www.ziyouz.com
kutubxonasi
150
— Men mehnat qila berdim-mehnat qila berdim — raisimiz ko‘tara berdi-ko‘tara berdi.
— Kechirib qo‘yasan, baran, kechirib qo‘yasan! O‘zbekiston kattalari oldin bir nima oladi —ana
undan keyin bardor-bardor etadi!
— O‘lla o‘layin, agar-a...
— Unda, qanday qilib paxta topshirishni uzluksiz bajarib kelding? Uzluksiz-a, uzluksiz!
— Men yerga ter to‘ka berdim-ter to‘ka berdim — yer menga hosil bera berdi-hosil bera berdi.
— Kechirib qo‘yasan, baran, kechirib qo‘yasan! Sen o‘zbeklar yerga ter to‘kmaysan! Yo‘q-yo‘q,
sen o‘zbeklar yerga ter to‘kmaysan! Sen o‘zbeklar... yergayam pora berasan! Ha, sen o‘zbeklar
yergayam pora berasan! Paxtalaringni deyarli yarim foizi qo‘shib yozilgan! Ha-ha, qo‘shib yozilgan!
Qo‘shib yozish uchun esa — taxi buzilmagan «Lenin»dan uzatish lozim bo‘ladi!
Endi ayt, raisingga nechta «Lenin» uzatding?
— O‘ynab qo‘yay, «Lenin»dan, o‘ynab qo‘yay! Yo‘q «Lenin»ni qaerdan olaman?
Ivan Ivanovich ho‘ppaklab-ho‘ppaklab quloq-chakkam soldi.
Men o‘tirg‘ichdan jalpillab-jalpillab uchib tushdim.
O‘ng quloq-chakkam qizib-qizib og‘ridi. O‘ng quloq-chakkam shang‘-shang‘ og‘ridi.
Shu kundan e’tiboran o‘ng qulog‘im chippa-chippa bitdi-qoldi.
20
— Usmonxo‘jaevni bilasan-a? — dedi Ivan Ivanovich.
— Esa-chi. U kishi poshshomiz bo‘ladilar! — dedim.
— Ana shu poshshong O‘zbekiston bulbuli bo‘lib sayradi! Navoiy, Bobur... degich baran shoirlar
g‘azallarida bulbullar xonish etadi-yu? Poshshong ana shunday bulbul bo‘lib xonish etdi!
— Eb-e, u kishi-da zindonbandmi, eb-e?
— Ha-da, zindonband-da! Lekin Usmonxo‘jaevning ayoli Elnurini gapga kiritib bo‘lmadi. Elnuri
oylab bandi bo‘lib yotdi. «Ering Usmonxo‘jaev tamom bo‘ldi — endi eringdan kech», dedim. Qani
kechsa! Boshiga it kunini soldim! Oxiri masalani ko‘ndalang qo‘ydim: «yo, eringdan kechasan, yo,
joningdan kechasan», dedim. «Mayli, jonimdan kechaman, lekin erimdan kechmayman», dedi Elnuri.
Ana ayol — mana ayol! Aytganda ham — yuzimga tupurib-yuzimga tupurib aytdi! Yuzimga tupursa
ham mayli — baribir Elnuriga qoyil bo‘ldim! Ana shundan keyin butun o‘zbek ayollariga qoyil
bo‘ldim!
Ivan Ivanovich po‘latsandiqdan semizdan-semiz bir jildtaxlam olib kelib ochdi.
— Xo‘-o‘sh, poshsho hazratingni Bosh Prokurorimiz o‘rnibosari o‘rtoq Vasilev so‘roq qildilar.
Mana, so‘roq varaqasi. Quloq sol, ana shu so‘roqdan picha o‘qib beraman:
VASILYeV: Siz bir necha bor SSSR Bosh Prokurori nomiga arznomalar bilan murojaat etibsiz.
Siz bu arznomalarda qanday yo‘llar bilan pora olib-pora berganligingizni bayon etibsiz.
USMONXO‘JAYeV: Meni ushbu yil o‘n to‘qqizinchi o‘ktabrida zindonband etdilar. Men ilk
kundanoq halol yo‘ldan bordim. Oqni oq, dedim, qorani qora, dedim! Barcha javobgarlikni bo‘ynimga
olib aytdim. Tag‘in aytaman: ha, pora olib-pora berish
—
O‘zbekistondan Maskovgacha kundalik
voqea edi!
Do'stlaringiz bilan baham: |