www.ziyouz.com
kutubxonasi
147
churban, odam o‘ldirishdan rohat olaman! Odam o‘ldirishni sog‘inaman, churban, odam o‘ldirishni
sog‘inaman! Odam suyukli ayolini qanday sog‘inadi — men odam o‘ldirishni ana shunday
sog‘inaman! To‘shakdagi qip-yalang‘och ayolni ko‘rib qanday rohatlansam — o‘z qurbonimni ko‘rib
ana shunday rohatlanaman, churban!..
«Sokol» bilan «Sadist» ust-boshlarini sug‘urib-sug‘urib otdi.
«Sokol» bilan «Sadist»ni taryok xumori tutdi! Men bir seskanib oldim. Ko‘zlarimni bot-bot yumib
ochdim.
«Sadist» yelkalarida igna bilan bitilmish kapitan unvonli pogon bo‘ldi. Ko‘kraklarida O‘roq va
Bolg‘a bitigi bo‘ldi.
«Sokol» ko‘kraklarida barmoqday-barmoqday harfli «KPSS» bitigi bo‘ldi.
— Ko‘rayapsanmi, churban? — dedi «Sokol». — Biz mana shu to‘rt harfdan iborat «KPSS» uchun
ko‘kragimizni qalqon etib edik. Ko‘kraklarimiz ana shu «KPSS» qurboni bo‘ldi!..
17
Oylab yo‘qlamadilar-yo‘qlamadilar — tag‘in haydab bordilar.
— Serquyosh Baranistondan salomlar bo‘lsin! — dedi Ivan Ivanovich. — Qarshiga borib keldim.
Senlarni tergovchilaring ham baran-e! Mahalliy baranlarni ishimizga aralashtirmaylik-aralashtirmaylik,
dedim. Yo‘q, milliy urf-odatlarni biladi, dedilar, o‘zbekchilikni biladi, dedilar. Xullasi kalom,
oramizga Baxtiyor Abdurahimov degan bir baran tergovchini tiqdilar. Qashqadaryo viloyati birinchi
kotibi G‘oipovni qo‘lga olmoqchi bo‘ldim. Qo‘lga olar odam peshonasiga shartta to‘pponcha tiraydi —
qo‘lga oladi-qo‘yadi-da! Abdurahimov bo‘lsa — nuqul qo‘lini ko‘ksiga qo‘yadi, nuqul tevarak-boshga
salom beradi! Mayli, o‘zbekchilik... baranchilik bo‘lsa — baranchilik-da, dedim. Indamay ergashib
bora berdim. Ichkari kirsam — G‘oipov to‘rda nahor nonushtasi yeb-ichib o‘tiribdi. Dasturxonini
nonushta dasturxoniyam deb bo‘lmaydi. Mundayroq to‘y dasturxoni desa bo‘ladi. G‘oipov bizniyam
choyga chaqirdi. Mayli, baranchilik bo‘lsa — baranchilik-da, dedim-da, bir piyola choy ichdim. Keyin,
G‘oipovni prokuraturaga marhamat etdim. «Bir-ikkita savollarim bor», dedim. «Shu yerda so‘rasa
bo‘lmaydimi», dedi G‘oipov. «Yo‘q, idora yaxshi», dedim. G‘oipov «xo‘p-xo‘p», deya ichkariladi.
Ayoliga kiyimlarini olib kelishni buyurdi. Ayoli G‘oipovning Sotsialistik Mehnat Qahramoni
Yulduzlik kamzulini olib kirdi. Shunda, ichkaridan yig‘i eshitildi. Hadahalab bordim. Qarasam —
G‘oipovning tomog‘idan sharillab-sharillab qon otilayapti! Oppoq ko‘ylaklari qip-qizil qon! G‘oipov
qo‘lini qorniga uzatadi — yetmaydi, tag‘in uzatadi — yetmaydi! Nimaga uzatayapti desam — G‘oipov
shu kunlarda ko‘richagini oldiribdi ekan. G‘oipov ana shu tikig‘li ko‘richagiga qo‘lini ti-qib — yirtib
tashlamoqchi bo‘libdi! G‘oipov bizga qarab shunday baqirdi-shunday baqirdi! Og‘riq zo‘ridan
baqirmadi — nafrat bilan baqirdi, nafrat bilan! «Mustamlakachilar! Senlardan qachon xalos
bo‘lamiz!»— dedi. Abdurahimovga-ku, quturib baqirdi. «yo‘qol, o‘zbekning xoini, yo‘qol!» dedi. Shu
bilan... o‘lib qoldi! Kimdan pul oldi, kimdan oltin oldi — bilib bo‘lmadi! Baribir bilib olaman!
G‘oipovning sakkizta bola-baqrasi bilan urug‘-aymog‘ini olib kelib qamadim! Ana shu sakkiztadan
biri bo‘lmasa, biri aytib beradi! Ana, o‘zbekchilikka rioya etish oqibati! O‘zbekchilik — baranchilik!
Bo‘ldi — endi Stalin, Vishinskiylar yo‘li bilan ushlayman! Seni ushlab keldilar-u — ana shunday
ushlayman!
— Ushlang, armonda qolmang, ushlang, — dedim. — Ammo-lekin bola-baqrada nima ayb?
Sakkizta begunoh jon-a, sakkizta jon-a?
Ivan Ivanovich tutaqdi.
— Nima-nima? — dedi. — Sakkizta begunoh jon? Sakkiztayam gapmi — bari o‘zbek muttaham,
bari o‘zbek! Sen o‘zbeklar Sho‘ro hukumatining to‘rt yarim milliard so‘m pulini yeb ketgansanlar!
To‘rt yarim milliard so‘m! Yo‘q paxtani bor deb — to‘rt yarim milliard so‘mni manavi harom
tomoqlaringdan o‘tkazib yuborgansanlar! Yeb-eb — endi bo‘rilar galasiga o‘xshab qutulib ketaman,
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |