www.ziyouz.com kutubxonasi
222
ko‘rsatganini bildiradi.
Shu bilan orqaga chekinib, tutgan joylarida tog‘dek turish qilib, shu kunning urushini
mudofaa bilan o‘tkazdilar. Ikki yoq askari yengilmasdan kech kirgach, har qaysisi o‘z
o‘rinlariga chekindilar. Shu kecha tun qorong‘uligidan foydalanib hazrati Xolid bir hiyla
topib, urush aldovini ishlatdi. Shundoqki, butun bayroqlarni o‘zgartirib, askar yasovini
yo‘tkadi. Barong‘ar (o‘ng) o‘rnini jarong‘ar (chap)ga, orovul (old) o‘rnini chindovulga
almashtirdi. Ertalabki urushga shu yasov bilan chiqqanlarini dushmanlar ko‘rgach,
qo‘rqinchga tushib, Madina tomonidan shu kecha madad askari yetib kelmishdur, deb
o‘yladilar. Shunday bo‘lib bu urush yetti kun davom etdi. Qo‘mondonlik hazrati Xolidga
o‘tgach, uning buyrug‘icha dushmanga qarshi mudofaada bo‘ldilar. Bu urushda ersa, eng
hayron qolg‘udek ish shuldirki, shunchalik ko‘p sonli, ko‘p kuchga ega bo‘lgan dushman
qo‘shiniga urushgan uch ming askardan yetti kun ichida o‘n ikki kishi shahid bo‘lmish
edi. Kuffor tomonidan ersa o‘ldirilganlarning hisobi yo‘q edi. Shuning uchun bu voqea
mo’tabar kitoblarda Rasulullohning mo’jizalaridan hisob qilinmishdur.
Shu urush tugagunchalik hazrati Xolid ibn Valid qo‘lida to‘qqiz dona qilich singanligini
Imom Buxoriy rivoyat qilur.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu voqeadan vahiy orqali xabar topmish edilar.
Buni anglatish uchun sahobalarni yig‘ib, so‘ngra minbarga chiqdilar. Muborak ko‘zlaridan
yosh to‘kilar edi. «Xayrlik bo‘lsin» deb uch yo‘l aytgandan so‘ngra sahobalarga qarab:
— Men sizlarga g‘azotga ketgan askarlarimizdan xabar berurman. Ular ersa borishib
Mu’ta degan joyda dushmanga yo‘liqdilar. Birinchi amir Zayd ibn Horisa shu urushda
shahodat topdi. So‘ngra tug‘ni Ja’far ibn Abu Tolib tutib dushmanga hujum boshladi. Bu
ham shahid bo‘ldi. Uchinchi Abdulloh ibn Ravoha tug‘ ushladi. Uni ham shahid qildilar.
Bular uchun istig‘for aytib duo qilinglar. Endi tug‘ni Xolid ibn Valid oldi. Ey bor Xudoyo,
bu quling ersa sening qilichlaringdan bir keskin qilichdur, unga yordam bergaysan, —
deb duo qildilar.
Shu kundan boshlab bu bahodir yigitga «Sayfulloh», ya’ni «Allohning qilichi» deb laqab
qo‘yildi. Shuning ustiga askar xabarchisi Ya’lo ibn Munayya degan kishi ham yetib keldi.
Islom askari urushdan qaytgach, oldindan uni yuborgan edilar. Rasululloh bilan kelib
ko‘rishganidan keyin, unga aytdilar: — Bu urushda bo‘lgan voqeani sendan burun men
aytib berayinmi yoki o‘zing ayturmisan?
Ul ham:
— Ayting, Yo Rasulalloh, — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bo‘lgan voqealarning hammasini boshdan-oyoq
aytib berdilar. Anda xabarchi:
— Qasam qilurman, Yo Rasulalloh, biz ko‘rgan ishlardan birini qoldirmay aytdingiz. Aniq
bulurman, siz Allohning haq payg‘ambarisiz, bu ishni sizga Alloh bildirmishdur. Bo‘lmasa
bunday g‘ayb ishlarni hech kim bilmagay, — dedi.
Bu xabarni anglatgandan so‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Ja’farning
xotini Asmo’ binti Amis uyiga kirdilar. Bolalarini ko‘rgach, ularni har birini o‘pib turib,
muborak ko‘zlaridan yoshlari oqib ketdi.
Anda Asmo’:
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, bu bolalar otasi Ja’fardan va uning yo‘ldoshlaridan
musibat xabari kelganga o‘xshaydi, — deb o‘z odatlaricha ovoz chiqarib yig‘lagani turdi.
Qo‘shni xotinlar buning tovushini eshitib uning uyiga yig‘ildilar.
Anda Rasululloh:
— Ey Asmo’, johiliyat odaticha yoqangni yirtib, yuzingni tirnama, yig‘i ustida og‘zingdan
yomon so‘zlar chiqib ketmasun. Xudo rozi bo‘lmagan so‘zlardan, ishlardan tilingni,
qo‘lingni saqlagil.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |