www.ziyouz.com kutubxonasi
231
chog‘larida Hazrati Abbosdan: «Bu qaysi qabila bo‘lar?» deb so‘rar edi. Shundoq qilib,
butun qabila askarlari Abu Sufyon oldidan o‘tib bo‘ldilar. Eng so‘ngida temir sovutlar
ichida ko‘milgan, boshlaridan dubulg‘a, tug‘u bayroq ko‘targan muhojirin va ansor
sahobalar o‘tdilar. Abu Sufyon bularni ko‘rganda shoshib qolib:
— Subhonalloh, ey Abbos, bular kimlardur? — deb so‘radi.
Hazrati Abbos:
— Bular ersa Rasulullohning xos yo‘ldoshlari — ansor va muhojirin sahobalardur, har
vaqt Rasululloh shular ichida bo‘lg‘aylar, — dedi.
Anda Abu Sufyon:
— Ey Abbos, qarindoshing o‘g‘li Muhammad ersa dunyodagi kuchli podsholardan
bo‘lmishdir. Aning askari oldida hech kimarsa chidab tura olmagay, — dedi.
Anda Abbos:
— Ey Abu Sufyon, bu ishni podshohlik demak xatodir. Balki Alloh tomonidan yuborilmish
payg‘ambarlik davlati erur.
U ham bu kishi so‘ziga qarab:
— Ha, shundoq bo‘lsa kerak, — dedi.
So‘ngra Hazrati Abbos unga qarab:
— Ey Abu Sufyon, Rasulullohdan omonlik so‘rab erding, uni berdilar. Islom shon-
shavkatini o‘z ko‘zing bilan ko‘rding. Endi tezlik bilan Makkaga borgil, Quraysh xalqiga
bu ishning qandayligini tushuntirgil. Yana ular bilmasdan Rasulullohga qarshilik ko‘rsatib,
o‘z jonlariga jabr qilib, qirilib ketmasinlar. O‘z qo‘llari bilan o‘zlarini halok qilmasinlar, —
dedi.
Abu Sufyon bu so‘zni anglashi bilan buni yaxshi aytding, deb chopganicha xalq ichiga
keldi. Tovushi boricha qichqirib:
— Ey Quraysh xalqi! Mana Muhammad ersa cheksiz ko‘p askar bilan ustimizga
kelmishdir. Ular bilan urush qilmoqqa hech kimda toqat yo‘qdir. Uning aytishicha, Abu
Sufyon saroyiga kirganlar omon qolg‘aylar, — deyishi bilan, xotini Hind uning soqoliga
osilib:
— Ey Quraysh xalqi, bu ahmoq, chirik cholni o‘ldiringlar. Buni ko‘ringlar, uyalmasdan
dushman qo‘shiniga jarchi bo‘lib kelmishdir. Buning so‘ziga inonmanglar, o‘z
nomusinglar uchun urushinglar, — deb faryod qildi.
Anda Abu Sufyon:
— Hoy, tentak xotin, tovushingni chiqara ko‘rma! Tezlik bilan uyingga kirib, jim o‘tirgil.
Masjid ichiga kirganlar omon topgaylar. Qurol topshirganlar omon topgaylar. Eshik
bekitib uyidan chiqmaganlar omon topgaylar. Abu Ruvayha tug‘i ostiga to‘planganlar
omon topgaylar. Hakim ibn Hizom saroyiga kirganlar omon topgaylar, — deb xalq ichida
chorlagani turdi.
Eng so‘ngi aytilgan Hakim ibn Hizom degan kishi ersa, Qurayshdan chiqqan atog‘liq
raislardan erdi. Johiliyatda bo‘lsin, islomiyatda bo‘lsin, yaxshilik ila nomi ko‘tarilmish edi.
Do‘stlikka ko‘nglini moyil qilmoq uchun Rasululloh uning haqida bu ishni qildilar.
Abu Ruvayha ersa Madinaning ansor sahobalaridan bo‘lib, Hazrati Bilolning do‘sti edi. Bu
ulug‘ sharafga ul ham ega bo‘ldi. Bu so‘zni anglashlari bilan butun xalq jon vahmida
qolib, shu aytilmish joylarga tarqaldilar. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
tubandagi nomlari yozilmish shu to‘qqiz kishini qayerda bo‘lsa ham o‘ldirishga
buyurdilar:
— Agar bu kishilar Ka’ba yopug‘iga yopishib tursalar ham, qo‘ymay o‘ldirilsin, — dedilar.
Shuning uchunkim, bulardan Islom ahliga chekdin tashqari ozorlar yetgan edi. Unutilmas
beadabchiliklar ulardan o‘tgan edi. Ana shularning birisi Abdulloh ibn Sa’d degan kishidir.
Bu ersa ilgari musulmon bo‘lib, bir necha vaqt vahiy yozuvchisi bo‘lib turdi. So‘ngra
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |