www.ziyouz.com kutubxonasi
245
Bu yerda yengilgan dushman askarlari ersa uch yoqqa bo‘linib qochdilar. Bulardan bir
bo‘lagi Toyif shahrining qal’asiga kirib qamaldilar. Ikkinchisi ersa Nahla degan joyga
yetib shunda to‘xtadilar.
Uchinchi eng ko‘p bo‘limlari Avtos degan yerda to‘planishib, qaytadan urushmoqchi
bo‘ldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu xabarni angladilar ersa, tezdan borib ularni
bosish uchun Abu Omir Ash’ariy qo‘mondasida bir firqa askar yubordilar. Bular dushman
ustiga borishib, birinchi to‘qnashdayoq ular yengilib, birmuncha o‘lik qoldirib qochisha
boshladilar. Lekin askar boshlig‘i Abu Omir bu urushda shahid bo‘ldi. Abu Muso Ash’ariy
buning inisi edi. Og‘asi Abu Omir shahid bo‘lgandan so‘ngra uning o‘rniga o‘ltirib, o‘lja
olingan mollarini olib, Rasululloh qoshiga qaytdi.
So‘ngra Rasululloh u yerdin qo‘zg‘alib Toyif shahri ustiga keldilar. Kelayotgan yo‘llari
ustida dushman askarining boshlig‘i Avf ibn Molikning qo‘rg‘oni bor edi, uni. Rasululloh
buzmakka buyurdilar. Toyifga kelib qarasalar, dushmanlar qachonlardur kelishib qal’aga
qamalishgan ekan. Bir yilga yetarlik oziq-ovqatlarini ham g‘amlab olishibdur. Shundoq
bo‘lsa ham musulmonlar qal’ani qurshab olib, qamal qilishga kirishdilar. Dushmanlar
ersa qal’a ustidan turib bularni o‘qqa tutdilar. Sahobalardan bir nechalariga o‘q tegib
yaralandilar.
Bular ichida Hazrati Abu Bakr Siddiq o‘g‘li Abdulloh qattiqroq yaralangan edi. Shu
yaradan sog‘aya olmay yurganicha bir necha yillar o‘tib, otasi Abu Bakr Siddiq xalifalik
zamonlarida vafot topdi, raziyallohu anhu.
Shunday qilib, Toyif shahrini o‘n sakkiz kun qamal qildilar. Har kuni Xolid ibn Volid
maydon ichida qani chiqsun deb, dushmandan o‘ziga bahodir chaqirib turgan bo‘lsa
ham, uning qarshisiga hech kim chiqa olmadi.
Bir kuni Saqif qabilasining raisi Abdu YOlayl qal’a ustidan turib qichqirib:
— Ey Muhammad, bu qal’ani olishga ovora bo‘lib ko‘p urinmanglar, bizlar esa hech vaqt
qal’adan chiqib urush qilmaymiz. Boshimizga shunday kunlar kelishini kutib turganlikdan
g‘amlagan ovqatimiz o‘zimizga yetarlidur. Agar yillar o‘tguncha ustimizdan ketmay
qamal qilib tursangiz, ovqatimiz kamayib qolsa, u chog‘da barchamiz yalang qilich bo‘lib
seldek qoplab ustingizga quyulurmiz. Nima ish bo‘lur ekan, uni baxtimizdan ko‘ramiz, —
dedi.
Bunga ham qaramay, o‘shal zamonning urush asbobi manjaniq, dabboba degan
qal’abuzar qurollar keltirib ishlatdilar. Shahar atrofidagi uzumzor, xurmozor bog‘larni
kesib vayron qilishga Rasulullohdan ruxsat olishib, birmunchasi kesilganida, Xudo haqqi
bu ishni qo‘yinglar, deb qal’adan qichqirishdi. Buni anglab: «Xudo uchun buni qo‘ydim»,
dedilar.
Yana Rasululloh qal’a ichidagi qullardan kim qochib chiqar ekan, uni qullikdan ozod
qilgaymiz, deb jar chaqirdilar. Buni anglashib qullaridan yigirma uch kishi qochishib
chiqdi. Bu ish ularga qattiq zarba berib, o‘z ichlaridagi borliq qullar buzilishga boshladi.
Shu orada G‘atafon qabilasining raisi Uyayna ibn Hisn xalqqa jon kuydirgan bo‘lib,
Rasululloh qoshiga keldi. Payg‘ambarimiz buni obro‘ylik ahmoq der edilar. Tilida
musulmon bo‘lmish ersa ham iymon ko‘ngliga aniq kirmagan edi.
— Yo Rasulalloh, agar ruxsat qilsangiz qamalda yotgan dushman qal’asiga kirib, ularni
Islom diniga da’vat qilgay edim. O‘zlari ham bizdan shunday bir bahona kutib turgan
bo‘lsalar kerak, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Bu yaxshi ishdur, — deb ruxsat berdilar.
So‘ngra bu kishi dinga da’vat qilish o‘rniga, ularga:
— Ey Saqif xalqi bu ish ustida zinhor bo‘shashmanglar, har qanday og‘irchilik bo‘lsa ham
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
Do'stlaringiz bilan baham: |