www.ziyouz.com
kutubxonasi
137
Men burchakda cho‘nqayib o‘tira berdim. Peshonamni tizzalarim qo‘yib o‘tira berdim.
Dimog‘im bir is tuydi.
Is dimog‘im uchun haminqadar qo‘lansa bo‘lsa... haminqadar qadrdon-da bo‘ldi.
Is — butifos isi bo‘ldi!
4
Ikkita askar o‘rtasida bordim.
Kun kunduzimi yo kechami — bilmadim.
Qorag‘ilof eshikdan ichkariladim.
To‘rda o‘tirmish baroqqosh katta joyidan turdi. Men bilan qo‘l berib ko‘rishdi. Bosh egib-bosh
egib mulozamat etdi.
Baroqqosh katta joy lutf etdi.
— Marhamat, Dehqonqul Aqrabovich, marhamat! — dedi.
Men baroqqosh katta marhamat etmish joy cho‘kdim.
Baroqqosh katta o‘z joyini oldi. Bosh irg‘ab-bosh irg‘ab iljaydi.
Baroqqosh katta betimdan ko‘z olmadi — bir chapimdan qaradi, bir o‘ngimdan qaradi.
— Ko‘p qarab yotmang, — dedim. — Betim pes emas.
Baroqqosh katta tag‘in bosh irg‘adi.
— A?.. — dedi. — Bo‘ladi, hayotda shunday dard bo‘ladi... Ammo yuqumli sanalmaydi...
— Ellik daraja jaziramada ketmon chopamiz, ana shundan, — dedim.
— Iya! — deya hayronlandi baroqqosh. — Unda nega yuzingiz bir tekis qora emas?
— Saraton mahali dalada ko‘z ochib bo‘lmaydi. Ko‘zimizni qisib-qisib ketmon chopa beramiz.
— Ha-a? Men boshqa xayolga boribman...
— Bari ko‘rgilik kun bilan ketmondan.
— Bo‘ldi-bo‘ldi, tushundim. Xo‘-o‘sh, unda, tanishib qo‘yaylik: men Ivan Ivanovich Ivanov
bo‘laman. «O‘zbeklar ishi» bilan shug‘ullanaman.
To‘rda bahaybat po‘latsandiq bo‘ldi. Sandiq uzra supraday qizil bayroq yoyilib turdi.
Baroqqosh boshi uzra o‘rtoq Lenin kulib-kulib qarab turdi,
O‘ng tarafda Dzerjinskiy qahrlanib-qahrlanib qarab turdi.
Baroqqosh so‘ray berdi — men ayta berdim. Aytuvlarim xatga tusha berdi.
Baroqqosh xat qarab xayol surib qoldi.
— Endi bo‘ldi-a? — dedim. — O‘ziyam, yetti pushtimgachayin so‘rab oldingiz. Endi men
ketayin.
— Qayoqqa ketasiz?
— Qayoqqa bo‘lardi — uyimga-da. Birinchi terim boshlandi. Men bo‘lsa, buyoqlarda yuribman.
Aslida terimchilarga qo‘y so‘yib berishim lozim edi. Og‘ziga yetar bo‘ladi, og‘ziga yetmas bo‘ladi,
so‘kadi-da. O‘l-a, mash’al brigadir bo‘lmay, deydi-da. Gap raisimiz qulog‘iga yetsa, undan-da yomon.
Baroqqosh lablari burchida kuldi.
— Jamoliddinov, Jamoliddinov! — deya kuldi. — Dehqonqul Aqrabovich, Dehqonqul
Aqrabovich! Raisingiz shu yerda!
— Shu yerda?
— Ha-da. Siz bilan bir tayyorada keldi.
— Eb-e?.. O‘ynab qo‘yay-o‘ynab qo‘yay, qaerda-qaerda?
— Siz bilan qabatma-qabat yotibdi. Xo‘-o‘sh, qalay joylashdingiz, ma’qulmi?
— Siz bilasiz-da, men ne bilayin?
— Ishqilib, ozodaginami?
— Ozoda? Butifos isi anqib yotibdi. Chidab bo‘lmaydi.
Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |