www.ziyouz.com kutubxonasi
239
aytgan so‘zlarining gunohlarini kechirgil, — deb duo qildilar.
Ikrimaning kelayotganini ko‘rib, suyunganlikdan o‘rinlaridan turib, arablar odaticha:
«Marhabo, xush kelding» deb ridolarini uning ostiga solmish edilar.
Ikrima iymonga kirmasdan ilgari urush maydonida bir sahobani o‘ldirmish edi. Buni
ko‘rib Rasululloh kuldilar. Anda sahobalar:
— Yo Rasulalloh, bizdan bir kishi dushman qo‘lida o‘ldirilganlikdan musibat ustida
erurmiz. Bu holda turgan chog‘da kulishingizga nima sababdur? — deb so‘radilar.
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Bu ikkovining jannatda bir o‘rinda o‘ltirganlarini ko‘rdim. Bu yerda ersa bir-birlarini
o‘ldirishurlar. Shunga ajablanib kuldim, — dedilar.
Yana bir kuni Rasululloh tush ko‘rdilar ersa, jannatga kirmish erurlar. Anda har xil
uzumlar pishib turgan bir bog‘ni ko‘rib: «Bu joy kimning bog‘i bo‘lgay?» deb so‘radilar.
Anda farishtalar: «Abu Jahlning joyidur», deb javob berdilar. Rasululloh: «U jannatga
qandoq kirgay, jannat mo’minlarning joyidur», dedilar. So‘ngra Ikrimaning Islomga
kirganini ko‘rgach, otasi Abu Jahl haqida ko‘rgan tushlarini o‘g‘li Ikrimaga yo‘ridilar.
Shuning uchun Rasulullohning bu qilganlaridan ulgu olib, tush yo‘rimchilar qay bir
vaqtlarda otaga ko‘rgan tushni bolaga, bolaga ko‘rganni otaga yuritdilar. Bu yerda
Rasulullohning Abu Jahlni ko‘rgan tushlari ersa, o‘g‘li Ikrimaga to‘g‘ri keldi.
Hazrati Ikrima Islomga kirgan kunidan boshlab, vafot bo‘lgunchalik katta o‘rinlarda,
muhim xizmatda bo‘lib keldi. Hazrati Abu Bakr Siddiq xalifalik davrlarida Shom o‘lkasini
fath qilish uchun Xolid ibn Valid qo‘mondasida Suriyaga qirq olti ming Islom askari bilan
kirmish edi. Bularga qarshi Rum podshosi Qaysar Hirakl tomonidan yuborilgan ikki yuz
ellik ming kuffor askari bilan Yarmuq degan yerda to‘qnashdilar. O‘zlaridan to‘rt-besh
barobar ortiq bo‘lgan kuffor askarini shu yerda qattiq yengdilar. Bu esa Rum tuprog‘ida
dastlab kirgan Islom askarining birinchi g‘alaba qozonishi edi. Shu urush tugaguncha
bosh qo‘mondon Xolid ibn Valid qo‘lida sakkiz qilich singanligi mashhur tarixlarda
yozilmishdur.
Hazrati Ikrima ham shu qo‘shin ichida bir firqa askar boshlig‘i bo‘lib Shom g‘azotiga
chiqmish ekan. Yarmukda bo‘lgan qattiq urushda shahodat topdi. Raziyallohu anhu.
Islomga kirmasdan ilgari, yuqorida yozilganicha, urush maydonida bir sahobani shahid
qilgan edi. Islomga kirgandan keyin, Shom tuprog‘iga o‘tib, Yarmuq urushida o‘zi
shahodat topdi. Har ikkovi jannatning oliy maqomida birga o‘ltirganlarini ko‘rib,
Rasululloh kulgan edilar. Buning sirini shu choqqacha hech kishi bilmagan edi. Qachon
bu kishi Yarmuqda shahodat topdi ersa, kulganlarining siri shunda ma’lum bo‘ldi.
Ikrima kelmasdan turib Rasululloh sahobalarga qarab:
— Ikrima kelib iymon keltirur, uning otasi Abu Jahlni so‘kib, yana o‘g‘liga ozor
bermanglar. O‘liklarni so‘kish, ulardan qolgan tiriklarini haqorat qilishdur, — dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka fath bo‘lganidan so‘ng, u joyda o‘n to‘qqiz
kun turdilar. So‘ngra Makkadan yuz chaqirim chamalik uzoqlikdagi Toyif shahriga
yurmakchi bo‘ldilar. Toyif shahrida Bani Saqif qabilasi yashamoqda edi. Bu safarda
askarga sarf qilmoq uchun uch nafar Quraysh raislaridan bir yuz o‘ttiz ming tanga qarz
oldilar. Safvon ibn Umayya ellik ming tanga qarz berdi. Abdulloh ibn Abi Rabiy’a,
Xuvaytib ibn Abdul Uzzo — bu ikkovidan sakson ming tanga olib, jami bir yuz o‘ttiz ming
tanga bo‘ldi. So‘ng bu pullarni askar ichidagi chog‘aylarga ulashtirdilar. Keyin Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam Safo tog‘iga chiqib o‘ltirib, barcha yig‘ilmish kishilardan Islom
dini uzra bay’at oldilar. Kelgan kishilar:
«Ashhadu alla ilaha illallohu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rosuluhu».
Ya’ni: «Allohning birligiga, aning quli Muhammadning payg‘ambarligiga ishondim» deb,
Rasulullohning qo‘llarini tutib turgan holda iymon keltirur edilar.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |