www.ziyouz.com kutubxonasi
224
iymon keltirdim, — dedi.
Unga Rasululloh:
— Halol mol yaxshi odamga qanday yarashadi, — dedilar.
Chunki mol Alloh taolo tomonidan bandalariga berilgan ne’matdir. Agar banda buning
shukrini qilar ekan, kundan-kunga u ne’mat ko‘payadi. Agar shukrini qilmas ekan, undan
albatta bir kuni ajraladi. Inson olamida ilgaridan kelgan Allohning odati shuldir. Endi
ne’matga shukr qilishning ma’nosi, shu narsani Allohning buyrug‘iga ishlatish, aning
ustiga qo‘yilgan shariat haqlarini to‘liq bajarib turish demakdir. Insonning o‘zi to‘g‘ri
yo‘ldan toymaguncha unga bergan ne’matni Alloh qaytarib olmaydi. Chunki Qur’onda
aytadi:
«Lain shakartum laaziydannakum va lain kafartum inna azabiy lashadiyd», ya’ni, «Agar
shukr qilsanglar, bergan ne’matimni yana ko‘proq beraman, agar noshukrchilik qilar
ekansizlar, menim azobim bek qattiqdur». Bu degan ersa, bu dunyoda u ne’matdan
ajraysizlar, oxiratda ersa noshukrchilik qilganning azobini yana tortgaysizlar, demakdur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Shunday qilib, ansor va muhojir sahobalardan uch yuz
askarga Amr ibn Osni amir qilib jo‘natdilar. Bular ichida ulug‘ sahobalardan ko‘p kishi bor
edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu askarga oq tug‘, qora bayroq berdilar.
Kunduzi yashirinib, hech kimga ko‘rinmay, kechasi tinmay yo‘l yurib dushman yeriga
yaqinlashib kelganda, oldin yuborilgan tingchilar dushmanning ko‘pligidan xabar
keltirdilar. Buni anglashi bilan Amr ibn Os Rasulullohga kishi choptirib, yordam askari
so‘radi. Darhol hazrati Abu Ubaydani boshchi qilib, yana ikki yuz askar yubordilar.
Bu keyingi askar ichida hazrati Abu Bakr, Hazrati Umar ham bor edi. Bularga
buyurdilarkim, Amr ibn Os askariga qo‘shilgaylar, so‘ngra har ikki amir birgalikda ish olib
borgay, dedilar.
Shu bilan keyingi askarlar tez yurib oldingi askarga yetib oldilar. Shu orada bir
namozning vaqti kirib, ani o‘tamakchi bo‘ldilar.
Islom qonunida askarga kim boshchi bo‘lsa, namozda imom bo‘lish aning haqqidur.
Shunga qarab hazrati Abu Ubayda namozga imom bo‘lish uchun saf oldiga o‘tmoqchi
bo‘ldi. Anda Amr ibn Os:
— Seni Rasululloh menga yordamchi qilib yubormishdur. Butun askar ustida bosh
qo‘mondonlik menim haqqimdur, — deb o‘zi imom bo‘lib namozga o‘tdi.
So‘ngra Islom askari dushman yeriga kirgach, ular ustiga to‘satdan hujum qildilar.
Dushman askarlari dastlabda ozroq urushgan bo‘lsalar ham, keyin yengilib qochdilar.
Ko‘plari o‘ldirilib, butun mollari o‘ljaga qoldi.
Shu kunlari esa qish mazgili (vaqti) bo‘lib, havoning anchagina salqinligi bor edi. Askar
usti yupun bo‘lib, ularga sovuq o‘tgan bo‘lsa ham, o‘t yoqib isinishga amirlari Amr ibn Os
unamadi.
Yana shu tuni o‘zi ihtilom bo‘lib, bulg‘anmish edi. Sovuqdan qo‘rqib g‘usl qilmasdan,
tayammum bilan namozga imom bo‘ldi. Qochgan dushman askarini quvlashga so‘rab
edilar, unga ham ruxsat bermadi. Aning shu qilgan ishlaridan Hazrati Umar boshliq bir
necha sahobalar norozi bo‘lishib, hazrati Abu Bakr Siddiq oldiga kelishdi. Anda u:
— Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu safargi askar ustiga bu kishini boshchi qilib
qo‘ymishdur. Urush ishida balki bizdan aning bilgani ortiqroq bo‘lgay. Endi bu to‘g‘rida
na qilur ersa, unga hammamiz bo‘ysunishimiz kerakdir, — deb ularni bosib qo‘ydilar.
So‘ngra Madinaga kelgach, Amr ibn Os:
— Yo Rasululloh, sizga aytgandirlar, men bu safarda askarga yoqmaydigan bir necha ish
qildim. Birinchisi, havo sovuq bo‘lsa ham askarlarga o‘t yoqib isinmoqqa ruxsat
qilmadim. Buning sababi ersa, dushman josuslari tun qorong‘usida kelib o‘t yorug‘ida
o‘ltirgan askarning ozligini payqab qolgaylar.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |