www.ziyouz.com
kutubxonasi
71
— Traktorlaring buzilib qolibdi, deb eshitdim?
— Sozladik, rais bova, sozladik.
— G‘ayrat qiling, traktorni to‘xtatmang! Shoberdi baxshi ezib-ezib doston aytdi.
— Ha-a, rais bova... qizimizga... odam kelibdi..
— Qizingizga odam kelibdi? Yo‘g‘-e, qizingiz hali go‘dak shekilli?
— Yo‘q... qizimiz... qizingizga deymai.
— Ha-a, mening qizimni aytayapsizmi? Keldi keldi, hali-hozircha eskichasiga non sindirib
qo‘ydik.
— Non sindirdilaringizmi?
— Ha-da, o‘ylab o‘tiramizmi. Sindirdik-qo‘ydik.
— Binoyi bo‘pti, xo‘p binoyi bo‘pti, — dedim. — Ha-a, chaqirgan ekansiz, rais bova?
— Chaqiribman? Qachon? E, ha-a, bugun Dehqonobodi quda bo‘lmishlar ikkita fotiha qo‘y tashlab
ketib edi. Shu qo‘yni birovini so‘yib, rayon kattalarini chaqirayin, dedim. Choy ichib keting, etayin,
dedim. Uyoqqa bola yubordim, buyoqqa bola yubordim, Qo‘y so‘ygich odam topolmadim.
— O‘zimga ayting edi, daladan vaqtliroq kelib so‘yib berar edim.
— Bo‘ldi-bo‘ldi, Klara Xodjaevnani shopiriga so‘ydirdim. O‘zimiz so‘yib, o‘zimiz yeb yotibmiz.
— Qanday... Etli-sulli qo‘y ekanmi?
— Ha endi, Dehqonobodi qo‘y bo‘lgandan keyin, etli-sulli qo‘y bo‘ladi-da.
Shoberdi baxshi bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib doston aytdi.
— Bo‘pti, Dehqonqul aka, — dedi raisimiz, — traktoringiz tag‘in buzilsa, darrov xabar bering.
Ana, ichkarida rayon texnika boshqarmasi piri o‘tiribdi, Bir og‘iz aytamiz, istalgan ehtiyot qismlarni
yetkazib beradi.
Ketimga qayrildim.
Darvozamizdan ichkariladim.
So‘ri boshida serrayib-serrayib qoldim.
Ayolimiz ajablanmish bo‘ldi.
— Ha, vaqtli qaytibdi? — dedi.
— Ko‘p o‘tirmadim, — dedim. — Kattalar mast-alast. It egasini tanimaydi...
20
Men begona o‘t uchun go‘ng solib edimmi? Men begona o‘t uchun suv berib edimmi? Dalalarimni
shunday o‘t bosdi, shunday o‘t bosdi! G‘o‘zalarim begona o‘t ostida qoldi. G‘o‘zalarim begona o‘t
changalida qoldi.
Dalalarimda yetmish xildan ziyod begona o‘t o‘sdi!
Dalalarim paxtapaykal bo‘lmadi — dalalarim o‘tpaykal bo‘ldi.
G‘o‘zalarim nozik davrida bo‘ldi. G‘o‘zalarim sertomirlamadi. G‘o‘zalarim botin yerlamadi.
Bunday vaqtda dalaga traktor solib bo‘lmaydi. Traktor yerni parcha-parcha ko‘chirib tashlaydi.
G‘o‘zalarim yerparchalar bilan ko‘chib-ko‘chib qoladi. G‘o‘zalarim qurib-qurib qoladi.
Ayni vaqtda g‘o‘zalarimga ketmon solib-da bo‘lmaydi. G‘o‘zalarimga ketmon-da ziyon beradi.
Birdan-bir yo‘lim — begona o‘tlarni bitta-bittalab yulib tashlash bo‘ldi.
Ayni vaqtda unib chiqmish begona o‘tlarni yulib tashlash mushkul bo‘lmadi. Bular bir yillik
begona o‘tlar bo‘ldi. Bir yillik begona o‘t tomiri yer ostlab ketmaydi. Shunday yer yuzasida bo‘ladi.
Boisi — bir yillik begona o‘t dondan bolalaydi.
Dastlab qo‘lim tegmish o‘t takasoqol bo‘ldi.
Takasoqol ingichka barg o‘t bo‘ldi. Uzun-uzun o‘t bo‘ldi. Oppoq tanli o‘t bo‘ldi.
Oyoqlarim uyushib-uyushib qoldi. Tizzalarim shol-shol bo‘lib qoldi.
Kun qoq miyamdan urib turdi.
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |