www.ziyouz.com
kutubxonasi
155
bir yildan oshdi! Yota ber, qaysar eshak bo‘lib yota ber! Ana shunday o‘lasan-ketasan!
— Birovga o‘lim tilamang. Ajali yetgan o‘ladi.
— O‘lasan! Bekordan-bekor o‘lasan! Xo‘sh, o‘lsang — sen baranni kim yo‘qlaydi! Yo‘qlaydigan
yo‘lboshching qolmadi! Mana, quloq sol: raising Botirov zindonda yotibdi. Ijroqo‘m raising Xoliqulov
zindonda o‘z tomirini o‘zi kesib o‘ldi! Tumaning firqa qo‘mitasi birinchi kotibi Mirzaboev zindon
ikkinchi qavatidan o‘zini o‘zi tashlab o‘ldi! Viloyating ijroqo‘mi raisi Beknazarov zindonda o‘z joniga
o‘zi qasd etib o‘ldi! Viloyating firqa qo‘mitasi birinchi kotibi Karimov zindonda yotibdi. O‘zbekiston
Ichki Ishlar vaziri Yahyoev zindonda yotibdi. O‘zbekiston Bosh Prokurori Bo‘rixo‘jaev zindonda
yotibdi. O‘zbekiston Bosh Vaziri Xudoyberdiev zindonda yotibdi, O‘zbekiston Jumhuriyati Qo‘mitasi
birinchi kotibi Usmonxo‘jaev eindonda yotibdi! Ana, raisingdan tortib poshshonggacha zindonda
yotibdi! Bor boshpanohing zindonda yotibdi! Xo‘sh, endi seni kim yo‘qlaydi?
«Chin, chin, — deya o‘ylab qoldim. — Raisimizdan tortib, poshshomizgachayin zindonda yotibdi-
ya!»
— Zindonimda yigirma besh ming bo‘ldilaring — yigirma besh ming! Bari zindonbandlarim —
Yo‘lchi Yulduz zindonbandlar! Zindonimda to‘rtta Markazqo‘m kotibi yotibdi — Usmonxo‘jaev,
Aytmurodov, Salimov, Abdullaeva! Zindonimda yigirmata general yotibdi! General Yahyoev...
Dunyoda general zoti to‘lib yotibdi, baran. Lekin o‘zbek Yahyoevdayi kamdan-kam topiladi. O‘zbek
Yahyoevdan Maskov generallari ham saboq olar edi. Maskov generallaridan bitta Shchelokovni o‘zbek
Yahyoev bilan yonma-yon qo‘ysa bo‘lar edi. Boshqa generallar o‘zbek Yahyoev oldidan o‘ta bersin
edi. Ana shu Yahyoevday yigirmata generaling zindonimda yotibdi! Zindonimda sakkizta viloyat
kotibi yotibdi. Zindonimda o‘nta Sotsialistik Mehnat Qahramoni yotibdi! O‘nta Sotsialistik Mehnat
Qahramoniyam O‘zbekiston yulduzlari! Jami yigirma besh ming yo‘lchi Yulduzing zindonimda
yotibdi!
Ivan Ivanovich zo‘rma-zo‘raki iljaydi.
— Yo‘lchi yulduzlaringni bola-chaqasi-yu, qarindosh-urug‘lariyam zindonimda yotibdi! — deya
iljaydi. — Poshshong Usmonxo‘jaevni yigirma uchta bola-chaqasi bilan qarindosh-urug‘i yotibdi!
Bilasanmi poshshong Usmonxo‘jaevni zindonband etish uchun kim qo‘l qo‘ydi? SSSR Oliy Soveti
Prezidiumi raisi o‘rtoq Gromiko qo‘l qo‘ydi, Gromiko! Xo‘-o‘sh... Karimovni yigirma bitta bola-
chaqasi yotibdi! Xudoyberganovni o‘n beshta bola-chaqasi yotibdi! Kamolov, Rajabov, Jabborov
degichlarni sakkiz-to‘qqiztalab bola-chaqasi zindonimda yotibdi!.. Qahramon Onalaringgacha
zindonimda yotibdi — Qahramon Onalaringgacha! Zindonbandim Saidova o‘n ikkita farzand onasi
bo‘ladi! Zindonbandim Dolieva o‘n bitta farzand onasi bo‘ladi! Zindonbandim Matg‘omova o‘n bitta
farzand onasi bo‘ladi! Zindonbandim Alimova to‘qqizta farzand onasi bo‘ladi...
Ivan Ivanovich iljaya-iljaya choy ichdi.
— Anavi payg‘ambaringni oti nima edi... Xo‘-o‘sh... xotiram o‘lsin-a... Afsus, o‘sha
payg‘ambaringni qo‘liga kishan solishga ulgurolmadim, afsus. Xudo mendan oldin jonini olib qo‘ydi!
O‘sha payg‘ambaringni oti nima edi...
— Muhammad payg‘ambar.
— Yo‘q-yo‘q... Xo‘-o‘sh... Sharof Rashidov! Afsus, Sharof Rashidovingni zindonband etishga
ulgurolmadim, ming afsus!..
Ivan Ivanovich po‘rillatib-po‘rillatib choy ichdi. Ivan Ivanovich kiborona-kiborona aytdi:
— Endi... O‘zbekiston toj-taxtini o‘zimiz boshqaramiz! O‘zbekiston Markazqo‘mi kotibi
Anishchev, O‘zbekiston Xalq Nazorati Qo‘mitasi raisi Yefimov, O‘zbekiston Bosh Prokurori Buturlin,
Toshkent shahar prokurori Terkin, Toshkent shahar firqa qo‘mitasi birinchi kotibi Satin... Jami
o‘ttiztacha azamat! Azamatlarni Maskov yubordi! Nasib bo‘lsa — ana shu azamatlar O‘zbekistonda
pichoqqa ilashadigan o‘zbekni omon qoldirmaydi! Nasib bo‘lsa — ana shu azamatlar bosh ko‘targan
o‘zbekni boshini yanchib-yanchib keladi! Nasib bo‘lsa — ana shu azamatlar ko‘zi ochilgan o‘zbekni
ko‘zini o‘yib-o‘yib keladi!
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |