www.ziyouz.com kutubxonasi
233
— Yo Rasulalloh, Xolidga Quraysh beboshlari qarshi chiqqan bo‘lsalar, shularga
ko‘tarilgan Islom qilichlari bo‘lishi kerak. Yo‘q esa urushdan uni tiygan edingiz. O‘zlari
urush boshlamasalar, sizning amringizni albatta Xolid buzmagay erdi, — dedilar.
Shuning bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Haram tuprog‘iga kirdilar. Kirishlarida
tuyaga mingan edilar. Asrandi o‘g‘illari Zaydning bolasi Usoma tuya orqasiga
mingashgan edi. Rasululloh Haramga odob saqlab tuya ustida egilib, tavoze’ bilan
kirdilar. Yuqorida aytilganicha, Xolid ibn Validga to‘qnashgan kishilardan boshqa,
ortiqcha qon to‘kilmadi.
Shunday ulug‘ ne’matni ato qilguvchi Alloh taologa hamdu sano aytdilar. Shu
yurganlaricha to‘g‘ri kelib Baytullohni tuya ustida turib, yetti aylanib tavof qildilar.
Rasululloh Makkani fath qilib kirgan kunlarida Baytullohga uch yuz oltmish but osilmish
edi. Rasululloh qo‘llarida tutgan tayoqchalari bilan:
— Haq keldi, botil yo‘qoldi, — deb ularga ishorat qilur edilar.
Qaysi biriga qarab ishorat qilsalar, tayoq tegmasdan turib tuban yiqilur edi. Baytulloh
ichida Hazrati Ibrohim va Hazrati Ismoillarning ham haykallarini yasagan edilar. Mana
shu birinchi kirgan kunlaridayoq Ka’ba ichidagi mushriklar asarlaridan hech narsa
qoldirmay tozalatdilar. Shu kundan e’tiboran butun Arabistonda butparastlik yo‘qola
boshladi. Islom shariatida zaruratsiz surat ushlashga ruxsat yo‘qligining ham sababi shu
edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkaga kirgan kunlarida, qarshilik qilmagan
kimsalarga qurol qo‘llanilmasin deb, amr qilgan edilar. Lekin Xuzo’a qabilasining Bani
Bakr qabilasidan qasos olishiga ruxsat berdilar. Bu ish ham bo‘lsa shu kunning asr
vaqtigacha cheklanmish edi. Shu kun o‘tgandan keyin umumiy ravishda tinchlik
saqlandi.
Rasululloh Baytullohni tavof qilib bo‘lganlaridan so‘ngra Ka’ba uyining ichiga kirdilar.
To‘rt tarafga qarab takbir aytib, u yerdan chiqib Maqomi Ibrohimga kelib, ikki rakat tavof
namozi o‘qidilar.
So‘ngra zam-zam qudug‘idan suv ichib Baytulloh qarshisiga qarab turdilar. Butun xalq
atroflarini o‘rashib olgan holda, ularning ko‘zlari Rasulullohga tikilib turdi. O‘zlariga ozor
berganlarga, o‘z vatanlarini tashlab chiqmoqqa majbur etgan kishilarga qarata nima ish
qilur, ularga qanday jazo berur ekan deb, barchaning ko‘ngliga kelur edi.
Lekin Rasulullohning o‘ch olib nafs qondirish, o‘zi uchun g‘azablanish va mana shu
yanglig‘ narsalardan ko‘ngillari pok edi. Yo‘q esa amakilari Hazrati Hamzani o‘ldirilganiga
qanoat qilmay, quloq-burunlarini kesib, ko‘zlarini o‘yib, bag‘rini chaynagan Abu Sufyon
xotini Hindning nechuk gunohini kechgay edilar? Xudo Qur’onda: «Va ma arsalnaka illa
rohmatan lil a’lamin», ya’ni: «Barcha olamga seni rahmat uchun yubordik», deb aytgan
so‘zi haqiqat ekanini Rasululloh har bir ish ustida isbot qilib, butun olamga buni
ko‘rsatdilar.
Mana, Rasulullohning bu qilgan ishlaridan barcha ummatlari ibrat olishlari lozimdur.
Haqiqiy chin mo’min ersa, aning g‘azabi va rizoligi Alloh uchun bo‘lgay, har bir qilgan
ishida ko‘pchilik xalq foydasini kutgay. Xalq foydasini kutgan bo‘lib, o‘z nafsiga qurol
qilmagay. Haqiqiy chin musulmon kishining qilar vazifasi shuldur. Bu yo‘lda ko‘rsatgan
xizmatlari uchun hech kimsadan tashakkur kutmagay. Islom shariatining ko‘rsatgan yo‘li
shuldur. Har ishni Xudo uchun qilishi ersa, yaxshi-yomon xalq so‘zidan aning parvosi
yo‘qligidandir.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ilib, o‘zlariga ko‘z tikishib turgan ko‘pchilik
xalqqa qarab:
— Ey Quraysh xalqi, o‘zinglarcha meni qanday ish qilar deb o‘ylagaysiz? — dedilar.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |