www.ziyouz.com kutubxonasi
242
Ansor sahobalarga ersa ikki tug‘ berildi. Xazraj tug‘ini Hubob ibn Munzir, Avs tug‘ini
Usayd ibn Xuzayr oldi.
Qolgan qabilalarga ham o‘z tartiblaricha tug‘, bayroq topshirildi. Shuning bilan oldga va
ortga qorovul qo‘yib, dushman sari yo‘lga tushdilar. Makka bilan Toyif shahri oralig‘i
baland tog‘liq bo‘lganidan Hunayn degan joyga kelganda pistirma bo‘lib yotgan dushman
tomonidan to‘satdan hujum boshlandi. Chunki bu yerlar bir-biriga tutashgan qalin tog‘liq
joylar edi. Jilg‘a, qo‘ltiq-qulotga o‘xshash tog‘ ichidagi pana o‘rinlarga askar
bahodirlaridan birmuncha kishilarni pistirma qo‘yishgan edilar. Islom askarining oldingi
orovul bo‘lugi ikki yog‘i egiz (baland) qisilgan tor yo‘lda kelayotib to‘satdan bularga
urinib qoldi. Bo‘xtirmachilar dastlab ha degandayoq bularni o‘qqa tutdilar.
Tor yerda otliq askarlarning o‘qqa qarshi chidab turmog‘i ularning ajalga to‘g‘ri kelmagi
demakdir. Nochor ot jilovini burishib, orovul bo‘lugi orqaga chekindi. Orqada cho‘zilib
kelayotgan askarlar bularni ko‘rib, nima ekanini bilmay qochgali turishdi. Shuning bilan
tog‘ ichida kelayotgan o‘n ikki ming qo‘shin bir-biridan hurkishib hammalari qochishga
boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu kuni ersa xachirlariga minib, urush
qurollarini butunlay taqingan edilar. Sel qoplagandek olomon askarining qochgani
Rasulullohga qilchalik ta’sir qilmadi. Shu turgan joylaridan bir qadam orqaga
chekinmadilar. Hoy kishilar, menim yonimga yig‘ilinglar, deb qichqirur edilar. Lekin
hurkkan xalqning ko‘pligidan Rasulullohning tovushlari eshitilgan bo‘lsa ham, qaytishga
hech kimarsa yo‘l topa olmas erdi. Rasulullohni o‘rtalariga olib o‘rab kelayotgan
sahobalarning ko‘pchiligi bu to‘polonchilikda tarqalishib ketdi. Bu yerda bir necha
sanoqlik kishilar bilan Rasululloh o‘zlarigina qoldilar. Amakilari Hazrati Abbos jilovlarini
tutgan edi. Yana amakizodalaridan Abu Sufyon, Robia, Muattib — bular ersa har ikki yon
uzangilarini ushlashib Rasulullohni dushmandan saqlamoqda edilar. Hazrati Abu Bakr
Siddiq, Hazrati Umar, Hazrati Ali, Fazl ibn Abbos — bular dushmanni yaqin keltirmasdan
Rasulullohni qo‘riqlab urib turdilar. Bularning qattiq zarbidan Rasulullohga
dushmanlardan hech kimarsa yaqinlasha olmadi. Lekin kutilmagan ulug‘ hodisa
birdaniga paydo bo‘lishi bilan, ko‘p kishilar shoshib qoldilar. Katta sahobalardan Hazrati
Qatoda:
— Hay, bu qandoq ishdur? Bu musulmonlarga nima bo‘ldi? — deganida, Hazrati Umar
ham hayronlikda qolib:
— Nima bo‘lsin, Allohning ishidur, — dedi.
Bular aytganlaridek bundoq dahshatli voqea hech bo‘lmagan, odatdan tashqari bir ish
edi.
Buni ko‘rgan makkalik yangi musulmonlardan, hali iymon keltirmagan yuzga yaqin
Quraysh mushriklaridan har xil so‘zlar chiqqali turdi. Ko‘ngillaridagi yashirin, yomon
sirlarni saqlab turolmasdan suyunib ketib, tillariga chiqardilar. Bulardan eng birinchi
boshlab, yomon tili chiqqan kishi. Abu Sufyon edi. Buning tili musulmon ersa ham, dili
shaklik bo‘lib, mushriklar odaticha to‘lga o‘qlarini o‘qdonga solg‘on, o‘zi bilan birga
kelturgan edi. Bu kishi suyunganidan chidab turolmay, bu so‘zni aytdi:
— Qasam qilurman, Havozin xalqi Muhammadni yengdi, endi bu qochgan musulmonlar
dengizga yetmaguncha to‘xtayolmagaylar.
Buning so‘zini Safvon ibn Umayya angladi ersa:
— Hoy, og‘zingga tuproq to‘lsin! Havozindan chiqqan bir kishiga bo‘ysunganimizdan
Qurayshning bir kishisiga bo‘ysunganimiz ortiqroqdur, — dedi.
Tag‘in birisi turib:
— Endi arablar ota-bobosining diniga qaytajakdur.
Yana biri turib:
— Mana bugungi kunda sehr buzildi, — dedilar.
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |