www.ziyouz.com kutubxonasi
241
Agar dushmandan yengilar bo‘lsak, mol-jon ketib, yana xotin-bolalarimizni
dushmanlarimiz asir, mollarimizni o‘lja qilgaylar. Bu ishdan hech qanday foyda biz uchun
chiqmaydur. Endi men maslahat berurman, bu fikrdan qaytib, xotin-bolalarni tarqatib,
o‘z joylariga qaytargaysan, — dedi.
Yana shunga o‘xshash bir qancha tajribalik ishlarni aytdi ersa, hech birini ham qabul
qilmay:
— Sen qarilikdan o‘tib, aljib qolibsan, — deb qo‘pollik bilan unga javob qaytardi. Yo‘q
ersa buning maslahatidan chiqmaslikka o‘zi va’da bergan edi.
So‘ngra qari bahodir buning so‘zidan ko‘ngli og‘rib:
— Ey Havozin xalqi, bu kishi ersa menga bergan va’dasini o‘zi buzdi. Ko‘rsatgan yo‘limga
yurmadi. Bundan boshqa foyda berarli menda hech ish yo‘qdur. Foyda o‘rniga ziyon
chiqarmu deb, qo‘rqib qoldim. Ish bunday bo‘lgach, meni o‘z yerimga yetkazinglar,
qaytgayman,— dedi.
Anda askar boshlig‘i qilichini qo‘liga oldi va:
— Ey xalq! Agar menim shu fikrimga yurmas ekansiz, shu qilichimni ko‘ksimdan qo‘yib,
orqamdan chiqargayman, — deb o‘zini o‘ldirmoqqa qasd qildi. Buni ko‘rgan askar
boshliqlari:
— Qanday bo‘lsa ham senga itoat qildik, sening so‘zing bilan yurgaymiz, — deb har
tomondan qichqirdilar.
Ulardan va’da olgandan so‘ngra askar tartibini tuza boshladi. Otliq askarlar oldingi safda
turdilar. Bular keyinidan nayzalik piyodalarni qo‘ydi. Buning ortidan tuya mingan xotin-
bolalar qalin saf bog‘lab turdilar. Qolgan hayvonlar — qo‘y, echki, sigirlarni bir-birlariga
bog‘lab, qochganlar o‘tolmagudek qilib zich bog‘lab eng orqaga turg‘uzdi.
Bu xabar Rasulullohga borib yetgach, so‘z kelturmak uchun tingchi qilib ikki kishini
yubordilar. Bular borib ularning urush o‘rnini bilib, xotin-bola, mol-chorvalari bilan
ko‘chib kelgan xabarini keltirdilar.
Rasululloh bu so‘zni anglagach, kulimsirab:
— Ertaga, inshaalloh, bu narsalar barchasi musulmonlarga o‘lja bo‘lg‘ay, — dedilar.
Dushman ustiga yurishdan ilgari askarga ko‘rik o‘tkazish lozim edi. Ko‘rik qilgandan
so‘ngra qarasalar, qurol-yarog‘ yetarlik chiqmadi. Anda Quraysh raislaridan Safvon ibn
Umayyada urush asboblari borligini anglab, Rasululloh undan so‘radilar. U chog‘da bu
kishi iymon keltirmagan edi.
Anda ul:
— Ey Muhammad, zo‘rlik bilan bo‘lmay, omonat tariqasida olur bo‘lsang, yo‘qolsa
to‘lanur bo‘lsa, bor qurolimni bergayman, — deb yuz kishilik qurol keltirdi.
Rasululloh:
— Bu yarog‘lar esa bizda omonat bo‘lg‘ay, hojat o‘talgandan so‘ngra o‘zingga
qaytargaymiz, — dedilar.
Yana o‘zlarining yaqin qarindoshlari Horis o‘g‘li Navfaldan uch ming kishilik nayzani
urush o‘tgandan keyin o‘ziga qaytarish sharti bilan omonat oldilar. Shuning bilan urush
asboblari tugallangan bo‘lib, yurishga buyurdilar. Qarasalar, askar soni o‘n ikki ming
bo‘lmishdur. Bulardan o‘n ming askar madinalik ersa, ikki ming askar Makkadan
qo‘shilmish edilar. Yana bulardan boshqa otliq, yayov, qari-qartang, xotin-xalajlar ham
ko‘p edi. O‘lja olish umidi bilan chiqqan kishilar ham oz emas edi.
Safvon ibn Umayya, Suhayl ibn Amr va shunga o‘xshash iymon keltirmagan Quraysh
raislariga qo‘shilib, mushriklardan ham sakson kishi chiqdilar. Bularning maqsadlari ersa,
o‘lja yoki payt topsalar o‘ch olmoq edi. Shuning bilan yurib-o‘ltirib, dushman yeriga
yaqin kelganda, askarga saf bog‘latib, ularga tug‘, bayroq topshirdilar. Muhojir
sahobalarga: Hazrati Umar, Hazrati Ali, Hazrati Sa’d ibn Abi Vaqqosga uch tug‘ berildi.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |