www.ziyouz.com kutubxonasi
229
o‘tmishdagi qilmish ishlari yodiga tushib, Rasulullohning yuzlariga ko‘p qarasholmas edi.
Shundoq ham bo‘lsa rahmatan lil olamiyn sifatiga ega bo‘lgan zot ularning o‘tgan
ishlarini ko‘p esga olmay, yana iltifot qilib:
— Allohning arsloni amakim Hamza Uhud urushida shahid bo‘ldi. Uning o‘rniga Alloh seni
yetkazdi. Hamzaning o‘rnini bosgaysan deb umid qilurman, — deya Abu Sufyon ko‘nglini
ko‘tardilar.
Bu so‘z bilan uning ham ancha ko‘ngli ko‘tarilib qoldi. Islomga kirgandan keyingi umrini
Xudo yo‘lida yaxshilik bilan o‘tkazdi. Vafot bo‘lishida oilasiga vasiyat qilib: «Men o‘lsam,
ko‘p yig‘lamanglar. Xudo haqqi Islom diniga kirgan kunimdan buyon hech bir xato ishni
qilmadim», demish edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha kun yo‘l yurib Makkaga yaqin Marraz —
Zahron degan joyga kechasi kelib tushdilar.
— Qo‘shinda qancha askar bo‘lsa, o‘shancha joyga o‘t yoqishsin, — dedilar.
O‘n mingdan ortiq yerga o‘t yoqildi. Bu ishdan maqsadlari esa Makka mushriklariga
askarning ko‘pligini bildirib, ularni urushdan chekintirish edi. Chunki Islom qonuni
bo‘yicha Haram tuprog‘ida qon to‘kish u yoqda tursin, u yerning o‘sib turgan o‘tini
yulishga, ko‘kargan yog‘ochini kesishga ham yo‘l yo‘q edi. Shuning uchun Haram yerida
jonlik narsalarni ovlab, ularni qo‘rqitish shariatda haromdir. Shunday bo‘lganlikdan
Rasululloh Haram hurmatini saqlab, qon to‘kilmaslik chorasini qildilar. Shul kecha tun
qorovulligi Hazrati Umarga topshirilmish edi. Shunchalik ko‘p askar ustilariga yetib
kelguncha, Makka mushriklari bu ishdan xabarsiz qoldilar. Chunki Rasulullohning bu
to‘g‘rilik qilgan duolari qabul bo‘lmish edi. Endi bu manzilga askar kelib tushgach,
Payg‘ambarimizning amakilari Hazrati Abbos Rasulullohning xachirlarini minib Makka
yo‘liga chiqdi. Bundan maqsadi, biror kishi ko‘rinar ersa, Qurayshga xabar aytib uni
kirgizmoqchi edi. Toki ularning raislaridan bir nechalari kelishib, Rasulullohdan omonlik
so‘rasinlar. Shuni o‘ylab ketayotganlarida oldidan ikki kishining qorasi ko‘rindi. Buning
birisi Quraysh raisi Abu Sufyon bo‘lib, ikkinchisi ersa, bu ham raislardan Budayl ibn
Varqoa degan kishi edi. Kecha qorong‘usida yuzlari ko‘rinmasa ham tovushlaridan bular
tanilmish edi. Madina tomonidan biror xabar anglamoq uchun yo‘l to‘sib Makkadan
chiqqan edilar. Bu joyga kelganda sonsiz yerga yoqilgan askar o‘tini ko‘rib, hushlari
uchib, qarab turishgan edi.
Abu Sufyon hayron qolib:
— Hoy, bular kim bo‘ldi ekan? Arafotga yig‘ilgan hojilardek yoqqan o‘tlari ko‘p ko‘rinadi.
Dushmanimiz Huzo’a qabilasi bo‘lg‘aymu desam, ular bo‘lsa bunchalik ko‘p askarni
qaydan olg‘aylar? — deb turganida, Hazrati Abbos yo‘lning u yog‘idan turib, Abu
Sufyonni chaqirdilar. Bu ikkovi ersa bir-birlariga og‘ayni-ulfat edilar. Abu Sufyon buning
tovushini eshitib tanishi bilan chopganicha kelib:
— Ota-onam senga fido bo‘lsin, bu nima ishdur?— deb so‘radi.
Anda Hazrati Abbos:
— Hoy Abu Sufyon, sening xabaring yo‘qmi, mana Rasululloh kishi ko‘rmagan qalin, ko‘p
askarni ustingga keltirdi, — deb edi, bu so‘zni anglashi bilan arab odaticha «Hay
Quraysh, xarob bo‘ldik» deb qattiq qichqirib yubordi.
So‘ngra Abu Sufyon:
— Ey Abbos, ota-onam senga fido bo‘lsin, buning chorasi nimadur? — dedi.
Anda Hazrati Abbos:
— Nima ish bo‘lg‘usi, boshingga eng qo‘rqinchlik kun keldi. Mana, Rasululloh
ko‘rursankim, qalin, ko‘p askar keltirmishdur. Bu kecha tong otishi bilan Quraysh xalqiga
qirg‘in kelur. Agar bu yo‘lda qo‘lga tushar bo‘lsang, dastlab sening bo‘yning uzilur, —
dedilar.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |