www.ziyouz.com kutubxonasi
223
Ey bor Xudoyo, Ja’farni jannatda eng yuqori darajali joyga yetkurgil, aning oilasiga ulug‘
ajr ato qilgil, — deb duo qildilar.
So‘ngra u joydan chiqib, o‘z uylariga kirib, onalarimizga aytdilar:
— Ja’far oilasidan xabarsiz turmanglar, ular uchun yemak pishirib uylariga yetkazinglar.
Insonga o‘lim ishi yetdi ersa, uning qayg‘usi ovqat pishirmoq, yemak-ichmakka to‘sqinlik
qilur, — dedilar.
Shuning uchun o‘lim bo‘lgan uyga qo‘shnilar, qarindoshlar taom pishirib yetkurmagi
sunnat bo‘ldi.
Yana bir rivoyatda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ja’far uyidan chiqib, Hazrati
Alining uyiga kirdilar. Hazrati Ja’far Hazrati Alining bir tug‘ishgan og‘alari edi. Fotima
Rasulullohni ko‘rgach, o‘z odatlaricha «Vo ammoh» deb urushda o‘lgan amakisini yo‘qlab
yig‘lagani turdi. Anda Rasululloh aytdilar: «Ja’far kabi er yigitga xotinlar yig‘lamasdan
qarab tura olmaydilar. Lekin ularga aytib qo‘yinglar, yig‘lagan chog‘da qo‘llarini, tillarini
saqlasin», dedilar.
Shu bilan oradan uch-to‘rt kun o‘tgandan so‘ngra g‘oziylardan ham xabar keldi.
Rasululloh buyurdilarkim, ularning oldilaridan kutib chiqib, qarshi olg‘aylar. Yaxshi
safardan, uzoq yerlardan kelayotgan musulmonlarni kutib olish shundan bizlarga sunnat
bo‘lib qolgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq barcha sahobalar va g‘oziylarning yosh
bolalari yo‘l to‘sishib chiqqan edilar. Madinadan chiqishgan bolalar ersa, suyunganlaridan
shodlik she’rlarini o‘qishur edilar.
Anda Rasululloh aytdilar:
— G‘oziylar o‘z bolalarini ot oldiga mindirib olsinlar. Ja’far o‘g‘li Abdullohni menga
beringlar,— deb, uni o‘zlari otga o‘ngarib oldilar. So‘ngra aytdilarkim:
— Ey o‘g‘lim, senga muborak bo‘lg‘ay, otang Ja’farni bu kecha menga ko‘rsatdilar. Uni
jannatda farishtalar bilan birga uchib yurganini ko‘rdim.
Rasululloh hazrati Xolid bilan ko‘rishganlarida bu urushda ko‘rsatgan mahoratini maqtab,
undan ko‘p rozi bo‘ldilar. Shu safardagi askar ichida bo‘lgan Abdulloh ibn Umarning
aytishicha, Zayd ibn Horisaning ikki qo‘li birdan kesilib, yana yetmish necha yeridan
yaralanmish edi. Rasululloh belgilagan shu uch qo‘mondonni — Zayd ibn Horisa, Ja’far
ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Ravoha — shahid bo‘lgan joylarida bir qabrga qo‘ydilar.
Qolganlari ham shu o‘ringa ko‘mildi, raziyallohu anhum.
Zarurat tushgan chog‘da besh-o‘n o‘likni bir qabrga qo‘ymoq shariatda durustdir. Uhud
urushida o‘lgan shahidlarni ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari shunday
qilgan edilar. Bu bahodirlarning qabrlari butun Islom olamiga ziyorat o‘rni bo‘lib
qolmishdur. Muborak ismlari ersa tarixlarda yozilib, inson olamida hurmat
qozonmishdur.
Do'stlaringiz bilan baham: |