpinelidlar ninasimon shakllarda bo`ladi. Pirop har xil: qizil, binafsha rangidek rang-barangligi tarkibidagi xromning miqdoriga bog`liq. Kimberlitlardagi pirop o`z tarkibiga ko`ra-pirop-almandin qatoriga mansub bo`lib, bunda pirop qismi 80-95%, almandin esa 15-20% tashkil etadi.
Olmos. Kimberlitga mansub mineral. U tabiatda o`ta qattiqligi va har xil shaklli: oktaedr, rombododekaedr, ba`zan kub qiyofalarida mavjud. Olmosning oddiy ko`z bilan payqamaydigan xillaridan tortib, to yuz, ming karatli (1 karat-0,2g) va undan ham yirik kristallari uchraydi. Dunyodagi eng yirik olmos-3106 karatli «Kullinan» 1905 yilda J.Afrikada topilgan.
Olmosning rangi shaffofligi turlicha: rangsiz, shaffof, oq, havorang. yashil, sarg`ish, jigarrang, qizg`ish, to`q kulrang, ba`zan qora. Olmosning ichki tuzilishi uning hosil bo`lish sharoiti haqida qo`shimcha ma`lumot beradi: masalan, yuqori haroratda yuzaga kelgan olmos-oktaedr qiyofasida, rangsiz bo`ladi, haroratning sekin-asta pasayishi natijasida uning shakli rombododekaedrdan kub shakliga qarab o`zgaradi va rangi quyuqlashib qora bo`ladi.
Olmosning o`ziga xos xususiyatlaridan biri tarkibidagi azotning miqdori (0,23%). Ushbu miqdor olmosning rangi, shakli va otik xususiyatlari haqida qo`shimcha ma`lumot beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |